Toshkentda koʻp qavatli uylarni taʼmirlashga ajratilgan pullar talon-toroj qilindi

Pul oʻzlashtirganlar orasida Toshkent shahar "Yagona buyurtmachi xizmati" xodimi ham bor.

Jamiyat
8-aprel, 17:00
Toshkentda koʻp qavatli uylarni taʼmirlashga ajratilgan pullar talon-toroj qilindi

Toshkentda MChJ rahbari, ish boshqaruvchi va "Yagona buyurtmachi xizmati" mutaxassisi oʻzaro til biriktirib katta mablagʻni oʻzlashtirgani aniqlandi. Bu haqda jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudi hukmida maʼlum qilingan. Sud hukmi Platina.uz tahririyatida mavjud. 

Unda ayblanuvchi R.I. bir guruh shaxslar bilan oʻzgalar mulkini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilish, ishtirokchilikda mansab soxtakorligida ifodalangan jinoyatlarni sodir etgan. 

Toshkent shahar hokimligi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi DUK hamda “Sardor invest mega building” MChJ oʻrtasida 2023 yil 15 mart kuni  Yunusobod tumanidagi koʻp qavatli uylarning ichki muhandislik tarmoqlarini joriy taʼmirlash boʻyicha  jami  7 662 007 540  soʻmga  shartnoma tuzilgan, coʻngra kelishuv 13 800 006 681 soʻmga oshirilgan. Sudlanuvchi R.I. MChJ direktori E.A va "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring  kompaniyasi  DUK  Loyihalarni  boshqarish va qurilishni texnik kuzatish boʻlimi bosh mutaxassisi Sh.M bilan til biriktirib davlat byudjetidan moliyalashtirilgan 6 050 033 347 soʻm pul mablagʻlaridan 533 119 190 soʻm miqdordagi pul mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.  

Amalda esa 43 ta koʻp qavatli uylarning ichki muhandislik tarmoqlarini taʼmirlash, polimer quvurlari, isitish tizimi quvurlarini hamda ushbu quvurlarni bir- biriga ulovchi mexanizmlarni oʻrnatilganligi hamda boshqa shu kabi ishlarni amalga oshirilganligi toʻgʻrisida bajarilgan ishlar dalolatnomalariga soxta maʼlumotlarni kiritilib, ushbu dalolatnomalar buyurtmachiga taqdim qilingan.  

R.I. dastlabki tergov jarayonida iltimosnoma bilan murojaat qilib, unda aybiga toʻliq iqrorligini bildirdi. Tergov jarayonida yetkazilgan 533 119 190 soʻm zarar summasi, “Sardor invest mega building” MChJ toʻlab berilishi lozim boʻlgan pul mablagʻlaridan chegirib qolingan.

Hukmga koʻra, ayblanuvchi R.I. JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 28 va 209-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Natijada unga uzil-kesil ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 (bir) yil 6 (olti) oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+