Jizzaxning olis hududlarida xotin-qizlar oyiga 3-4 million soʻmdan daromad topmoqda

Baxmal tumanida tikuvchi ayollar tadbirkorlar bilan kichik kooperatsiyalar tashkil qilib, ishlamoqda. 

Jamiyat
22-aprel, 13:09
Jizzaxning olis hududlarida xotin-qizlar oyiga 3-4 million soʻmdan daromad topmoqda

Prezident Xalq qabulxonasi topshiriqlar boʻyicha oʻziga biriktirilgan Jizzax viloyati tumanlarida ish olib borib, qisqa muddatda murojaatchilar bandligi taʼminlanmoqda.

Xususan, Prezident Xalq qabulxonasi hisobidan Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi 80 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari va pishiriq pishirish pechlari olib berildi. 

Tikuv mashinali boʻlgan 75 nafar ayollar baxmallik 22 tadbirkor bilan kichik kooperatsiyalar tashkil qilib, ish boshladi. 22 tadbirkorning barchasi tikuvchilik sohasida boy tajribaga, yetarlicha salohiyat-u barqaror ish hajmiga, eng muhimi oʻz bozoriga ega.

Zulayho Yoʻldosheva toʻrt yildan beri Baxmalning Navroʻz qishlogʻidan Toshkent bozorlariga kiyim-kechak yetkazib beradi. Buyurtmasi kundan kun koʻpayib borayotgan bu oilaviy korxona bilan shu qishloqlik yana 9 nafar tikuvchi kooperatsiya tashkil qilgach, sexning ishchilari soni 22 nafarga yetdi.

Xuddi shunday kamida besh yillik tajribaga ega baxmallik Marhabo Nazarova va Mehriniso Rahmonova kabi yosh tadbirkorlar ham 3-4 nafardan yangi chevarlarni yoniga olib, faoliyatini yanada kengaytirdi. Ularning aytishicha, ishlagan chevar Baxmalning shu chekka qishlogʻida turib ham oyiga 3-4 million soʻm bemalol daromad qila oladi.

Prezident Xalq qabulxonasining aholi qoʻshimcha daromad qilishi uchun sharoit-u imkoniyat yaratishga oid navbatdagi loyihasi lokatsiyasi bizni ikki karra ogʻir choʻl hudud boʻlmish Arnasoyga yetakladi. Maqsad – oqar suv taqchil mahalda tomorqalardagi ekinlarni saqlab qolish uchun sizot suvlaridan foydalanishni tashkil qilishdan iborat. Buning uchun tez orada ogʻir sharoitdagi 500 ta xonadon tomorqasida ichki imkoniyatlar hisobidan quduq qaziladi. Ichishga yaroqsiz bu sizot suvlariga mahalliy oʻgʻit aralashtirilib, asosan yoz chillasida ekinlarni sugʻorish mumkin. “Chinobod” mahallasida yashovchi Oʻlmasjon Xudoyberdiyev bir necha yildirki shu usuldan foydalanib, daromad qiladi.

Tuman sektorlari rahbarlari bu borada yana bir tashabbus bilan chiqishdi: “Zarafshon” mahallasida tajriba tariqasida ichki imkoniyatlar hisobilan tomorqalarga 7 tonnalik rezervuarlar oʻrnatilyapti. Agar bu tajriba amalda oʻzini oqlasa, keyingi bosqichda arnasoylik yana 150 ta xonadon oʻz tomorqasida zaxira sugʻorish mexanizmiga ega boʻladi.

“Gʻafur Gʻulom” mahallasida yashovchi Olim Shomilov oʻtgan yil dekabrda kredit olib, Arnasoyda birinchi boʻlib tomorqasida kichik gidroponika qurdi. Tomchilatib sugʻorish orqali qulupnay yetishtirdi. Daromad yaxshi boʻlganini koʻrgan qoʻni-qoʻshnilar ham bunga qiziqib boshlagan.

 

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+