Rossiyada haydovchilik guvohnomasi boʻyicha cheklovlar kuchga kirdi
Bu Oʻzbekistondan borgan fuqarolarga ham taʼsir qiladi.
Endi chet elda olingan haydovchilik guvohnomalari egalari Rossiyaga kelgandan keyin bir yil ichida ularni ushbu mamlakat guvohnomalariga almashtirishlari kerak boʻladi. 1 apreldan "Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida"gi federal qonunga tegishli oʻzgartirishlar kuchga kirdi.
Boshqa davlatda hujjat olib, keyin Rossiyaga koʻchib oʻtganlar endi bir yil ichida haydovchilik guvohnomasini Rossiyanikiga almashtirishlari kerak.
Bu Rossiyada yashash ruxsatnomasini yoki mamlakat fuqaroligini yangi olganlar uchun amal qiladi.
"M" (mopedlar, skuterlar), "A" (dvigatel hajmi 125 kub santimetrdan ortiq va quvvati 11 kilovatt va undan koʻp boʻlgan mototsikllar) va "B" (yengil avtomobillar) toifalaridagi Rossiya litsenziyalarini olish uchun xorijlik haydovchilik guvohnomasi egalari faqat tibbiy maʼlumotnoma (003-B/u shakl) taqdim etishlari va yoʻl harakati politsiyasida nazariy imtihon topshirishlari kerak. "C" (yuk mashinalari) va "D" (avtobuslar) toifalari uchun esa toʻliq qayta tayyorlash va imtihondan oʻtish kerak. Istisno faqat Belarus litsenziyalari egalari uchun qoʻllaniladi - ularni oʻzgartirishga hojat yoʻq.
Eslatib oʻtamiz, Rossiya hududida koʻplab oʻzbekistonlik fuqarolar haydovchilik faoliyatini amalga oshiradi. Bu oʻzgarishlar ularga ham taalluqli boʻladi.
Taʼkidlash kerakki, 1 apreldan boshlab Oʻzbekistonda ham avtomobillar bilan bogʻliq yangi oʻzgarishlar kuchga kirdi. Jumladan, benzin va gazda yuradigan avtomobillarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish 68 baravar qimmatlab, 2 mln. 325 ming soʻmni tashkil etdi (avval 34 ming soʻm edi). Elektromobillar uchun bu miqdor 510 ming soʻmni tashkil qiladi.