DXX xorijdan keltirilgan sintetik narkotik moddalarni musodara qildi

Ushbu moddalar kichik boʻlaklarga boʻlinib, internet orqali sotilishi moʻljallangan. 

Jamiyat
20-aprel, 10:00
DXX xorijdan keltirilgan sintetik narkotik moddalarni musodara qildi

Rossiya va Qozogʻistondan olib kelingan 19,7 kg. sintetik narkotik moddalar musodara qilindi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida bir nechta tezkor tadbir oʻtkazildi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi fuqaroning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, sotish uchun tayyorlab qoʻyilgan 4 kg. 824 gr. “Mefedron”, 3 kg. 274 gr. “Spays” va 2 kg. 130 gr. “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositalari borligi maʼlum boʻlib, ular tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. 

Aniqlanishicha, ushbu narkotik moddalar mamlakatimizga bojxona nazoratini chetlab oʻtgan holda Qozogʻiston Respublikasidan olib kelingan va kelgusida ularni kichik boʻlaklarga boʻlgan holda, internet tarmogʻi orqali sotish rejalashtirilgan.

Boshqa holatda esa 3 dona avtomobil ehtiyot qismi (kardan vali) ichiga yashirilib, Rossiya Federatsiyasidan yuk avtomashinasida yuborilgan 3 kg. 780 gr. “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini Toshkent viloyatining Zangiota tumanida qabul qilib olgan vaqtlarida, Toshkent shahrida yashovchi 2 nafar va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi bir nafar shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlanishicha, ushbu narkotik moddalar ham kichik boʻlaklarga boʻlingan holda, internet tarmogʻi orqali mijozlarga sotilishi rejalashtirilgan.

Sirdaryo viloyatida tugʻilgan fuqaroning Toshkent shahar Yangihayot tumanidagi vaqtincha yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda 5 kg. 687 gr. “Pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi borligi maʼlum boʻldi. 

Mazkur shaxs Rossiya Federatsiyasidan keltirilgan ushbu kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni kichik boʻlaklarda Yangihayot va Sergeli tumanlari hududidagi xufiya joylarga yashirib, soʻngra ularni “Telegram” messenjeri orqali mijozlarga sotishni reja qilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

DXX avval Sirdaryoda 34,3 mlrd. soʻmlik elektrni talon-toroj qilgan mayning fermani aniqlangandi

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+