Sadir Japarov "xorijiy vakillar" toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi

Xalqaro tashkilotlar, Qirgʻiziston jamoatchilik faollari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi diplomatik missiyalari prezidentni hujjatni imzolamaslikka chaqirgandi. 

Jahon
2-aprel, 16:31
Sadir Japarov "xorijiy vakillar" toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov “Ayrim qonun hujjatlariga ("Notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida"gi qonun va Jinoyat kodeksiga) oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. U "xorijiy vakillar" toʻgʻrisidagi masalani ham koʻzda tutadi. Bu haqda prezident oʻzining Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida maʼlum qildi.

Qonun eʼlon qilingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.

14 mart kuni qonun respublika parlamenti tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi. Shundan soʻng xalqaro tashkilotlar, Qirgʻiziston jamoatchilik faollari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi diplomatik missiyalari prezidentni hujjatni imzolamaslikka chaqirib, xalqaro jamgʻarma va kompaniyalar yordami qisqartirilishi mumkinligini taʼkidladi.

Sadir Japarov qonundan ommaviy norozilik sababini tushunishini yozgan. "Mamlakatimizda 30 yildan beri faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari hech qayerda roʻyxatdan oʻtmagan. Ular hech kimga hisobot berishmagan. Ular faqat bank hisob raqamlarini ochib, xorijiy donorlardan pul olib, oʻz ixtiyoriga koʻra, shu jumladan shaxsiy maqsadlarda ham ishlatgan. Bundan buyon ular ham boshqalar qatori Adliya vazirligida roʻyxatga olinadi", deb tushuntirdi davlat rahbari. Japarov qonun imzolangach, nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning vakillarini javobgarlikka tortish kutilmasligini vaʼda qildi.

Uning qoʻshimcha qilishicha, ushbu qonun bilan mamlakat rasmiylari "hamma teng sharoitda ishlashi uchun bor narsani ochiq koʻrsatmoqchi". "Nima uchun rivojlangan Gʻarb davlatlarining nodavlat tashkilotlari oʻzlarida Adliya vazirligida, soliq xizmatida roʻyxatdan oʻtadi, bankda hisob raqami ochadiyu, bizga kelganida ham shunday qilmaydi? Yoki biz ikkinchi darajali davlatmizmi? Yoq bu unday emas. Biz bundan buyon bunday shubhali harakatlarga yoʻl qoʻymaymiz", — deb yozgan prezident.

Endi Qirgʻizistonda xorijdan mablagʻ oladigan va "siyosiy faoliyat" bilan shugʻullanuvchi notijorat tashkilotlari "xorijiy vakillar" deb tan olinadi – bu ruscha "xorijiy agent" atamasining oʻxshashi. Bunday nodavlat notijorat tashkilotlari qoʻshimcha hisobotlarni taqdim etishlari kerak va ular rejadan tashqari tekshiruvlarga duchor boʻlishi mumkin. Shuningdek, ular maxsus reestrga kiritiladi. Shu bilan birga, qirgʻizistonlik huquqshunoslarning qayd etishicha, qonunga koʻra, nodavlat notijorat tashkilotlari boshqa tashkilotlar singari Milliy statistika qoʻmitasiga, soliq xizmatiga, 2021 yilgi qonunga koʻra esa alohida shaklda moliyaviy hisobot taqdim etgan.

Taʼkidlash kerakki, Gruziyada shunga oʻxshash qonun tashabbusi sabab ommaviy noroziliklar yuz bergan va yakunda loyiha qabul qilinmagandi. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+