Ogohlik qoʻngʻirogʻi: Yer kuni nega nishonlanadi?

Yerdagi ekotizim juda nozik muvozanatda yaratilgan. Ushbu tizimning har bir elementi bir necha funksiyani bajarishi bilan birga, boshqa elementlar bilan muvofiqlikda “ishlaydi”.

Jamiyat
22-aprel, 20:05
Ogohlik qoʻngʻirogʻi: Yer kuni nega nishonlanadi?

Bugun, 22 aprel - Butunjahon Ona Yer kuni. Avval bu sana ilk marta bahorgi teng kunlikda yangilanish fasli kirishini qayd etish maqsadida nishonlangan.

22 aprel kuni esa ilk marta 1970 yilda AQShda taniqli senator Geylord Nelson Harvard universiteti talabasi Dennis Xayes rahbarligida bir guruh talabalardan iborat maxsus guruh bilan ekologik tadbir shaklida nishonlangan. Faol talabalarning bu aksiyasi keng jamoatchilik diqqatini oʻziga torta oldi. Shundan buyon bu sana har yili butun jahon miqyosida nishonlab kelinmoqda. 2009 yilda BMT Bosh assambleyasi 22 aperlni Xalqaro Ona Yer kuni sifatida rasman belgiladi.

Yer kunida nimalar qilinadi?

Yer kunida dunyoning turli chekkalarida Tinchlik qoʻngʻirogʻi (World Reace Vell) chalinadi, insoniyatni sayyoramizda tinchlikni, hayot va tabiatni asrashga chaqirish maqsadida ramziy bong uriladi.

Dastlabki Tinlik qoʻngʻirogʻi BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi oldida oʻrnatilgan. U turli mintaqalarda yashovchi bolalar xayriya qilgan tangalardan hamda fan, sanʼat va madaniyat sohasida mashhur arboblarning orden va medallarini eritib hosil qilingan qotishmadan quyilgan.

Tinchlik qoʻngʻirogʻida «Yashasin butun dunyoda tinlik» soʻzlari yozilgan.

1996 yilda xuddi shunday qoʻngʻiroq BMTning Venada qarorgohi oldida, shuningdek, Yaponiya, Germaniya, Polsha, Turkiya, Meksika, Avstraliya, Mongoliya, Filippin, Kanada, Braziliya, Argentina, Ekvadorning yirik shaharlarida oʻrnatilgan. Oʻzbekistonda esa Tinchlik qoʻngʻirogʻi 2003 yil 21 aprelda Toshkent shahridagi Bobur nomli xiyobonda oʻrnatilgan.

Toshkentdagi Tinchlik qoʻngʻirogʻi.

Ushbu yodgorlik odamlarning tinchlikka intilishining timsoli boʻlib, uning jarangi xalqlarni birdamlikka, qurolli toʻqnashuvlarni toʻxtatishga chaqiradi.

Shakllangan anʼanaga koʻra, bu qoʻngʻiroq bir yilda uch marta  — bahorgi teng kunli kuni - 20 martda, 22 aprel kuni Yer kunida  va 21 sentabrda - Tinchlik kunida chalinadi. Dunyoning 103 mamlakatida shu tarzda qoʻngʻiroq bongi odamlarni hushyorlikka daʼvat qiladi.

Tinchlik va tabiatni bogʻlovchi tushuncha

Yer kunining mohiyati asosan tinchlikni asrashga, urushlarning oldini olishga qaratilgan. Bu mazkur xalqaro tadbirning ijtimoiy-siyosiy qirrasi. Lekin bu sananing yana bir jihati tabiatni asrash, yaʼni ekologik va iqlim muammolariga ham urgʻu beradi. Xoʻsh, bir qarashda ikki qutbda joylashgan bu muammolarni nima bogʻlab turadi?

Bu avvalo yagona va ustqurma tushuncha – Yerda hayotni saqlab qolishga asoslangan! Zero, Yer yuzida urushlar boʻlsa ham, tabiatga zarar yetkazsak ham, pirovardida oqibat yagona – Yerda hayot yoʻq boʻlib ketishiga olib keladi.

