Ukraina AQSh tanklarini frontdan olib chiqdi
Ayrim respublikachilar esa yaqinda maʼqullangan yordam paketi Ukraina uchun oxirgisi boʻlishi mumkinligi haqida gapirmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari AQSh tomonidan taqdim etilgan Abrams tanklarini front chizigʻidan olib chiqdi, deya xabar bermoqda AP. Ikki amerikalik amaldorning soʻzlariga koʻra, ushbu taktik qarorning sabablaridan biri Rossiya dronlarining ushbu uskunani tezda aniqlash va yoʻq qilish qobiliyatining oshishi oqibatidir
2023 yil 25 yanvarda Prezident Jo Bayden Qoʻshma Shtatlar Ukraina qurolli kuchlariga 31 ta M1 Abrams tanki va sakkizta M88 zirhli qutqaruv mashinasi joʻnatishini maʼlum qildi. Biroq oʻshandan beri front chizigʻidagi vaziyat, xususan, Rossiya armiyasining dronlardan keng foydalanishi tufayli sezilarli darajada oʻzgardi.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, Rossiya hujumlari natijasida Ukrainaga taqdim etilgan 31 ta Abrams tankidan beshtasi yoʻq qilingan.
Shuningdek, Kongressdagi respublikachilar Ukraina endi Amerikadan yordam olmasligi mumkinligi haqida gapira boshlashdi. Bu haqda The Hill maʼlumot berdi.
"Agar Ukraina Qoʻshma Shtatlar Kongressidan qoʻshimcha 61 milliard dollar oladi, deb hisoblasa, buning iloji yoʻq", dedi respublikachi senator Jeyms Devid Vens.
Kiyevdan mablagʻ ajratilishiga qarshi boʻlganlarning fikricha, 61 milliard dollarlik paket faqat Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnelning faol qadamlari tufayli qabul qilingan, biroq kelajakda buni takrorlashning iloji yoʻq, deb yozadi nashr.
Eslatib oʻtamiz, bir necha kun avval AQSh siyosiy doiralari Ukrainaga 61 mlrd. dollarlik kelishuvga erishdilar.