“Xalq banki”ning buxorolik mansabdori katta pulni oʻzlashtirdi

Jinoyat ishlari boʻyicha Nurota tuman sudida katta mablagʻni oʻzlashtirgan sobiq bankir va uning sherigiga sud hukmi oʻqildi. 

Jamiyat
6-aprel, 17:34
“Xalq banki”ning buxorolik mansabdori katta pulni oʻzlashtirdi

Jinoyat ishlari boʻyicha Nurota tuman sudining ochiq sudida katta miqdordagi kredit mablagʻlarini oʻzlashtirib yuborgan shaxslarga hukm oʻqildi.  Ular biri M.M AT “Xalq banki” Buxoro shahar filiali boshqaruvchisi oʻrinbosari lavozimida ishlagan. Sud hukmi Platina.uz`da mavjud. 

Sud hujjatida aytilishicha, M.M 2018-2021 yillarda AT “Xalq banki” Buxoro viloyati Buxoro shahar filiali boshqaruvchisi oʻrinbosari – kreditlar monitoringi va muammoli kreditlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan. U yana bir ayblanuvchi Sh.E va  boshqa bir MChJ rahbari bilan til biriktirib “gʻisht ishlab chiqarish uchun aylanma pech qurish maqsadida qurilish mollari sotib olish uchun” 900 mln. soʻm miqdoridagi maqsadli kredit ajratib, ushbu pullarni kelgusida naqdlashtirib olib, qoʻlga kiritishni rejalashtirgan. Jinoiy sheriklar 36 oy muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan yillik 28 foiz ustama haqi toʻlash sharti bilan 900 mln.soʻm miqdorida kredit mablagʻlarini ajratilishiga erishib, avval 425 mln. soʻm, soʻngra 75 mln. soʻmni soxta hujjatlar orqali toʻgʻrilab, bankning 500 mln. soʻmini talon-toroj qilgan.

Shu kabi sudlanuvchi M.M. oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, jinoiy sherigi Sh.E ga toʻlov maʼlumotnomalariga uning roziligi bilan imzo va muhr qoʻydirib olgan. Pul mablagʻlari koʻchirilgan “Temur Qobil” MChJ va “Gala Osiyo Trans Logistik” MChJlarga koʻchirilgan jami 500 mln. soʻm miqdoridagi kredit mablagʻlari evaziga ushbu jamiyatlar tomonidan mahsulot yetkazib berilmaganligi va xizmat koʻrsatilmaganligi aniqlangan. 

Sudlanuvchilar M.M va Sh.E.larning aybi, shuningdek jinoyat ishining surishtiruv va tergov hujjatlari bilan
MChJlar hisob raqamlaridagi pul mablagʻlari aylanmasi, tushuntirish xatlari, soʻroq qilish bayonnomalari hamda jinoyat ishida mavjud boʻlgan boshqa obʼektiv dalillar bilan toʻliq isbotlandi. Shuningdek, ular yetkazilgan zararni toʻliq qoplagani jazoni yengillashtiruvchi holat deya topildi. 

JKning 167- moddasi 4-qismidagi “Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi” deb koʻrsatilgan qonun normasiga rioya etilib, sudlanuvchilarga quyidagicha jazolar tayinlandi:

- M.Mga JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan JKning 45-moddasini qoʻllab, 2 (ikki) yil muddatga muayyan huquqdan, yaʼni Bank tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 (ikki) yil 6 (olti) oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. 

- Sh.E.ga esa uzil-kesil ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 (ikki) yil 7 (yetti) oy axloq tuzatish ishlari jazosi berildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+