platina.uz

Shavkat Mirziyoyev toʻrt arab davlati TIV rahbarlarini qabul qildi

15 aprel kuni davlat rahbari Qatar, Saudiya Arabistoni, Oʻmon va Quvayt tashqi ishlar vazirlari bilan muloqot qildi. 

Siyosat
15-aprel, 17:25
Shavkat Mirziyoyev toʻrt arab davlati TIV rahbarlarini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 aprel kuni Qatar Davlati Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Qatar delegatsiyasi “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Bosh vazir Muhammad Ol Soniy Oʻzbekiston yetakchisiga Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari siyosiy muloqot jadal tus olgani, oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi faol oshayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar tadbirlar oʻtkazilmoqda. Oktabr oyida Oʻzbekistonda Qatar madaniyati haftaligi boʻlib oʻtadi.

Qoʻshma investitsiya loyihalarini ilgari surish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini tezroq yaratish muhimligi qayd etildi.

Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Yaqin Sharqdagi vaziyatning jiddiy keskinlashayotgani yuzasidan ham fikr almashildi.

Prezident, shuningdek 15 aprel kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koʻrfaz arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari yigʻilishi doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saudni qabul qildi.

Saudiya Arabistoni tashqi siyosiy idorasi rahbari Oʻzbekiston yetakchisiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni va keng koʻlamli sheriklikni oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda turli darajalarda faol muloqotlar va delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari davom etmoqda. Oʻzaro savdo hajmi, qoʻshma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshib bormoqda.

“Yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, IT va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari boshlangan.

Boʻlajak tadbirlar, shu jumladan 2025 yilda oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining ikkinchi sammitiga puxta tayyorgarlik koʻrish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev 15 aprel kuni “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi vazirlar strategik muloqotida ishtirok etish uchun mamlamkatimizga kelgan Oʻmon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Tashqi ishlar vaziri davlatimiz rahbariga Oʻmon Sulton Haysam bin Toriq Ol Saidning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi salohiyatni samarali roʻyobga chiqarish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan qoʻshma investitsiya kompaniyasining loyihalar portfelini kengaytirish muhim ekani qayd etildi.

Bank sohasini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim kabi ustuvor yoʻnalishlarda yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish taklif qilindi.

Oʻzaro muloqotlarni va hamkorlikning institutsional mexanizmlarini faollashtirish – siyosiy maslahatlashuvlar, Hukumatlararo komissiya yigʻilishlari, biznes forumlari va koʻrgazmalarni muntazam oʻtkazib borish zarurligi taʼkidlandi.

Mintaqaviy, shu jumladan 2011 yilgi Ashxobod kelishuvlari doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibidagi boshqa masalalar, xususan, Afgʻonistondagi vaziyat va Falastin muammosini tinch yoʻl bilan hal etish yuzasidan fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev Kuvayt Davlati tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Yuqori martabali mehmon Oʻzbekiston yetakchisiga Kuvayt Amiri shayx Mishʼal as-Sabohning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, moliya-investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzaro tashriflarni faollashtirish, madaniy va turizm almashinuvlariga oid dasturlarni amalga oshirish, yetakchi kompaniyalar ishtirokida, shu jumladan Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan yaqin hamkorlik doirasida hamda Kuvayt investitsiya agentligi bilan samarali sheriklikni yoʻlga qoʻyish orqali ustuvor tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini ilgari surish zarurligi qayd etildi.

Yaqin fursatda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar, qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi va biznes forumini oʻtkazish muhim ekani taʼkidlandi.

Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+