platina.uz

Erdoʻgʻon “taxtini tebratgan” saylovlar

Aprel Erdoʻgʻon tarafdorlari uchun yoqimsiz taassurotlar bilan boshlandi: 22 yil ichida ilk marta hukmron partiya saylovlarda yutqazdi. Bu muxolifatning 2003 yildan beri ilk yirik gʻalabasidir. 

Tahlil
5-aprel, 9:50
Erdoʻgʻon “taxtini tebratgan” saylovlar

Aprel oyining ilk kunlari Turkiya prezidenti Erdoʻgʻon tarafdorlari uchun yoqimsiz taassurotlar bilan boshlandi: 22 yil ichida ilk marta hukmron partiya yirik saylovlarda magʻlub boʻldi. Muxolifatning mahalliy saylovlardagi gʻalabasi esa uning 2003 yildan beri eng yirik gʻalabasi boʻldi.

AKP obroʻsi tushib ketmoqda

Turkiyada 31 mart kuni boʻlib oʻtgan mahalliy saylovlar natijalariga koʻra, 81 munitsipalitetdan 36 tasida muxolifatdagi soʻl markazchi Jumhuriyat Xalq partiyasi (JXP) 37,7% ovoz olib gʻalaba qozongan. Prezident partiyasi Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) 35,4% ovoz bilan qolgan. Bu natija 2003 yilda Erdoʻgʻon hokimiyatga kelganidan beri muxolifatning eng yirik gʻalabasi boʻldi.

2019 yilgi mahalliy saylovlarda muxolifat JXP 35,7% ovoz olgan, AKP esa 44,3% bilan birinchi oʻrinni egallagan edi.

Asosiy hayajonli jarayon Erdoʻgʻon tugʻilgan va siyosiy faoliyatini boshlagan (1994 yildan 1998 yilgacha shahar hokimi boʻlib saylangan) Istanbuldagi saylovlarda kuzatildi. Zero, Erdoʻgʻon va uning tarafdorlari aytganidek, “Kim Istanbulda gʻolib boʻlsa, u butun mamlakatda mamlakatda gʻolib boʻladi”. Chunki Istanbul – Turkiyadagi siyosiy oʻzgarishlarning asosiy indikatori hisoblanadi. Istanbulning byudjeti 16 mlrd. dollarni tashkil qiladi, davlat yalpi ichki mahsulotining salkam uchdan biri Istanbul va uning atrofida ishlab chiqiladi. (Qiyoslash uchun – Tojikistoning nominal YaIM 10 mlrd. dollardan sal koʻproq)

Istanbulda ham, prezident tarafdorlari uchun afsuslanarli natija qayd etildi: xuddi 2019 yilda boʻlgani kabi, shaharning amaldagi hokimi, JXP vakili Ikrom Imomoʻgʻli gʻalaba qozondi. U 51 foizdan koʻproq ovoz olgan boʻlsa, uning raqibi, hukmron partiya nomzodi, sobiq ekologiya vaziri Murot Kurum 39,5 foiz ovoz olgan.

Mamlakatdagi ikkinchi yirik shahar Anqara shahrining amaldagi hokimi, 2019 yildan buyon shu lavozimni egallab kelayotgan JXP vakili Mansur Yavash ham katta farq bilan (60,3 foiz ovoz) gʻalaba qozondi, uning AKPdan raqibi Turgʻut Altinok esa 31,6 foiz ovoz toʻpladi.

Muxolifat boshqa yirik shaharlar - Izmir, Antaliya va Bursada ham gʻalaba qozondi. Erdoʻgʻon partiyasi asosan mamlakatning markaziy hududlarida hukmronlik qilishda davom etmoqda va janubiy hududlarda, jumladan, oʻtgan fevral oyida sodir boʻlgan zilzila 50 000 dan ortiq odamning hayotiga zomin boʻlgan Qahramanmarosh va Gʻoziantepda sezilarli yutuqlarga erishdi. Kurdparast soʻl qanot Xalq tengligi va demokratiya partiyasi mamlakatning asosan kurdlar istiqomat qiladigan janubi-sharqidagi 10 viloyatda ustun natijani qayd etgan.

