Radar boʻyicha yangilik notoʻgʻri talqin qilinyapti
Foto va videoradarlar orqali aniqlangan qoidabuzarliklar haqidagi maʼlumotlar 48 soat ichida kelmasa, haydovchi javobgarlikdan ozod boʻlishi haqidagi xabar odamlarni chalgʻityapti.

Bugun bir qator saytlar, shuningdek, Platina.uz ham foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yoʻl harakati qoidalari buzilishiga oid maʼlumotlar haydovchilarga 48 soat ichida yuborilmagan boʻlsa, ishni koʻrib chiqish tugatilishi haqida yozib, koʻpchilikni chalgʻitmoqda.
Aslida bu yerda sal tushunmovchilik ketgan. Platina.uz bu boʻyicha kichik surishtiruv oʻtkazdi. Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Bekmurod Abdullayev bu haqda batafsil tushuntirish bergan.
Radarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar 48 soat ichida jarima haqida qaror yozadigan vakolatli organga, yaʼni YPX markaziga yuboriladi. Vakolatli organ qarorni 15 kundan kechiktirmay chiqarishi kerak.
Demak, umumiy hisobda qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bu haqdagi maʼlumot haydovchiga uzogʻi bilan 17 kun ichida yetib bormasa, keyin javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Lekin qonun loyihasida kamchilik bor. Masalan, vakolatli organ 15-kuni qaror chiqarsayu, pochta orqali bir necha kundan keyin yetib borsa, bu holatda qanday yoʻl tutiladi?