Shavkat Mirziyoyev toʻqimachilik boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

Viloyat hokimlari investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlari faoliyati sustligi, eksportchilarga koʻmaklashishga eʼtiborsizligi tanqid qilindi. Toʻqimachilik eksporti kutilgan koʻrsatkichdan 200 million dollar kam boʻlgan. 

Iqtisod
16-aprel, 18:36
Shavkat Mirziyoyev toʻqimachilik boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

Prezident raisligida toʻqimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 

Oʻtgan yili toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish 94 trillion soʻmga yetib, soʻnggi 7 yilda 4,2 baravar oshgani, 2023 yilda tarmoqdagi eksport 3,1 milliard dollar boʻlgani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, oxirgi ikki yilda jahon bozorida toʻqimachilik mahsulotiga boʻlgan talab kamaygani qayd etildi. Bundan tashqari, asosiy eksport bozorlarimizda valyuta kursi bilan bogʻliq muammolar yuzaga keldi.

Shuni hisobiga oʻtgan yilda toʻqimachilik sohasi eksporti kutilgan koʻrsatkichdan 200 million dollar kam boʻldi.

Soʻnggi oylarda toʻqimachilik mahsulotlarimiz 3 ta yangi bozorga chiqdi, eksport geografiyasi 83 ta davlatga kengaydi.

Biroq hanuzgacha eksportning qariyb 80 foizi Rossiya, Xitoy va Turkiya bozorlariga toʻgʻri kelayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, Yevropaga eksportni koʻpaytirish dolzarb ahamiyatga ega.

Yevropa, Amerika va boshqa rivojlangan davlatlar bozoriga yoki brendlarga eksport hajmini oshirish uchun korxonadan xalqaro standart va sertifikat talab etiladi. Lekin, eksportchilarimizning 12 foizigina bunday talablarga javob beradi.

Viloyat hokimlari investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlarining bu boradagi faoliyati sustligi, eksportchilarga koʻmaklashishga eʼtiborsizligi tanqid qilindi.

Bugungi kunda chetdan yuqori hosildor urugʻlik chigit keltirib, 100 ming gektarga ekish ishlari olib borilmoqda. 

Ayni kunlarda Xorazm 8 ming gektarga chigitni toʻliq ekib boʻldi. Andijon ekishni yaqinda tugatadi. Qoraqalpogʻiston, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida ekish ishlari 10 foiz, Qashqadaryo, Namangan, Fargʻonada 30 foiz, Buxoro, Jizzax va Sirdaryoda 60 foizga ham bormasligi qayd etildi.

Mutasaddilarga bu boradagi ishlarni jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Barcha klasterlar faoliyati tahlil qilinib, ulardagi xomashyo va aylanma mablagʻ bilan bogʻliq masalalar oʻrganildi.
 
Chuqur qayta ishlashni joriy qilgani uchun aksariyat klasterlar yaxshi ishlayapti, ularning faoliyatida kreditni qaytarish, ishlab chiqarishning pasayishi bilan bogʻliq muammolar yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi. 

Ayrim klasterlarga esa biroz koʻmak berilsa, unumdorlik va eksport yanada oshadi. Mutasaddilarga klasterlarni qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish topshirildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+