"Bunyodkor" Rivaldo va Denilsondan qarz boʻlib qoldi
Klub qarzni toʻlash boʻyicha futbolchilar bilan kelishuvga erishgan. Unga koʻra, pullar boʻlib-boʻlib toʻlanadi.
Shu yilning 7 fevral kuni FIFA "Bunyodkor" sobiq futbolchilari Rivaldo va Denilson shikoyatlari boʻyicha qayta ish ochgan boʻlib, unda klubga katta qarz majburiyati (9,2 mln. yevro) yuklangandi.
Klub 15 kunda futbolchilar oldidagi qarzdorlik majburiyatini bajarishi lozim boʻlgan.
OFK litsenziyalashi talabidan kelib chiqib, professional futbol klubi yilning 31 mart sanasiga qadar qarzdorlik bilan bogʻliq masalalarni hal etishi lozim edi.
Klub matbuot xizmatining xabar berishicha, olib borilgan muzokaralar natijasida tomonlar 30 mart kuni kelishuvga erishdi.
Natijada "Bunyodkor" litsenziyalash platformasiga lozim hujjatlarni yuklashga ulgurdi.
FIFA qaroriga koʻra, "Bunyodkor" Rivaldo va Denilson oldidagi qarzdorlikni shu yilning 7 aprel sanasiga qadar bartaraf etishi kerak edi. Yangi kelishuvga koʻra toʻlanishi lozim boʻlgan summalar sezilarli koʻrinishda kamaytirildi. Qoʻshimchasiga, kelishilgan summa Denilsonga 2026 yilgacha uch qismga boʻlib toʻlanadigan boʻldi.
Rivaldo bilan hisob-kitob esa 2028 yilga qadar har yili bir martadan amalga oshiriladigan boʻldi.