Isroil Suriyadagi Eron konsulligiga jiddiy zarba berdi
Hujum oqibatida ikki eronlik general va beshta ofitser qurbon boʻlgan.

Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Suriyaning Damashq shahridagi Eron konsulligiga berilgan zarbada Suriya va Livandagi korpus kuchlari generali va qoʻmondoni Muhammad Rizo Zohidiy halok boʻlganini tasdiqladi. Bu haqda Fars News agentligi xabar berdi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, zarbalar natijasida beshdan yetti nafargacha odam halok boʻlgan. Ular orasida ikki general va beshta ofitser ham bor. Eronning Suriyadagi elchisi Husayn Akbariyning aytishicha, halok boʻlganlar orasida korpusning boshqa aʼzolari ham bor. BMT Bosh kotibi idorasi ushbu zarbadan xavotir bildirdi. Eron davlat matbuoti Isroilni aybladi.
Eronning Damashqdagi "Tasnim" axborot agentligining xabar berishicha, hujum oqibatida jami 11 kishi halok boʻlgan. Agentlik maʼlumotlariga koʻra, yana 12 kishi jarohat olgan. Suriyada inson huquqlarini monitoring qilish markazi olti kishi halok boʻlganini yozmoqda. "Tasnim" agentligining xabar berishicha, halok boʻlganlar orasida general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy ham bor. Eronning Damashqdagi elchisi Husayn Akbariy davlat televideniyesi orqali zarba Isroil havo kuchlari tomonidan F-35 qiruvchi samolyotlari yordamida amalga oshirilganini aytdi.
BMT Bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik matbuot anjumani chogʻida tashkilot Damashqdagi konsullikka hujum qilingani haqidagi xabarlardan "xavotirda" ekanini, ammo sodir boʻlgan voqealar haqida yetarlicha maʼlumotga ega emasligini aytdi. Uning taʼkidlashicha, BMT "har qanday davlatga tashqi hujumlar yoki suverenitetning buzilishini qoralaydi".
Reuters agentligi bilan suhbatda Isroil harbiy voizi mamlakat havo kuchlarining zarbaga aloqadorligi haqidagi savollarga javob berishdan bosh tortdi. "Biz xorijiy OAV xabarlariga izoh bermaymiz", dedi u.