Zero, nafaqat butun koinot, balki Yer sayyorasidagi ekotizim ham juda nozik bir muvozanatda yaratilgan. Ushbu tizimning har bir elementi bir necha funksiyani bajarishi bilan birga, boshqa elementlar bilan ham uygʻunlikda va muvofiqlikda “ishlaydi”. Bu elementlardan birortasini yoʻq qilish yoki vazifasini oʻzgartirish butun katta tizimning buzilishiga olib keladi. Buni xuddi Rubik kubigidagi bitta qirrani oʻzgartirish butun manzarani buzib yuborishga mengzash mumkin.

Yer tizimi esa Quyosh tizimi bilan chambarchas bogʻliq. Astronomlarning taʼkidlashicha, Quyosh tizimidagi har bir sayyoraning oʻz vazifasi bor va ularning yagona vazifasi – Yer tizimining bus-butunligini saqlab qolish, yaʼni sayyoraizda hayotni asrashga qaratilgan. Aytaylik, Quyosh tizimidagi katta sayyoralar – Yupiter va Saturn koinotda sangʻib yurgan ulkan samoviy jismlar – asteroidlarni oʻziga tortib olishi bois ularning Yerga borib urilishining oldini oladi. Kichikroq jismlarning halokatli zarbalarini esa Yerga yaqin kichik sayyora - Mars hamda Yerning tabiiy yoʻldoshi Oy “kutib oladi”. Qolgan kichikroq osmon jismlari esa Yerga yoʻnalgan taqdirda ham, katta tezlikda Yer atmosferasiga kirganida havo molekulalari bilan ishqalanib, kislorod yordamida yonib ketadi va yerga halokatsiz mayda toshchalar shaklida yogʻiladi. Oy, shuningdek, tortishish kuchi natijasida Yerdagi dengiz va ummmonlarning harakatini taʼminlaydi, tunda esa quyosh nurini oyna kabi yerga uzatib turadi.

Endi tasavvur qiling, mana shu tizimdagi muvozanat salgina buzilsa ham Yer va undagi hayot alllaqachon yoʻq boʻlib ketgan boʻlardi.

Atmosferamizni olsak, u asteroidlar va quyoshning halokatli ultrabinafsha nurlari hamda radiatsiyani toʻsib qolishi bilan birga, shamollar yordamida harorat hamda yomgʻir va qorlarning bulutlar bilan bir tekis taqsimlanishini taʼminlaydi. Va albatta Yerdagi hayot ham kislorodsiz yashay olmagan boʻlardi.

Yana bir muvozanat moʻʼjizasiga misol – Yer atmosferasidagi kislorod miqdori 20,95 foiz boʻladi. (Qolgani esa inert va boshqa gazlar) Bu miqdor bir necha balandlikkacha oʻzgarmaydi. Agar shu muvozanat buzilsa chaqmoqlar natijasida yer atmosferasi bir zumda yonib ketib, hayot tugab qolgan boʻlardi.

Ekomuvozanatni buzish hayot uchun xavfli!

Yerning oʻzidagi hayot tizimi ham goʻzal tarzda muvozanatlashgan. Masalan, oʻtgan asrda ayrim joylarda boʻrilarni yoʻq qilish kampaniyasi boshlangan. Ular kiyiklarni yeb qoʻyib, populyatsiyasini kamaytirib yuboryapti degan shubha bilan qrashgan. Biroq boʻrilar kamayib ketgach, negadir kiyiklar ham kamayib ketgan. Ularni boʻrilar yemagan, balki kasalliklar tarqalishi va nogiron hamda kuchsiz individlar koʻp tugʻilishi natijasida shunday holat yuz bergan. Maʼlum boʻlishicha, boʻrilar kiyiklarni quvganda faqat nozik va nogironlarini, nosogʻlomlariga oson yetib olib, yer ekan. Natijada eng sogʻlom va kuchli kiyiklar yashab qolib, sogʻlom va kuchli avlod paydo boʻlishiga hissa qoʻshar ekan.

