Oʻzbekiston yoshlari Kuvaytni yanchib tashladi
Osiyo chempionati guruh bosqichining 2-turidan keyin ular peshqadamga aylanib oldilar.

Yoshlar oʻrtasida oʻtayotgan Osiyo birinchiligi guruh bosqichining 2-turi doirasida Oʻzbekiston terma jamoasi Kuvayt termasi ustidan ishonchli gʻalabaga erishib, keyingi bosqich masalasini hal qilib qoʻydi.
5:0 hisobida yirik gʻalabaga erishgan oʻzbekistonliklardan Davronov 32-daqiqada hisobni ochgan boʻlsa, 49-daqiqada Hamroaliyev, 55-daqiqada Erkinov, 86-daqiqada Xolmatov, 90+6-daqiqada Norchayev hisobni yirik koʻrinishga keltirdi.
71-daqiqada kuvaytliklar futbolchisi Hamad at-Tavil futbolchimiz Abdurauf Boʻriyevga qoʻpollik ishlatgani uchun qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Shuningdek, 90+3-daqiqada hamyurtlarimiz bir penaltini ura olmadi.
Shu tariqa Oʻzbekiston yoshlar termasi guruhda peshqadamga aylanib oldi. Narigi oʻyinda Vetnam Malayziyani 2:0 hisobida yengdi. 3-tur doirasida guruh peshqadamlari 23 aprel kuni kuch sinashadilar.
Yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionati, guruh bosqichi, 2-tur
Kuvayt - Oʻzbekiston 0:5
Gollar: Davronov 32, Hamroaliyev 49, Erkinov 55, Xolmatov 86 pen., Norchayev 90+6
Malayziya - Vetnam 0:2
Gollar: Van Kang 39, Min Koa 60