"Xalq banki" va "Trastbank" masʼullarini chuv tushirmoqchi boʻlgan tadbirkor 8 yilga qamaldi
Surxondaryolik tadbirkor maxsus yuk avtomashinalarini sotib olish uchun 1.540.000 AQSh dollari miqdorida kredit olgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudida, ochiq sud majlisida ikki bankdan katta miqdorda kredit olib, hujjatlarni soxtalashtirgan tadbirkor K.Sh.ga hukm oʻqildi. Sud hukmi nusxasi Platina.uz`da mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, K.Sh oʻzining norasmiy raxbarligidagi “T-T” MChJ uchun AT "Xalq banki" Surxondaryo viloyat filialidan Xitoyda ishlab chiqarilgan 22 dona “HOWO” rusumli maxsus yuk avtomashinalarini sotib olish uchun 1.540.000 AQSh dollari miqdorida kredit olgan. U transport vositalarini kredit shartnomasi shartlariga asosan bankka garov tariqasida qoʻyishi lozim boʻlsa-da, 4 dona “HOWO” rusumli avtomashinalarni majburiy ijro byurosi va bank xodimlaridan yashirib, 3 mashinani kredit mablagʻlari soʻndirilmagan boʻlsa-da, taqiqdan chiqarish haqidagi soxta xatlarni tayyorlagan. Soʻngra ushbu xatlar asosida yuqoridagi yuk avtomashinalarni taqiqdan chiqarib, sotib yuborgan. Oqibatda Sh.K. kredit mablagʻlarining bir qismini garov taʼminotisiz qoldirib, bank manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan.
Bundan tashqari, K.Sh vaqtincha yashagan Toshkent shahridagi uyda oʻtkazilgan tintuv davomida 25 dona davlat roʻyxatidan oʻtmagan soxta transport vositasini qayd etish guvohnomalari olingan boʻlib, K.Sh ushbu transport vositasini qayd etish guvohnomalarini Rossiya fuqarosi “N” ismli shaxs bilan oʻzaro til biriktirib, uning yordamida tayyorlab olib, banklardan kredit olish maqsadida garov predmeti uchun ijaraga traktor olib, oʻzi tomonidan tayyorlangan davlat raqamlari yozilgan qogʻozlarni traktorlarning davlat raqamlari ustidan yopishtirib, soxta transport vositasini qayd etish guvohnomalari orqali bank hodimlariga monitoringdan oʻtkazdirib, kredit olishni rejalashtirganligi aniqlangan.
Shuningdek, K.Sh, oʻzining norasmiy rahbarligidagi “B.Q” MChJ va “Trastbank” XAB Termiz filiali oʻrtasida 650.000.000 soʻm miqdorida ajratilgan ajratilgan kredit toʻliq soʻndirilgan boʻlsa-da, soxta muhr va imzo orqali taqiqdan chiqarish hujjatini takroran soxtalashtirgan. Bundan tashqari, K.Sh oʻzi tomonidan tashkil etilgan korxonalar faoliyatida 2 mlrd. 38 mln. 932 ming 664 soʻm qoʻshimcha soliq toʻlovlarini toʻlashdan qasddan boʻyin tovlab kelgan.
K.Shning aybi, qisman iqrorlikdan tashqari, guvohlarning sud majlisidagi koʻrsatuvlari, narsani koʻzdan kechirish haqida bayonnoma va fotojadval, “S.CH.N” MChJda oʻtkazilgan kameral soliq tekshiruvi xulosasi, “S.CH.N” MChJda oʻtkazilgan kameral soliq tekshiruvi yuzasidan toʻplangan hujjatlar yigʻma jildi, hamda jinoyat ishida toʻplangan boshqa dalillar yigʻindisi bilan tasdigʻini topdi, deyiladi sud hukmida.
Yakuniy hukmga koʻra, sudlanuvchi Sh.K.ga JK 59-moddasining 8-qismi tartibida jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudining 2023 yil 26 dekabrdagi hukmi yuzasidan tayinlangan 8 (sakkiz) yil ozodlikdan mahrum qilish jazo muddatini oʻtalgan qismini qoʻshish yoʻli bilan oʻtash uchun uzil-kesil 8 (sakkiz) yil 1 (bir) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bundan tashqari undan Surxondaryo viloyat DSB orqali davlat foydasiga 2.038.932.664 soʻm miqdoridagi soliq toʻlovlari undirilishi belgilandi.