Vetnamda yirik tadbirkor ayol oʻlimga hukm etildi
U bankning 12,5 mlrd. dollar pulini oʻzlashtirib yuborishda ayblanmoqda.
Vetnamning eng boy ayollaridan biri firibgarlik uchun oʻlim jazosiga hukm qilindi.
U bankdan 12,5 milliard dollar yechib olib, oʻzlashtirishda ayblanmoqda. Xoshimin shahri sudi 67 yoshli vetnamlik ishbilarmon ayol Truong Mi Lanni 11 yil davomida mamlakatning eng yirik banklaridan birini talon-taroj qilganlikda ayblab, oʻlimga hukm qildi.
Yirik Van Thin Phat kompaniyasi rahbari Truong Mi Lan Vetnamda moliyaviy jinoyatlar uchun oʻlimga hukm qilingan kam sonli ayollardan biridir. Firibgarlikning koʻlami ham misli koʻrilmagan. Truong Mi Lan Saygon tijorat bankidan 304 trillion VND (taxminan 12,5 milliard dollar) kredit olganlikda aybdor deb topildi. Biroq, uning harakatlaridan koʻrilgan jami zarar 27 milliard dollarga baholanmoqda va sud hukmi uni aynan shu summani qaytarishga majbur qilmoqda, garchi ayblov buning iloji yoʻq deb hisoblasa ham.
Taxminlarga koʻra, sud Truongni unga bosim oʻtkazish va hech boʻlmaganda oʻgʻirlangan mulkning bir qismini qaytarishga majburlash uchun oʻlimga hukm qilgan. Truong Mi Lan aybini tan olmadi va aybni qoʻl ostidagilarga yukladi. Lanning oila aʼzolaridan biri Reuters agentligiga u hukm ustidan shikoyat qilishni rejalashtirayotganini aytdi.
Truong Mi Lan Xoshimin shahrida yashovchi xitoy-vetnam oilasidan chiqqan tadbirkor sanaladi. Katta etnik xitoy hamjamiyatiga ega boʻlgan shahar Vetnam iqtisodiyotining quvvat manbai boʻlib kelgan.
Truong bozorda savdogar sifatida onasi bilan kosmetika sotgan, ammo 1986 yilda Kommunistik partiya iqtisodiy islohotlarni boshlaganidan keyin u yer va koʻchmas mulk sotib olishni boshlagan. 1990 yillarga kelib u bir nechta mehmonxona va restoranlarga ega edi.