Erdoʻgʻon mardlarcha magʻlubiyatni tan oldi. U prezidentlik saroyi balkonidan turib oʻz tarafdorlari bilan muloqot chogʻida saylovlarda xalq oʻz xohish-irodasini bildirganini va siyosatchilarga signal yuborganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, “saylov natijalari yakun emas, balki burilish nuqtasi boʻldi, saylovda demokratiya va milliy iroda gʻolib chiqdi” deb aytdi. Hukmron partiya xatolar ustida ishlaydi, deya qoʻshimcha qildi u. Erdoʻgʻon hukumatning inflyatsiyaga qarshi kurashga qaratilgan iqtisodiy dasturini amalga oshirishni davom ettirishga vaʼda berdi.

JXP rahbari Oʻzgʻur Oʻzel, muxolifatning gʻalabasi "Turkiya uchun yangi davrga yoʻl ochadi" dedi. “Saylovchilar Turkiyaning 22 yillik siyosiy manzarasini oʻzgartirishga va mamlakatimizda yangi siyosiy muhitga eshik ochishga qaror qilishdi. Bugun saylovchilar hokimiyatning nomutanosib vakolatlarini munitsipal darajada muvozanatlashga qaror qilishdi”, - deya qoʻshimcha qildi u.

Nega JXP ning “bozori chaqqonlashdi”?

Erdoʻgʻon partiyasining magʻlubiyati - hokimiyat uchun iqtisodiy siyosatdagi muvaffaqiyatsizliklar uchun oʻziga xos jazo, deydi Xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish instituti bosh direktori Arif Asaloʻgʻli. Turkstat maʼlumotlariga koʻra, fevral oyida inflyatsiya yillik hisobda 67% dan oshdi. Joriy yilning mart oyi oxirida Turkiya Markaziy banki diskont stavkasini 45 foizdan 50 foizga oshirdi - bu oxirgi 20 yildagi tarixiy maksimal koʻrsatkich hisoblanadi Ekspertga koʻra, oʻtgan yilning may oyida boʻlib oʻtgan saylovlardan keyin Erdoʻgʻon oddiy fuqarolar hayotini yaxshilash boʻyicha xalqqa bergan saylovoldi vaʼdalarini bajarmagan, bu yakshanba kungi saylov natijalarida ham oʻz aksini topgan.

Eslatish joiz, oʻtgan 2023 yildagi prezidentlik saylovlarida tarixda birinchi bor Erdoʻgʻon birinchi turdayoq gʻolib chiqa olmagan edi. U “bazoʻr” ikkinchi turda, millatchilar bilan siyosiy koalitsiya sharofati bilan, oʻshanda ham atigi 5 foizlik farq siyosiy raqibi Qilichdoroʻgʻlini magʻlub qildi xolos.

Mahalliy saylovlar ham Erdoʻgʻonga ishonch pasayib borayotganidan darak beradi. Chunki, Financial Times ning qayd etishicha, turklar mahalliy saylovlarga shunchaki shahar va mintaqa rahbarlarini saylash jarayoni emas, balki Erdoʻgʻon va uning siyosatiga ishonch referendumi sifatida qarab, faollik koʻrsatishdi. Istanbul, Anqara va boshqa yirik shaharlardagi gʻalaba 2023 yildagi saylovdan soʻng umidsizlik va tushkunlikka tushib qolgan va parchalangan muxolifatni harakatga keltirdi, ilhom berdi, birlashishga undadi.

Oxirgi munitsipal saylovlarning ahamiyatini anglash uchun Erdoʻgʻonning bir bayonotini esga olish kifoya: shu yil mart oyi boshida Turkiya prezidenti ushbu munitsipal saylovlar uning uchun oxirgi siyosiy kampaniya boʻlishini aytgan edi. «Bu menga qonun bergan vakolatlar doirasida oxirgi saylovlar boʻladi, biroq ularning natijalari hokimiyat mendan keyin keladigan aka-uka va opa-singillarga topshirilishini anglatadi xolos», — degan edi Erdoʻgʻon.

Garchi Erdoʻgʻon aniq aytmagan boʻlsada, ekspertlar Turkiyaning keyingi rahbari hozirgi muxolifat vakillari - Istanbul va Anqara hokimlari boʻlmasligini prognoz qilishmoqda. Ularning taxminlariga koʻra, Erdoʻgʻonning kuyovi va tadbirkor, oʻsha mashhur Bayraktar dronlarini ishlab chiqaruvchi Baykar Makina sohiblaridan biri, 44 yoshli Seljuk Bayraktar Turkiyaning Erdoʻgʻondan keyingi prezidenti boʻlishi mumkin. Zero u yoshlar va harbiylar hamda ilmiy qatlam orasida ham hurmat va qudratga ega.

