Karrasiga qimmatladi: mashinalarni roʻyxatdan oʻtkazish narxlari oʻzgardi
Ichki ishlar vazirining bu haqdagi buyrugʻi 2024 yil 31 mart yakshanba kuni imzolangan, Adliya vazirligi ham shu kuni roʻyxatdan oʻtkazgan.
Kecha, 1 apreldan boshlab mashinalarni roʻyxatdan oʻtkazish narxlari keskin oshib ketdi. Shuningdek, endilikda elektromobillar va boshqa yoqilgʻili avtomobillarga 2 xil narx boʻladi.
Yangi tartibga koʻra, elektrokarlarni roʻyxatdan oʻtkazish BHMning 1,5 baravari (510 ming soʻm), elektrokardan boshqa mashinalarni roʻyxatdan oʻtkazish esa BHMning 6,84 baravari (2 325 600 soʻm) miqdorida belgilandi.
Oldingi narx har qanday mashina uchun BHMning 10 foizi, yaʼni 34 ming soʻm edi. Demak, elektrokarlarni roʻyxatdan oʻtkazish 15 karra, boshqa mashinalar esa 68,4 karra qimmatladi.
Bu haqdagi buyruq 2024 yil 31 mart yakshanba kuni Ichki ishlar vazirligi tomonidan imzolangan. Buyruqda 2024 yil 30 mart shanba kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgani aytiladi. Adliya vazirligi esa 2024 yil 31 mart yakshanba kuni roʻyxatdan oʻtkazgan.
Platina.uz ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida vazirliklar bilan bogʻlandi. Dam olish kuni buyruq imzolanishi, aholi nega oldinroq ogohlantirilmagani haqidagi savollarimizga IIV matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov quyidagicha javob berdi:
"Rasmiy axborotdan boshqa izohimiz yoʻq. Qoʻshimcha maʼlumot rasmiy manbalarimiz orqali berib boriladi".
Adliya vaziri matbuot kotibi Sevara Oʻrinboayeva esa dam olish kuni hujjatlarni roʻyxatdan oʻtkazishda qonunchilik buzilishi, tizim ishlash-ishlamasligini quyidagicha izohladi:
"Hujjat tashabbuskorlari qaysi kuni kiritsa, shu kuni roʻyxatdan oʻtkaziladi. Tizim dam olish kunisiz ishlayveradi".