Qozogʻiston prezidenti Xorazmga bordi
Toʻqayevni Urganch xalqaro aeroportida Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev bugun, 5 aprel kuni Xorazmga bordi. Uni Urganch xalqaro aeroportida Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Prezidentlar “Xiva gilamlari” kombinatiga tashrif buyurdilar. Ular korxonaning ishlab chiqarish jarayoni va shourumi bilan tanishdilar, kombinat hududida tashkil etilgan Made in Uzbekistan brendi ostidagi mahsulotlar koʻrgazmasini koʻzdan kechirdilar.
2020 yilda tashkil etilgan qiymati 24 million dollarlik ushbu korxona yiliga 4,2 million kvadrat metr gilam va gilam mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Mahsulotlar AQSh, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston va MDHning boshqa mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Kombinatda Germaniya, Belgiya, Avstriya, Shveysariya, Italiya, Fransiya va Turkiyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar oʻrnatilgan. 750 nafar ishchi mehnat qilmoqda.