Yoki Xitoyda kommunist rejimining axmoqligi va oʻzboshimchaligi kuchaygan paytda partiya rahbari Mao Szedun guruch va bugʻdoy kabi don mahsulotlarining hosildorligi kamayib ketyapti, deya soha xodimlarini tanqid qiladi. Mutaxassilar bunga sabab qilib turli agrotexnik muammolar bilan bir qatorda chumchuqlarning boshoqdagi donlarni hali xom, sutlik paytida soʻrib qoʻyib yoʻq qilayotganini bahona qilishadi.

Mao Szedun 1958 yil 12 fevralda mamlakatdagi toʻrtta “zararkunanda” – kalamush, chivin, pashsha va chumchuqlarga qarshi kurash haqidagi farmonga imzo chekadi. Chumchuq ushlab kelganlarga mukofotlar berilishi belgilanadi. Natijada ommaviy qirgʻin boshlanadi. Kalamush, pashsha va chivinga qarshi kurash qiyinroq boʻlgani uchun xalq millionlab chumchuqlarni qirib tashlaydi. Chumchuqlar bilan birga archa mayda qushlar ham yoʻq qilinadi. Bu kampaniyaga ayniqsa maktab oʻquvchilari keng jalb etiladi. Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida ularga davlat hisobidan choʻzma (rogatka) lar yasab berib, markazlashgan holda tarqatiladi.

Xitoyliklar “kommunistik partiya topshirigʻi va qalb amri bilan uyushgan holda”, qoʻshiqlar va palakatlar hamrohligida chumchuq oviga ketishmoqda.

Qushlarni urib tushirish qiyin boʻlgani uchun bir “ayyorlik” qoʻllashadi. Maʼlumki chumchuq havoda 15 daqiqadan koʻp uchib yura olmaydi. U qoʻnib dam olishi kerak. Odamdar shu nozik jihatga zarba berishadi – baqirib, temir idishlarni urib shovqin solib, lattalar silkitib haydab qushlarning dam olishiga yoʻl qoʻyishmaydi. Natijada bechora chumchuqlarning oʻzi charchab yerga yiqilib tusha boshlaydi. Ularni osongina tutib olishadi. Xitoyliklar esa ulaon osongina tutib olib oʻldira boshlaydi.

1958 yil oxiriga kelib, mamlakatda chumchuqlar deyarli qirib tashlanadi: 2 mln.ziyod chumchuq va mayda qushlar yoʻq qilinadi. Xitoyliklar asosiy zarakunandani yoʻq qildik, deya keyingi yil hosil moʻl boʻlishini kutishadi. Afsuski keyingi yil uchna koʻpaymaydi. Undan keyingi yil esa turli don kasalliklar ham zarakunda hasharotlar donlarni batamom yeb tugatishadi. Chunki chumchuqlar kasal donlarni hamda hasharotlarni terib yeb, ularning koʻpayishiga yoʻl qoʻyishmaydi, odatda.

Natijada 1959-1961 yillarda Xitoyda ulkan koʻlamdagi dahshatli ocharchilik boshlanadi. 36 million odam ochlikdan oʻlib ketadi!

Shundan keyin axmoq kommunist rahbarlarning “koʻzi ochiladi” Xatoni tuzatish uchun sobiq SSSR va Kanadadan vagonlab, katta pul evaziga  chumchuqlar eksport qilinadi. 2 yil oʻtgach, ekomuvozanat yana oʻz qaddiga qaytadi.

Biomigrantlarning zarari

Tabiatdagi muvozanatning buzilishi yomon oqibatlarga olib kelishiga hayotiy misollar juda koʻp. Masalan, Tinch okeanidagi orollardan birida ilonlar koʻpligi bois, ularni qirish uchun ilonxoʻr hayvon - mangustlarini olib kelib tarqatishadi. Biroq mangustlar kechasi uxlar va kunduzi ov qilar ekan. Ilonlar esa kechqurun uyalaridan chiqib ov qilishadi. Natijada mangustlar ilonlar qolib, oroldagi boshqa mayda hayvonot olamini yeb bitirishadi.

