Oʻn yil avval qamalgan IIBB xodimi oqlandi
2014 yilda pora olishda ayblanib, uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan IIBB PPX xodimi oqlandi.
2014 yilda pora olishda ayblanib, uch yilga qamalgan IIBB PPX xodimi oqlandi. Bu haqda Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining kassatsiya instansiyasining hukmida maʼlum qilingan. Sud hukmi Platina.uz`da mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, I.X Toshkent shahar IIBB PPX brigadasi 1-batalon 2-otryad militsioneri lavozimida ishlagan. U JK 210-moddasi 2-qismining “g” bandi bilan JKning 45 va 57-moddalarini qoʻllab, 3 yil ichki ishlar idoralari tizimida va mansabdorlik bilan bogʻliq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtattirish belgilangan.
Sud hukmida I.X 2013 yil noyabrida sherigi bilan qoidani buzgan haydovchidan 1,5 mln. soʻm talab qilib, 700 ming soʻm olgani va 350 ming soʻmdan boʻlishib olgani aytilgan. Lekin birinchi instansiya guvohlar koʻrsatuvlarini ishonchlilik ekanligini tasdiqlovchi boshqa dalillarni aniqlash choralarini koʻrmasdan, mahkum I.Xasanovni aybli deb topib, barvaqt xulosaga kelgan.Bundan tashqari I.X xizmat vazifasiga jamoat tartibini saqlash uchun masʼul boʻlib, bunda uning xizmat vazifalariga avtoulovlarni toʻxtatish, haydovchilarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalarni rasmiylashtirish yoki avtoulovlarni jarima maydonchasiga joylashtirish kirmagan. Shuningdek, hodisa sodir boʻlgan kuni jarima maydoniga mashinaT.Qurbonov tomonidan boshqarib borilib, aynan uning tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilib, ushbu holatda I.Xasanovning ishtiroki boʻlganligini tasdiqlovchi ishonchga sazovor va rad etib boʻlmaydigan dalillar aniqlanmagan. Guvoh A.Yuldashevning koʻrsatuvlariga muvofiq, undan 1.500.000 soʻm pullarni aynan I.Xasanov soʻramagan va olmaganligi aniqlandi.
Sud hukmiga koʻra, jinoyat ishining I.X.ga oid qismi JPK 83-moddasi 1-qismining 2 va 3-bandlariga asosan tugatildi va jinoyat ishiga uning aloqasi boʻlmagani sabab oqlandi.