Prezident poytaxtdagi ikki maktabga bordi

Yunusoboddagi 5-maktabda 2 ming 600 nafarga yaqin oʻquvchi taʼlim olmoqda. Oʻtgan yili 165 nafar bitiruvchidan 163 nafari oliy taʼlimga oʻqishga kirgan.

Jamiyat
3-aprel, 19:00
Prezident poytaxtdagi ikki maktabga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 5-umumtaʼlim maktabida boʻldi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida taʼlim tizimi islohotlari eng birinchi vazifa etib belgilangan. Bu boradagi muhim masalalardan biri - oʻquvchi oʻrinlarini koʻpaytirish.

Davlat rahbari yangi muassasalar barpo etish bilan birga, mavjud maktablarning oʻziga qoʻshimcha qavat yoki yonidan bino qurish maqsadga muvofiqligini aytgan edi.

Mazkur 5-maktab ilgari 960 oʻrinli edi. Lekin oʻquvchilar soni 2 mingdan oshardi. Shu bois oʻtgan yili rekonstruksiya qilinib, qoʻshimcha binolar qurildi. Natijada 1 ming 700 ta qoʻshimcha oʻrin paydo boʻldi.

Maktabda 65 ta oʻquv, 12 ta chet tili va 5 ta kompyuter xonasida zamonaviy sharoitlar yaratildi. Oʻquvchilarni aniq fanlar, muhandislik va texnologiyalarga qiziqtiruvchi STEM-laboratoriya va sport zali zarur anjomlar bilan taʼminlandi, kovorking va rekreatsiya hududi tashkil etildi. Maktab kutubxonasida 5 ming 800 dan ortiq ilmiy va badiiy adabiyotlar bor.

Bugun maktabda 2 ming 600 nafarga yaqin oʻquvchi taʼlim olmoqda. Oʻtgan yili 165 nafar bitiruvchidan 163 nafari oliy taʼlimga oʻqishga kirgan.

Yurtimizda oʻgʻil-qizlarni yoshligidanoq kasbga yoʻnaltirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. 5-maktabda ham yuqori sinf oʻquvchilari tikuvchilik, pazandachilik, yogʻoch va metallga ishlov berish koʻnikmalarini oʻrganayapti. 
 
Prezident ushbu toʻgaraklardagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi. 

Toshkent shahri direktorlar kengashi aʼzolari bilan suhbatda oʻqituvchilar mehnati va hurmati haqida soʻz bordi.

- Shunday vaqtlar boʻldiki, pedagoglikka eʼtibor susayib ketdi. Hozir bu sharafli kasbning nufuzini tiklash, ularni moddiy ragʻbatlantirishga harakat qilayapmiz. Yangi Toshkent shahri qurilishini ham Pedagogika universiteti binosiga poydevor qoʻyishdan boshlamoqchimiz. Chunki yangi Oʻzbekistonning birinchi zamini - oʻqituvchilar. Shuning uchun ular doim oʻz ustida ishlashi, bilim va uslublarini rivojlantirib borishi kerak, - dedi davlat rahbari.

Maktabning yangi imkoniyatlaridan toʻla foydalanish, taʼlim sifatini Prezident maktablariga yaqinlashtirgan tarzda oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Davlat rahbari shuningdek, Toshkent shahridagi 1-bolalar musiqa va sanʼat maktabini koʻzdan kechirdi.

Maktab oʻtgan yili respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan bunyod etilgan. 250 oʻquvchiga moʻljallangan. Joriy oʻquv yilida 1-sinfga 145 nafar oʻgʻil-qiz qabul qilingan.

Bu yerda yoshlar 12 yoʻnalish boʻyicha maktabdan tashqari taʼlim oladi. Oʻquvchilar ijodiy imtihonlar asosida saralab olinadi.

Ellikka yaqin oʻquv va kompyuter xonalari, tadbirlar zalida shinam sharoitlar yaratilgan. Kutubxonada 5 ming 500 dan ortiq oʻquv adabiyoti va notalar jamlangan.

Prezidentimiz sanʼat maʼnaviy boy avlodni tarbiyalashga xizmat qilishini, bunga mehrni bolalikdan boshlab shakllantirish zarurligini taʼkidladi. Shu maqsadda umumiy taʼlim tizimi bilan musiqa taʼlimi dasturlarini uygʻunlashtirish muhimligi aytildi. Sanʼat maktablari bilan oliygohlar, teatrlar va boshqa madaniyat muassasalarining hamkorligi tizimini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.

Mamlakatimizda barcha maktablar cholgʻu asboblari bilan taʼminlanib, yoshlarning qiziqish va isteʼdodi rivojlantirilmoqda. Bu anʼanaviy sanʼat yoʻnalishlari bilan birga maqom, baxshichilik va mumtoz musiqa qadriyatlarimizni davom ettirishga xizmat qiladi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+