Prezident Jizzax viloyati boʻyicha asosiy vazifalarni belgilab berdi
Mahallalarga lider tadbirkor – eksportchilar biriktiriladi. Xonadonlarga Oilaviy tadbirkorlik dasturidan 33 million soʻmdan, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 million soʻmdan kredit ajratadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan yigʻilishda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yigʻilishda aytilishicha, Jizzax viloyatida iqtisodiyotni yangi bosqichga koʻtarish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish uchun mavjud salohiyat toʻliq ishga solinmayapti. Viloyat va tumanlar rahbariyatining bu boradagi faoliyati juda sustligi koʻrsatib oʻtildi.
Soʻnggi uch yilda Jizzaxda yillik aylanmasi 1, 10 va 100 milliard soʻmdan yuqori korxonalar koʻpaygani bilan oʻrta korxonalar sonining oʻsish surʼati kutilganidek boʻlmayapti.
Viloyat ekin yerida yetishtirilayotgan mahsulot boshqa viloyatlarga nisbatan 2 barobar kam.
Hudud sanoatining 80 foizi 3 ta tarmoq – avtomobilsozlik, toʻqimachilik va qurilish materiallari hissasiga toʻgʻri keladi. Farmatsevtika, charm-sanoat, metallurgiya, mebelchilik, elektrotexnika kabi tarmoqlarning ulushi juda kam.
Oʻrganishlar natijasida Jizzaxning 13 ta tumanida iqtisodiy turtki beradigan yangi imkoniyat va zaxiralar aniqlangani taʼkidlandi. Prezident ushbu imkoniyatlarni Zarbdor tumani misolida tushuntirib, ularni ishga solish uchun 130 milliard soʻm ajratishga topshiriq berdi.
Zarbdor tumanidagi “DM-1” kanalidan suv ichadigan Istiqbol, Nurafshon, Namuna, Gʻalaba mahallalarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinsa, dehqonlarning 1 ming gektar yerida, shuningdek, tuman yoshlariga boʻlib berilgan 3 ming gektarda qovun yetishtirish va uni qayta ishlash orqali 28 million dollar eksport qilish mumkin.
Zarbdorni 12 ming gektar yerlari “DM-3” kanalidan eng samarali boʻlgan oʻzi oqar yopiq quvur usulida suv olishga moʻljallangan. Lekin uning 160 kilometri yaroqsiz holga kelgan.
Mutasaddilarga kanalni taʼmirlash loyihasini kelgusi yil investitsiya dasturiga kiritish topshirildi.
Shunday sugʻorish tarmogʻini Zomin tumaniga ham tortib borish muhimligi qayd etildi.
Zarbdor hududidan oʻtgan Qoʻqon - Jizzax avtomobil yoʻli chetidagi 55 gektar, Yangiobodda 700 gektar eski pistazorlarni yangilab, 5 gektardan aholiga boʻlib berish taklifi maʼqullandi.
Shuningdek, Zarbdorda sotilmay qolayotgan 10 ta va xususiylashtirish dasturiga kiritilgan 6 ta obʼektning boshlangʻich bahosini 10 foizgacha pasaytirib, 5 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilsa, tadbirkorlar loyiha qilishi va 200 ta ish oʻrni yaratilishi mumkinligi taʼkidlandi.
Prezident viloyat boʻyicha asosiy vazifalarni belgilab berdi.
Jizzaxda tomorqalarni ishga solish boʻyicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi.
Lider tadbirkor – eksportchi uchun har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib tomorqada 50 million soʻm daromad qiladigan moliyaviy xizmat paketi ishlab chiqiladi.
Bu borada banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3 yil muddatga 1,5 milliard soʻmgacha kreditlar ajratadi, byudjet hisobidan agronom jalb qilish, oʻqitish, mahallada yigʻish, saqlash va quritish punktlarini tashkil qilish uchun 1 milliard soʻmgacha grantlar beradi, xonadonlarga Oilaviy tadbirkorlik dasturidan 33 million soʻmdan, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 million soʻmdan kredit ajratadi.
Kam hosil berayotgan yerlar 50-100 gektardan yirik lot shaklida, qolgani 1-5 gektardan lotlarga boʻlinib, meva-sabzavot ekadiganlarga taklif qilinadi.
Yirik maydonda mahsulot ekadiganlar qolgan kichik maydon egalarini ham shu yoʻnalishga tortadi.
Shular hisobiga viloyatda meva-sabzavot yetishtirish hajmi ikki yilda 3 million tonnaga, keyinchalik 5 million tonnaga olib chiqilishi reja qilingan. Bu mos ravishda qayta ishlash va eksportni ham 2-3 barobar oshirishga zamin boʻladi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, avtomobilsozlikda yirik uzelli yigʻish usulidan toʻliq texnologik siklga oʻtilgani yaxshi natija boʻldi.
Endilikda tarmoq rahbariyati oldida kelgusi uch yilda sohaga 1 milliard dollar investitsiya jalb qilib, avtomobil ishlab chiqarish quvvatini 100 mingtaga oshirish, 10 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratish vazifasi turibdi.
Kooperatsiya asosida 365 turdagi butlovchi qismlarni oʻzimizda chiqarishni yoʻlga qoʻyib, mahalliylashtirish darajasini 50 foizga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Bu yil viloyatda 4,5 ming xonadonli 118 ta uy-joy qurish reja qilingan.
Davlatimiz rahbari bu yetarli emasligini qayd etib, uy-joy qurilishini koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi. Doʻstlik tumanidagi “barak” uylar oʻrnida yangi uy-joy qurish tajribasi asosida qolgan tumanlardagi 2 mingga yaqin eski uylar oʻrnida 50 ming xonadonli zamonaviy uylar qurish dasturini tasdiqlash topshirildi.
Zomin, Baxmal va Forishda ham uy-joy qurish dasturlari boshlanadi.
Telegramda kuzatib boring!