Shavkat Mirziyoyev Mahmadtoir Zoir bilan uchrashuv oʻtkazdi
U Tojikiston Oliy Majlisi Namoyandagon majlisi Raisi sanaladi. Uchrashuvda parlamentlararo muloqot masalasi koʻtarildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga davlat tashrifi doirasida 19 aprel kuni ushbu mamlakat Oliy Majlisi Namoyandagon majlisi Raisi Mahmadtoir Zoir bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi koʻp qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida bugun yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Parlamentlararo almashinuvni yanada faollashtirish, kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar dasturlarni qoʻllab-quvvatlash va ilgari surish uchun sohaviy qoʻmitalar va hududiy kengashlar darajasida samarali aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qabul qilingan hujjatlarni xatlovdan oʻtkazish hamda oliy darajadagi kelishuvlarning oʻz vaqtida roʻyobga chiqarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda ikki mamlakat deputatlarining muhim roli qayd etildi, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, 18 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Tojikistonga bordi. Ikki davlat rahbarlari oʻzaro Ittifoqchilik toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladilar.