Oʻzbekiston finalga va olimpiadaga yoʻl oldi
Musobaqa debyutantlariga qarshi uchrashuvda yoshlarimiz ilk bor olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.

Futbol boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati yarim final oʻyinida Oʻzbekiston terma jamoasi Indoneziyani magʻlub etib, finalga va Parij olimpiadasiga yoʻllanma oldi.
Chempionatda ilk bor qatnashayotgan indoneziyaliklar sensatsiyasiga shu yerda yakun yasaldi. Aksincha, Oʻzbekistonning gol oʻtkazmaslik ertagi davom etmoqda.
Oʻyinning 68-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Husayn Norchayev hisobni ochdi. 86-daqiqada Pratama Arxan oʻz darvozasiga gol kiritib, hisobni 0:2 koʻrinishiga olib keldi.
Qayd etish kerak, koreyalik hakam raqiblar kiritgan golni VAR tekshiruvidan keyin bekor qildi. 84-daqiqada esa raqiblar futbolchisi qoʻpolligi uchun maydondan chetlatildi.
Shu tariqa oʻzbekistonliklar finalga yoʻl oldi. Shuningdek, yozda Parijda oʻtadigan olimpiya oʻyinlariga ham toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.
Finaldagi raqiblarimiz bugun sal kechroq, Iroq va Yaponiya oʻrtasidagi oʻyindan keyin aniq boʻladi.
Osiyo kubogi, yarim final
Indoneziya - Oʻzbekiston 0:2
Gollar: Norchayev 68, Arxan 86 avtogol