Ehtiyojmand aholiga minglab koʻchatlar bepul yetkazib berilmoqda
Xususan, Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi besh yuzga yaqin ehtiyojmand oilalarga 3 mingdan ziyod koʻchatlar (olma, gilos, olcha, tut) yetkazib berilib, oʻsha kunning oʻzida ekish ishlari boshlab yuborildi.
Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 29 mart kuni “Yashil makon” loyihasi va obodonlashtirish ishlari boʻyicha oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida belgilab bergan vazifalar ijrosi doirasida ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, hududlarda bogʻlar yaratish, yoʻl boʻy hamda boʻsh va qarovsiz yerlarda daraxtlar ekish, “yashil belbogʻlar” barpo etish, koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib borish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi boshlab yuborilgan.
Jumladan, Prezident Xalq qabulxonasi rahbariyati tashabbusi bilan joylarda “Xalq qabulxonalari bogʻ”lari yaratilmoqda. Misol uchun, Qashqadaryo viloyati hokimligi, oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi hamkorligida Qarshi shahridagi 7 gektar boʻsh maydonda “Xalq qabulxonasi bogʻi”ni tashkil etishga kirishildi. Buning uchun chinor, eman, argʻuvon (bagryannik), qaragʻay, hind sireni, pavloniya, akatsiya kabi 12 turdagi 2,5 ming tupdan ortiq manzarali daraxt koʻchatlari keltirildi. Koʻpning kuchi birlashib, qisqa vaqtda 5 gektar yerga 2,5 ming daraxt koʻchatlari ekildi, hududdagi mavjud sugʻorish tizimi ham yangilanyapti.
Yoki Toshkent viloyati Prezident Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan 1 gektar maydonga 300 tup archa, 150 tup manzarali va 500 tup mevali (olma, olxoʻri, gilos, oʻrik, anjir, yongʻoq) daraxt koʻchatlari ekilib, katta bogʻ yaratildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan esa sektor rahbarlari hamda tumandagi davlat idora va tashkilotlari xodimlari bilan hamkorlikda Amudaryo tumanida “Toʻlqin”, “Choykoʻl”, “Qipchoq”, “Oʻrta qalʼa” OFYlari va “Uyshin”, “Daryo boʻyi”, “Beshtom” mahallalarining yoʻl boʻylariga 3 mingdan ziyod mevali va manzarali daraxtdar ekildi.
Aynan shunday hayrli ishlar Buxoro viloyatida ham amalga oshirildi. Jumladan, Kogon, Jondor va Romitan tumanlarida 2 gektardan oshiq yerda “Xalq qabulxonasi bogʻ”lari tashkil etildi. Prezident Xalq qabulxonasi, sekotr rahbarlari, jamoat faollari bilan hamkorlikda 13 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt koʻchatlari, uzum toklari ekildi. Kelgusida viloyatning boshqa hududlarida ham yana 4 mingta manzarali va 5 mingta mevali daraxt koʻchatlarini oʻtqazish rejalashtirilgan.
Ushbu koʻkalamzorlashtirish va bunyodkorlik ishlarida yuzlab masʼullar, nuroniylar, yoshlar, ishchilar, koʻnglli hasharchilar oʻz hissasini qoʻshdi. Bu kabi “Xalq qabulxonasi bogʻ”larining yaratilishi barcha hududlarda davom etmoqda.
Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev tashabbusi bilan yana bir hayrli ishga qoʻl urildi. Jumladan, yashash sharoiti ogʻir boʻlgan yuzlab extiyojmand xonadonlarga tomorqadan samarali foydalanishga koʻmaklashish maqsadida minglab mevali daraxt koʻchatlari bepul yetkazib berildi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 5 yuzga yaqin ehtiyojmand oilalarga 3 mingdan ziyod koʻchatlar (olma, gilos, olcha, tut) yetkazib berilib, oʻsha kunning oʻzida ekish ishlari boshlab yuborildi. Bundan tashqari, Prezident Xalq qabulxonasi rahbariyati homiyligida keltirilgan 7 mingdan ortiq tut koʻchatlari tumanlar kesimida taqsimlanib, joylarga yetkazib berildi.
Misol uchun, Koʻkdala tumanida yashovchi 30dan ortiq ehtiyojmand oilalar xonadonlariga 500 dan ziyod koʻchatlar olib kelinib, tuman Xalq qabulxonasi va “mahalla yettiligi” xodimlari tomonidan fuqarolarning tomorqalariga ekilishi taʼminlandi.
Yoki Toshkent viloyati Xalq qabulxonasi tomonidan “Yashil makon” dasturi doirasida Nurafshon shahar “Evalak” MFYda yashovchi ijtimoiy holati ogʻir boʻlgan Xaitov Baxtiyorning xonadoniga 90 dona terak, 30 dona anor, olxoʻri mevali daraxt koʻchatlari ekib berildi. Shuningdek, mahallaning Shijoat va Shijoat tor koʻchalariga 60 dona mevali daraxt koʻchatlari oʻtkazildi.
Angren shahrida yashovchi Maxmutova Azadaning tomorqasiga ham 100 dona terak, 10 dona mevali daraxt, 80 dona gul va rayxon koʻchatlari ekildi.