Oʻzbekistonda ming kilometrga yaqin yoʻl sement qoplama bilan yangidan quriladi

Bunga Osiyo taraqqiyot bankining 240 million dollarlik qarz mablagʻi yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda. 

Jamiyat
2-aprel, 21:49
Oʻzbekistonda ming kilometrga yaqin yoʻl sement qoplama bilan yangidan quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev avtomobil yoʻllari qurilishiga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatda xalqaro va mahalliy yoʻllar tarmogʻini rivojlantirish, transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida koʻplab loyihalar ishlab chiqilgan. Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish” loyihasi koʻzda tutilgan. Loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi 86 ta tumanda, 770 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 272 ta mahalladagi 841 kilometr yoʻllar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Bunga Osiyo taraqqiyot bankining 240 million dollarlik qarz mablagʻi yoʻnaltiriladi.

Qurilish hamda texnik nazorat ishlari toʻliq mahalliy pudratchilar – xususiy tadbirkorlar va mahalliy muhandislar  tomonidan amalga oshiriladi. Yoʻllar foydalanishga qabul qilinganidan soʻng, bosh pudratchi tomonidan 5 yil davomida kafolatli soz holatda saqlanadi va ekspluatatsiya qilinadi.

Yana bir loyiha xalqaro ahamiyatdagi M39 “Olmaota – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz” magistral avtomobil yoʻlining 1255-1315 kilometrlarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan. Yoʻlning bu qismi Dehqonobod tumani markazi Qorashina shaharchasidan oʻtgan boʻlib, hozirgi kunda tor va taʼmirtalab.

Loyiha doirasida 60 kilometr uzunlikdagi yoʻl sement-beton qoplamadan 4 tasmali qilib quriladi. Dehqonobod tumani markazini aylanib oʻtuvchi 17 kilometrlik yangi yoʻl, 14 ta koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar barpo etiladi. Bu Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasidan jalb etiladigan qariyb 154 million dollar hisobidan moliyalashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktabrdagi qarorida umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari roʻyxatini qaytadan tuzish vazifasi belgilangan. Shuningdek, tajriba-sinov tariqasida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyatda 20 kilometrdan avtomobil yoʻlini ekspluatatsiya qilishga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadigan yoʻllar roʻyxati tasdiqlangan.

Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar va joriy yilga moʻljallangan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.

Davlat rahbari yoʻllarni sifatli qurish, taʼmirlanadigan koʻchalar boʻyida daraxtlarni oʻstirish orqali hudud ekologiyasini yaxshilash, qishloqlarda qulay yoʻl-transport infratuzilmasini yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+