Qonunga zid yirik davlat xaridlari bekor qilindi

Masalan, "Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi" buyurtmachiligida Qashqadaryo viloyatida paxta maydonlarini tomchilatib sugʻorish tizimini oʻrnatish uchun 9,4 mlrd soʻmlik xarid amalga oshirilgan. 

Davlat xaridlari
17-aprel, 18:31
Qonunga zid yirik davlat xaridlari bekor qilindi

Aksilkorrupsiya agentligi davlat xaridlarida qonunbuzilishi holatlari aniqlaganini eʼlon qildi

Xususan:    

"Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi" MChJ buyurtmachiligida 20 mart kuni Qashqadaryo viloyatida paxta maydonlarini tomchilatib sugʻorish tizimini oʻrnatish yuzasidan oʻtkazilgan 9,4 mlrd soʻmlik;

"Oqdaryo tuman yoʻllardan foydalanish" korxonasi buyurtmachiligida 28 mart kuni qurilish ishlarida foydalanish uchun sheben (chaqilgan tosh) mahsulotini sotib olish yuzasidan oʻtkazilgan 2,5 mlrd soʻmlik; 

Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti buyurtmachiligida 12 mart kuni 100 nafar talabaga ingliz tilini oʻrgatish xizmatini koʻrsatish yuzasidan oʻtkazilgan 150 mln soʻmlik davlat xaridlarida qonunchilik talablariga zid ravishda affillangan shaxslar gʻoliblikni qoʻlga kiritganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek:

"Hududgaztaʼminot" AJ buyurtmachiligida 7 mart kuni soliq maslahati xizmatini koʻrsatish  yuzasidan oʻtkazilgan 1,2 mlrd soʻmlik;

"Fargʻonayoʻlkoʻkalam" UK buyurtmachiligida 27 fevral kuni 4 turdagi daraxtlar koʻchatlari xarid qilish  yuzasidan oʻtkazilgan 289,5 mln soʻmlik;

Urganch davlat universiteti buyurtmachiligida 6 mart kuni suzish fanida foydalanish uchun suzish havzasi xizmatini koʻrsatish yuzasidan oʻtkazilgan 260,6 mln soʻmlik;

Qoʻqon shahar hokimligi buyurtmachiligida 15 mart kuni respublika, viloyat va shahar miqyosida tashkil etiladigan tadbirlarga borib-kelishda yoʻlovchi tashish xizmatini koʻrsatish yuzasidan oʻtkazilgan 212 mln soʻmlik;

Hayvonlarni identifikatsiya qilish roʻyxatga olish va kuzatish markazi buyurtmachiligida 12 mart kuni oʻtkazilgan hayvonlarning identifikatsiya raqami tashuvchilarining atributlariga qoʻyiladigan umumiy talablar toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi milliy standartini ishlab chiqish xizmatini koʻrsatish yuzasidan oʻtkazilgan  120 mln soʻmlik;

"Namangan yoʻl qurilish-taʼmirlash" MChJ buyurtmachiligida 14 mart kuni obʼektda yoʻl qurish jarayonida suv tashish va sepish xizmatini koʻrsatish yuzasidan  oʻtkazilgan 120 mln soʻmlik davlat xaridlarida ishtirok etgan tadbirkorlarning hujjatlari Xarid komissiyasi raisi va aʼzolari foydalangan qurilma (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklanganligi va shu tariqa manfaatlar toʻqnashuvi holatlarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

Mazkur holatlar boʻyicha xarid komissiyasining gʻolibni aniqlash bayonnomalarini bekor qilish toʻgʻrisida buyurtmachilarga agentlikning taqdimnomalari kiritildi va toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Xabarda qayd etilishicha,  gentlikning taqdimnomalariga binoan yuqoridagi davlat xaridlari boʻyicha xarid komissiyasining bayonnomalari bekor qilingan. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mart oyida bir milliard soʻmdan oshiq qiymatdagi davlat xaridlari bekor qilinganini maʼlum qilgandi

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+