DXX Qashqadaryoda hokim oʻrinbosarini qoʻlga oldi

Shuningdek, joylarda transport boshqarmasi boshligʻi, MIB katta inspektori ham ushlangan. 

Jamiyat
14-aprel, 10:35
DXX Qashqadaryoda hokim oʻrinbosarini qoʻlga oldi

DXX hokim oʻrinbosari, Transport boshqarmasi boshligʻi, MIB xodimi va boshqalarning noqonuniy harakatlariga chek qoʻydi. 

Maʼlum boʻlishicha, Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumani hokimining oʻrinbosari plyonka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xususiy korxonani “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida mahalliy dehqonlarga plyonka yetkazib beruvchi taʼminotchi korxona sifatida tayinlash evaziga 5 ming AQSh dollari talab qiladi. 

Ammo, u soʻralgan pul mablagʻi hisobidan 15 mln. soʻm olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, hokim oʻrinbosari oʻzining qoʻshtirnoq ichidagi xolis yordami evaziga avval 10 mln. soʻm olganligi ham maʼlum boʻldi.

Taʼkidlash lozimki, u muqaddam Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan sudlangan boʻlsada, oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan. 

Andijon shahrida kuzatilgan holatda, yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi MChJ rahbari mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, oʻzining mansabdor tanishlari orqali, uning nomiga masʼuliyati cheklangan jamiyat tashkil etib, “Eski shahar – Oltinkoʻl” yoʻnalishida yoʻlovchi tashish boʻyicha aholiga pullik xizmat koʻrsatish uchun oʻtkazilishi rejalashtirilgan tenderda gʻoliblikni qoʻlga kiritib berish evaziga 7500 AQSh dollari talab qiladi.

DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Andijon viloyati transport boshqarmasi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi mansabdor shaxsning ushbu noqonuniy ishga aloqadorligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.

Afsuski, mazkur shaxs ham muqaddam sudlangan boʻlsada, xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.

Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi katta inspektori Byuroning markaziy apparati ish yurituvidagi parrandachilik korxonasi hisobidan aksiyadorlik tijorat banki foydasiga jami 11 mln. 108 ming 629 AQSh dollari va 265 ming 187 yevro miqdoridagi qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi ijro ishi yuzasidan, korxonaga tegishli koʻchmas mulklarni baholash ishlari uchun belgilangan xizmat haqini turli vajlar bilan baholash firmasi foydasiga oshirilgan narxda koʻrsatib, bank tomonidan baholash firmasi hisobiga oʻtkazilgan ortiqcha pul mablagʻidan oʻzining ulushi sifatida 2500 AQSh dollari olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ushlandi.

Fargʻona viloyatida kuzatilgan holatda, Yozyovon tumani hokimligi qoshidagi “Xoʻjalik hisobidagi uy-joylarni roʻyxatga olish, almashtirish va taqsimlash” boʻlimi boshligʻi oʻzining vakolatli tanishlari orqali, mahalliy fuqaroning yashash xonadoni uchun order va kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2500 AQSh dollari olgan vaqtida DXX hamda IJQKD xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+