Oʻzbekistonga avtomobil importi keskin ortdi: foyda va zararlar
Isteʼmol bozorida talabga nisbatan taklif ortsa, narx-navo optimallashadi. Lekin shu bilan birga milliy valyuta zaiflashib, valyuta ulushi qisqarishi mumkin.

Statistika agentligining dastlabki maʼlumotlariga koʻra Oʻzbekiston 2024 yilning yanvar-fevral oylarida xorijdan qiymati 383,1 million AQSh dollariga teng boʻlgan 17 553 dona yengil avtomobil import qilgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 12 527 taga oshgan.
Shu oʻrinda avtomobil importining foyda va zararlarini atroflicha tahlil qilish ayni muddao.
Avvalo, tan olish kerakki, import qilinayotgan mashinalar sifat jihatdan ancha ustun va zamon talabiga javob bera oladi. Endi, tasavvur qiling: shunday mashinalar oqimi mamlakatga yoʻnalgan bir paytda mashinasozlik sohasida qizgʻin, sogʻlom raqobat paydo boʻladi. Pirovardida, innovatsion texnologiyalardan keng foydalanib, raqobatbardosh mashinalar ishlab chiqarishga erishiladi.
Ikkinchidan, isteʼmol bozorida talabga nisbatan taklif ortsa, narx-navo optimallashadi. Shubhasiz, bu isteʼmolchilarga foyda boʻladi.
Biroq avtomobil importi ishsizlik darajasi oʻsishiga sabab boʻlishi mumkin. Deylik, raqobatbardosh zavod-korxonalar koʻpaydi va Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobillarga nisbatan talab kamaydi. Natijada, korxonaning daromadlilik darajasi va shunga muvofiq sof foyda keskin tushib ketadi. Oqibatda, yo ish oʻrni qisqaradi yoki ish haqi salbiy koʻrsatkichga kelib qoladi.
Yana bir yomon tomoni shundaki, Oʻzbekistonga avtomobil import qilinishi valyuta ulushi qisqarishiga, inflyatsiya keskin oshib, milliy valyuta kuchi radikal tarzda zaiflashishiga olib kelishi mumkin. Bu iqtisodiy tanglik degani.
Oʻzbekistonga 2024 yilning dastlabki ikki oyida eng koʻp yengil avtomobil import qilingan davlatlar Xitoy (12 808ta), Koreya ( 4 176ta), AQSh ( 455ta), Yaponiya (29ta), Germaniya (27ta)ga toʻgʻri keladi.
Xususan bular orasidan Xitoy hukumati avtomobil ishlab chiqaruvchilarni global avtomobilsozlik sanoatida birinchi oʻringa chiqarish uchun ekologik toza va tejamkor avtomobillarni rivojlantirishni strategik vazifa qilib olganiga ancha yillar boʻlgan.
Soʻgʻdiyona Sobirova,
OʻzDJTU talabasi.