Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Tojikistonga bordi
Dushanbe aeroportida Oʻzbekiston rahbarini prezident Emomali Rahmon kutib oldi. Ikki davlat rahbarlari tor doirada muzokara oʻtkazdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Dushanbe shahriga keldi.
Poytaxt aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi va ikki mamlakat davlat bayroqlari koʻtarildi. Oʻzbekiston Prezidentini kutib olishda Tojikiston yoshlari va ijodiy jamoalari vakillari ham qatnashdi.
Soʻng Prezidentimiz “Doʻstiy” maydoniga tashrif buyurib, Ismoil Somoniy haykali poyiga gul qoʻydi.
Taʼkidlash joizki, oliy darajadagi muzokaralarda yetakchilar Oʻzbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar, xalqaro va mintaqaviy darajadagi hamkorlik yuzasidan fikr almashadilar.
Tashrif dasturida ikki mamlakat sanʼat ustalarining konsertini birgalikda tomosha qilish hamda «Made in Uzbekistan» mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishish rejalashtirilgan.
Davlat tashrifi doirasida bir qator tadbirlar, shu jumladan xotin-qizlar forumi, Oʻzbekiston kinosi kunlari, ziyolilar, olimlar va tarixchilar konferensiyasi, milliy taomlar va turizm salohiyati festivali boʻlib oʻtdi.
Avvalroq Toshkent shahrida Rektorlar forumi va Dushanbe shahrida biznes forumi oʻtkazilgan edi.
Dushanbedagi “Qasri Millat” qarorgohida davlat tashrifi bilan Tojikistonga kelgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat madhiyalari yangradi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini bir-biriga tanishtirdilar. Birgalikda suratga tushildi.
Dushanbedagi “Qasri Millat” davlat qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tor doirada uchrashuv oʻtkazdilar.
Siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Yetakchilar Markaziy Osiyoning manfaatlarini ilgari surish va uning barqaror taraqqiyotini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilishlarini tasdiqladilar.
Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlarida sifat jihatidan yangi bosqichga oʻtish ekani taʼkidlandi.
Shu maʼnoda, ittifoqchilik munosabatlarining salohiyatini roʻyobga chiqarish barcha darajalardagi muloqotlar natijadorligini oshirishni taqozo etishi qayd etildi.
Taʼkidlash joizki, oxirgi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 40 barobar oʻsdi. Qoʻshma korxonalar soni 15 barobar koʻpaydi.
Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish, shu jumladan oʻzaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish, chegaraoldi savdo zonalarini tezkor ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli oʻtkazilgan boʻlib, uning yakunida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining katta portfeli shakllantirildi.
Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, konchilik, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik va farmatsevtika tarmoqlaridagi oʻzaro manfaatli loyihalar shular jumlasidan.
Tomonlar kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha aniq rejalarni ham belgilab oldilar. Shu maqsadda qoʻshma Investitsiya kompaniyasining salohiyatidan foydalaniladi.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Kinotomoshalar, konsertlar, spektakllar, koʻrgazmalar va yoshlar forumlari muntazam oʻtkazilishi taʼkidlandi. Taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, hamyonbop turizm dasturlarini ishlab chiqish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari Prezident Emomali Rahmonni oʻziga qulay boʻlgan vaqtda Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.