Qolaversa Seljuk mutlaqo proukrain pozitsiyasi bilan ham mashhur. Bu esa Erdoʻgʻonning Rossiya va islom diniga munosabatidan, demokratik va bagʻrikenglik siyosatidan qoniqmaydigan Gʻarbni ham bir qadar qanoatlantirishi mumkin.

Gʻarbning Turkiyadagi saylovlarrga qanday taʼsiri bor, degan savolga esa mamlakat iqtisodiyotida oxirgi 7 yil ichida yuz bergan oʻzgarishlar javob boʻla oladi. 2016 yilda Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan davlat toʻntarishi xalqning Erdoʻgʻonga muhabbati baland ekanini koʻrsatdi. Biroq Erdoʻgʻon bu toʻntarishga urinishda AQSh va Gʻarb qoʻli borligini istisno etmagan hamda Gʻarb va gʻarbona qadriyatlardan yuz oʻgirgan edi. Biroq bu keskinlik oqibati oʻzini koʻp kuttirmadi: Gʻarb yetakchilik qiluvchi jahon moliyaviy tizimining “sharofati” bilan turk lirasi deyarli quladi, inflyatsiya keskin oshdi, xalq farovonligi pasayib ketdi. Bu esa, tabiiyki xalq orasida Erdoʻgʻon va uning partiyasi siyosatidan norozilikni kuchaytirib yubordi.

Buning ustiga, faqat dunyoviylik, joyi kelsa islomofobiya hidi ufurib turuvchi siyosati bilan mashhur “kamolchi” partiyalar ham oʻz siyosiy faoliyatida oʻzgarish yasamoqda. Bu partiya rahbarlarining xalq koʻzi oʻngida iftorlik qilishgani va boshqa diniy marosimlarda koʻrinish bergani, shuningdek, ular hokimiyat tepasiga kelgan taqdirlarida musulmonlarning manfaatlarini ham hisobga olishga vaʼda berishayotgani ham ana shu oʻzgarishlar natijasidir.

Shu bilan birga ayrim siyosiy texnologiyalardan ham foydalanishga urinishlar qayd etildi. Masalan, prezidentlik saylovlaridan oldin ijtimoiy tarmoqlarda goʻyoki koʻchada bir dindor boladan olingan intervyu “aylantirildi”. Unda bir maktab oʻquvchisi Qurʼondan misollar keltirgan holda saylovlarda qatnashish kufr va harom ekanligini isbotlashga harakat qiladi. Bu videolavha orqali dindor musulmonlarni (demakki Erdoʻgʻon tarafdorlarini) saylovlarda qatnashishdan qaytarish, pirovardida muxolif partiyaning gʻalabasini taʼminlashga urinishgan degan taxminlar ham yoʻq emas.

Shu bilan birga, Turkiya aholisi AKP gʻalabasidan keyin avtoritar tendensiyalar kuchayishi va mamlakat Mustafo Kamol Otaturk tomonidan oʻrnatilgan dunyoviy tamoyillardan yanada uzoqlashishi mumkinligidan xavotir oldi - bu his-tuygʻular yirik shaharlarda koʻproq sezildi.

Taʼkidlash kerak, aksariyat avtoritar sharq davlatlaridan farqli ravishda turkiya xalqi oʻta siyosiy faol xalq. Turklar demokratiya va qonun ustuvorligi hamda hokimiyatdagi “tiyib turish” tamoyilini yaxshi tushunadi va ularni hayotga tatbiq etish uchun intiladi. Harqancha yaxshi odam boʻlmasin, butun hokimiyatnng uzoq yillar davomida bir shaxs qoʻlida qolib ketishi mamlakat siyosiy-iqtisodiy iqlimi uchun faqat va faqat zarar keltirishini ular yaxshi tushunadi. Qolaversa, hammaga maʼlum haqiqat bor: siyosiy muxolifatning mavjudligi mamlakat farovonligi va kelajagi foydali. Xuddi iqtisodiyotda boʻlgani kabi, siyosiy tizimdagi raqobat ham siyosiy kuchlarni sergak torttirib turadi, xalq manfaatlariga zid harakatlar qilishdan tiyib turadi.

Istiqbolda nima kutilmoqda?

Xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish instituti bosh direktori Arif Asaloʻgʻlining fikriga koʻra, Erdoʻgʻon partiyasining mahalliy saylovlardagi magʻlubiyati Turkiya ichki va va tashqi siyosatida katta oʻzgarishlarga sabab boʻladi. Xususan, amaldagi hukumat asta-sekin siyosatdagi cheklovlarni kuchaytirishdan voz kechishi mumkin, deb hisoblaydi Asaloʻgʻli. “Ehtimol, hokimiyat fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalariga kamroq bosim oʻtkazar. Korrupsiyaga qarshi kurashda jiddiy oʻzgarishlar boʻlishini ham istisno etmayman – bu Turkiyada azaliy va anʼanaviy oʻtkir muammo. Erdoʻgʻon, shuningdek, tashqi siyosatni Yevropa Ittifoqi bilan yanada yaqinlashish yoʻlida sezilarli darajada oʻzgartirishi mumkin”, deydi ekspert.

Shuningdek, AKP yetakchilari partiyaning mintaqaviy boʻlinmalarida kadrlar oʻzgarishini amalga oshirishi, jumladan, Davlat Baxcheli boshchiligidagi oʻng qanot Millatchi Harakat partiyasi bilan hamkorlikni qayta koʻrib chiqishni boshlashi mumkin. Zero, “millatchilar” bilan siyosiy koalitsiya oxirgi 3 ta saylovlarda Erdoʻgʻonga gʻalabani taʼminlab bergan boʻlsada, bu hamkorlik oxirgi paytlarda samarasiz tus olmoqda.

Tashqi siyosatda esa, katta ehtimol bilan, rasmiy Anqara Gʻarb bilan, xususan, AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuv kursini davom ettirsa kerak. Chunki Erdoʻgʻonga muxolif kuchlar ayni shu masalaga urgʻu berib kelishadi. Agar hukmron partiya bu jihatni “oʻziniki” qilib olsa, muxolif partiyaning saylovchilarga beruvchi vaʼdalarining eng “qaymoq” joyini olib qoʻygan boʻladi.

Shu bilan birga, Turkiyadagi navbatdagi siyosiy reallikda Erdoʻgʻon Turkiya-Rossiya munosabatlariga ham ayrim tahrirlovlar kiritishi kutilmoqda. Chunki hozirgacha Anqara Rossiya bilan munosabatlarni qanday yoʻlga qoʻyish haqida aniq va qatʼiy tushunchaga ega boʻlmagan. Toʻgʻri, Turkiyaning Gʻarb bilan Rossiya manfaatlariga zid ravishda yaqinlashuv jarayoni oʻtgan yilning bahorida boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlaridan soʻng boshlangan edi. Biroq “ikki yomon orasidan yaxshirogʻini tanla” tamoyilidan kelib chiqilsa, Erdoʻgʻon va uning siyosati Rossiya uchun eng maqbul variant boʻlib qoladi. Zero, Erdoʻgʻonga muxolif partiya va unga oxirgi prezidentlik saylovlarida raqib boʻlgan Kamol Qilichdoroʻgʻli Rossiya bilan aloqalarni keskinlashtirish va toʻla Gʻarbga yuzlanish tarafdori ekanligini bir necha bor rasman eʼlon qilgan. Erdoʻgʻon esa Gʻarb-Rossiya toʻqnashuvlarida Rossiya uchun ayrim foydali qadamlari va samarali vositachiligi bilan mashhur boʻldi. Shu jihatdan olib qaraganda Rossiya ham Erdoʻgʻonning hokimiyatda qolishi va pozitsiyalarini mustahkamlashidan manfaatdor. Demakki, amaldagi rus hukumati Turkiya bilan ikkitomonlama va oʻzaro foydali aloqalarni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Turkiyada boʻlib oʻtgan mahalliy saylovlar shunchaki shahar va mintaqa rahbarlarini aniqlash uchun oʻtkazildi deyish xato. Bu saylovlar Turkiyaning ichki va tashqi siyosatida ijobiy oʻzgarishlar yasagan siyosiy jarayon sifatida tarixda qoladi.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+