Trampning "Ukraina boʻyicha maxfiy rejasi" oshkor boʻldi

U avval prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozonsa, "Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushni 24 soat ichida toʻxtatishi"ni va tomonlarni muzokara stoliga oʻtkazishini aytgan edi.

Jahon
8-aprel, 10:00
Trampning "Ukraina boʻyicha maxfiy rejasi" oshkor boʻldi

Washington Post gazetasi anonim manbalarga asoslanib yozishicha, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp agar  Oq uyga qaytsa, Kiyevga bosim oʻtkazib, Ukrainadagi urushni toʻxtatish niyatida.

Gazetaning rejadan xabardor boʻlgan suhbatdoshlari Ukraina oʻz hududining bir qismi, jumladan, Qrim va Donbassdan voz kechishiga toʻgʻri kelishini aytishgan.

Bu yondashuv Ukrainani harbiy qoʻllab-quvvatlash va Rossiya agressiyasiga qarshilik koʻrsatishga urgʻu bergan AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden siyosatiga tubdan ziddir.

Donald Tramp avvalroq prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozonsa, "Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushni 24 soat ichida toʻxtatishi"ni va tomonlarni muzokara stoliga oʻtkazishini aytgan edi.

Trampni qoʻllab-quvvatlovchi tashqi siyosat boʻyicha maslahatchilar va strateglar NATOning yanada kengayishiga qarshi (aslida Ukrainaning tashkilotga qabul qilinishiga qarshi) va Vashington AQSh manfaatlariga Xitoydan kelayotgan tahdidlarni zararsizlantirishi va Rossiyaning Pekinga harbiy, sanoat va iqtisodiy sohalarda qaramligi yanada oshishiga yoʻl qoʻymaslik kerakligini taʼkidlamoqda, deb yozadi Washington Post.

Shaxsiy suhbatda Tramp Rossiya ham, Ukraina ham mavjud vaziyatdan "oʻz yuzini saqlab qolishni, chiqish yoʻlini istashiga" ishonishini va Ukrainaning ayrim hududlari aholisi Rossiyaning bir qismi boʻlishga qarshi emasligini aytgan. 

Baʼzi Tramp tarafdorlari uni bu yondashuvdan voz kechishga koʻndirishga harakat qilishgan

Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi gazetaning ushbu maqola haqidagi savollariga bevosita javob berishdan bosh tortdi.

"Trampning rejasi haqidagi har qanday taxminlar nima boʻlayotgani yoki nima boʻlishi haqida hech qanday tasavvurga ega boʻlmagan nomaʼlum va maʼlumotga ega boʻlmagan manbalardan keladi", dedi uning saylovoldi tashviqoti vakili Karolin Leavitt.

"Prezident Tramp qirgʻinni toʻxtatish haqida gapirayotgan yagona odam", - deya qoʻshimcha qildi u.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+