Invaziv hayvon va oʻsimliklarni – “biomigrantlarni” oqibatini oʻylamasdan qabul qilish doim salbiy oqibatlarga olib kelgan. Masalan 1952 yilda Rossiyaga borshevik oʻsimligini olib kirib tarqatishadi. U chorva mollari uchun yem-xashak bazasini toʻlatishiga yordam beradi deb oʻylashgan. Biroq hozirgi kelib, rus hukumati bu oʻsimlikdan qutulish uchun katta mablagʻ va vaqt sarflamoqda.

Yoki Saxalinda kanalarga qarish kurash uchun oʻtloqlar va oʻrmonlarni taqiqlangan DDT zaharli dorisi bilan dezinfeksiya qilishadi. Bir-ikki yil kanalar xuruji kamayadi, keyin ular avvalgidan ham 2-3 baravar koʻpayib ketadi. Maʼlum boʻlishicha, DDT nafaqat kanallarni, balki ularni yeb, populyatsiyasini cheklab turuvchi foydali hasharotlarni qirib yuborgan.

Iqlimni boshqarishning salbiy oqibatlari

Kommunistik rejim olimlaridan biri Ivan Michurin «Biz tabiatdan sadaqa kutib oʻtirmaymiz. Bizning vazifasiz – undan tortib olishdir» degan edi. Bunday yondoshuv SSSR davrida paxta monokulturasiga, xalqning aqliy va jismoniy sogʻligi yomonlashuvi, qashshoqlik va tabiatdagi muvozanatning buzilishi va Orol dengizining qurishiga olib keldi.

Lekin insoniyat bu muammolardan hamon tegishli xulosa chiqargani yoʻq. Tabiatdan neʼmatni tortib olishga urinish hozirda ham avj olgan. Natijada oxirgi kunlarda Rossiya, Xitoy va Qozogʻiston va BAAda suv toshqinlari avj olib, koʻplab insonlarning oʻlimiga va katta iqtisodiy zararlarga sabab boʻlmoqda.

Daryo tabiiy oʻzanlarini oʻzgartirish, turli suv omborlari va  sanoat korxonalarining zaharlari taʼsiri beiz ketmaydi.

Biroq Dubaydagi kuchli yogʻingarchilik va buning natijasida kelib chiqqan suv toshqinlari tabiat “ishlari”ga aralashuvning xrestomatik misoli boʻla oladi.

Chunki BAA rahbariyatining tashabbusi va olimlarning yordami bilan, mamlakatda suv yetishmovchiligini bartaraf etish uchun 2002 yildan buyon  sunʼiy yomgʻir yogʻdirish texnologiyalari qoʻllanilmoqda.

Birinchi uslubda dronlar yordamida bulutlarga tok urdiriladi.

Ikkinchi, keng tarqalgan uslubda maxsus kimyoviy kukunlar yoki tabiy tuzlar samolyotlar yordamida havoga sepiladi. Natijada ular tuman hosil qiladi va bulutlar bilan qoʻshilib, ularning “ogʻirlashuvi” va yomgʻir yogʻishiga olib keladi.

14-15 aprel kuni bu yerda yuz bergan yomgʻir yogʻishi va shtorm chogʻida yerga bir necha yillik yogʻingarchilik normasi yogʻilgan. Kuzatuvchilarning aytishicha, bu yomgʻir arafasida “bulut ekishga” moʻljallangan mxusus samolyotlar  7 ta parvozni amalga oshirgan.

maxsus reaktiv raketachalari oʻrnatilgan “bulut ekuvchi” droni hamda samolyot.

Bir biologik tur halokati - butun ekotizim halokatidir!

BMT bong urishi, har yili 10 mln. gektar oʻrmon kesib yubortlpdt. Natijada bu ekotizimda yashovchi barcha jonzod va oʻsimliklar yoʻq boʻladi.

