Yevropa Chempionlar ligasi oʻyinlarida tekshiruv kuchaytirilmoqda
IShIDning bayonotidan soʻng, oʻyinlar oʻtadigan shaharlarda xavfsizlik qoidalari kuchaytirildi.
IShID terror guruhi Yevropa Chempionlar ligasi oʻyinlariga tahdid solmoqda: natijada London, Parij va Madridda xavfsizlik choralari kuchaytirildi.
Yevropada Chempionlar Ligasi futbol oʻyinlarida xavfsizlik kuchaytiriladi, ammo Madrid, Parij va Londondagi oʻyinlar IShID guruhi tahdidlariga qaramay, rejadagidek davom etishi belgilangan deya maʼlum qildi UYeFA.
Fransiya va Ispaniya hukumati ham xavfsizlik choralari kuchaytirilganini tasdiqladi.
IShIDga yaqin boʻlgan internet nashrlarida oʻyinlar oʻtkaziladigan stadionlarga hujum qilishga chaqiruvchi bir qancha plakatlar paydo boʻlgach, xavfsizlik choralarini kuchaytirishga toʻgʻri keldi.
IShIDga yaqin nashrlar odamlarni terror hujumlarga chaqirdi va Londondagi "Emireyts" stadioni, Madriddagi "Santyago Bernabeu" va "Metropolitano" stadionlari hamda Parijdagi "Park de Prens" stadionlari suratlarini chop etdi.
Eslatib oʻtamiz, Chempionlar ligasi chorak finali oʻyinlarining ikki uchrashuvi kecha oʻtkazildi, ikkitasi bugun boʻlib oʻtadi.
Eslatib oʻtamiz, 22 mart kuni Moskva viloyatidagi teraktda 140 dan oshiq kishi halok boʻldi. Ushbu hodisa uchun javobgarlikni IShIDning "Xuroson" boʻlinmasi oʻz zimmasiga oldi. Shundan keyin dunyoning koʻplab davlatlari, jumladan Yevropada xavfsizlik qoidalari kuchaytirildi.