Har soatda Yer yuzida 3 turdagi ( 3ta emas, butun boshli hayvon turi nazarda tutilyapti!) hayvon yoʻq boʻladi. kuniga 72 ta tur, yiliga 100 ming turdagi jonzod yoʻq boʻlib ketmoqda.

Sanoatni rivojlantirish va daromadni oshirish bahonasida atrof-muhit ayovsiz zaharlanmoqda.

Yer osti boyliklarini ayovsiz qazish nafaqat atrof-muhitni kimyoviy moddalar bilan zaharlash, balki yer ostida katta va xavfli boʻshliqlar paydo boʻlishiga olib kelyapti. Bunday sanoat rivojlanishi kelgusida halokatli zilzilalarga va yer choʻkishlariga sabab boʻlishi aniq va bu sodir boʻlyapti ham.

Atmosferani zaharlash esa ozon qatlamining yemirilib, halokatli ultrabinafsha nurlar hamda radiatsiya zararini oshiradi, iqlim isishi natijasida yerdagi harorat va sovuqlik muvozanatiga putur yetadi. Abadiy muzlik davri boshlanadi.

Barqaror rivojlanish talablariga amal qilmaslik nafaqat insoniyat, balki boshqa hayot turlariga ham xavf solmoqda. Dehqonchilik va qurilish maqsadida yer usti landshaftining oʻzgartirilishi, ayrim hayvon va oʻsimliklarning yoʻq qilinishi bois, tabiiy “ozuqa zanjiri” uzilib qolyapti. Natijada Oʻzbekiston misolida oladigan boʻlsak, odamlar yashaydigan joylarga ayiq va boʻrilarning ovqat qidirib kelib qolish holatlari koʻpaygan. Chunki ularning tabiiy yashash areallari oʻzgarmoqda, avvalgi ozuqa turlari yoʻqolib ketgan. Natijada ozuqa zanjirinnig tepasida turgan hayvonlar ochlik va oʻlimga mahkum boʻlib qolyapti.

Yaqinda bir asalarichi nolib qoldi: 10 yilcha oldin asalarilarning kushandasi boʻlgan, “kurkurak” deb ataladigan koʻkkqush kamayib ketganiga ahamiyat berishgan. Avvaliga xursand boʻlishgan – asalarimiz endi bemalol koʻpayadi deyishgan. Biroq asalarilar ham kamayib keta boshlagan. Asalarichining aytishicha, kurkurakning yoʻqolishiga sabab boʻlgan omillar - turli zavodlar sonining ortib, havoga zararli modda hamda chang chiqarish miqdori koʻpaygani asalarilarning ham qirilib ketishiga sabab boʻlmqoda. Agar asalarilar boʻlmasa turli texnologik ekinlar va meva daraxtlarining changlanishi imkonsiz boʻlib qoladi. Ular hisol tugmaydi. Bu esa avval meva hamda sabzavotlar ttaqchilligi va qimmatlashuviga, keyin esa ocharchilikka yoʻl ochishi mumkin.

Yer kunida biz nima qilishimiz kerak?

Tabiatdagi nozik muvozanatni  buzishga urinish, sanoat taraqqiyoti va moddiy daromad yoʻlida tabiatni qurbon qilish yaxshilikka olib kelmaydi. Bu xuddi bumerangga oʻxshaydi. 2 million chumchuqni oʻldirish 36 million xitoylikning ochdan oʻlishiga olib kelgani kabi, bugun tabiatni xoʻrlashimiz ertangi kelajak avlodalar uchun halokatli boʻladi. Tabiatga otilgan tosh yaqin kelajakda bizga qoyatosh boʻlib qaytib keladi.

Afsuski, Yer kuni xuddi 8 mart bayramiga oʻxshaydi. Ayni shu kuni bayram sababchilarini eslab qolamiz, ularga mehr-muhabat koʻrsatishga urinamiz. Biroq tabiatni faqat bayram yoki maxsus sanalarda emas, yil 12 oy qadrlashimiz va avaylashimiz kerak aslida. Aks holda nima boʻlishi esa hammamizga ayon.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+