Nega dunyo boylarining aksariyati yahudiy?

Hozirgi kunda ular turli qudratli davlatlardagi lobbilar orqali Isroilga muntazam yordam berish, uni har tomonlama himoya qilish uchun bor kuch va mablagʻlarini ayashmayapti.

Maqola
1-aprel, 18:16
Nega dunyo boylarining aksariyati yahudiy?

Ayni paytda dunyodagi milliarderlarning deyarli yarmi yahudiy millatiga mansub. Bu millat vakillari dunyo siyosati, iqtisodiyoti va ijtimoiy-madaniy qiyofasiga taʼsir qila oladigan qudratga ega. Ayrimlarining qudrat va imkoniyatlari avloddan-avlodga meros boʻlib oʻtib keladi: ular yirik va mashhur sulolalarga aylanib ketishgan. Jumladan, Rotshildlar sulolasi oʻz vaqtida qirollar va yirik kompaniyalarni qarzdor qilib qoʻya olgan, butun boshli urushlarni va inqiloblarni moliyalashtirgan, ulkan siyosiy-iqtiqodiy loyihalarga sarmoya kiritgan. Hozir ham ayrim konspirologik qarashlar Rotshildlarni butun dunyo siyosati va iqtisodiyotini xufyona boshqaruvchi kuch sifatida koʻradi.

“Qizil qalqonli” uy

XVIII asrning 60-yili. Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahridagi yahudiylar gettosi – “Yudengasse”da hayot qaynaydi. Yaqinda yoqqan yomgʻirdan balchiqqa aylangan va betartib sochilgan axlat uyumlaridan befayz koʻrinuvchi tor hamda nimqorongʻu koʻchalar shom oldidan doimgidek gavjum. Odamlar kech tushmasdan uylariga yetib olish uchun shoshiladi. Chunki shahar qonunlariga koʻra, kech tushganidan keyin, bayram hamda dam olish kunlari yahudiylarning koʻchada yurishlari taqiqlanadi.

“Yudengasse” mahallasining bir tarafi shaharning baland devorlari, bir tarafi zovga taqalib turadi. Mana shu tor va irkit joyda bir necha ming yahudiyga yashash uchun izn berilgan. Bechoralar shunga ham xursand. Chunki oʻsha davrlarda Germaniyada, umuman Yevropa va Rossiya imperiyasida yahudiylarning ahvoli ogʻir edi. Ularga faqat maʼlum bir hududlarda yashashga ruxsat berishar, turli hujjat, shartnoma, qonun va soliqlar bilan tinka-madorlarini quritishar edi. Bu ham kamlik qilgandek, biror mish-mish yoki hodisadan norozi boʻlgan mahalliy aholi toʻsatdan yahudiy mahallalariga bosqin – “pogrom” uyushtirar, yahudiylarning uylariga oʻt qoʻyib, duch kelgan yahudiyni urib, oʻldirib, xotin-qizlarini zoʻrlab, qoʻllariga ilashgan matoh va pullarni tortib olib ketishardi. Bu nafratga esa yahudiylarning eng katta gunohi – Iso Masihni xochga torttirishgani roʻkach qilinardi. Aslida esa ularning shunday xoʻrlik va bosim ostida ham boyu badavlat yashashlaridan xasad qilishgan.

“Yudengasse” mahallasidagi koʻp qavatli, ulkan chumoli uyasiga oʻxshab ketadigan uylarning eshiklariga turli suratli tamgʻalar oʻrnatilgan. Ayrim uylarning raqamlari boʻlsa-da, odamlar ana shu suratga qarab uyga taʼrif berishgan. Gettodagi 152-uy devorida esa qizil qalqon tamgʻasi tushirilgan edi. Bu uy gettodagi boshqa uylardan deyali farq qilmaydi. Ammo undagi odamlar asosan savdo bilan shugʻullanishgani bois, nisbatan toʻq hayot kechirishgan.

Gap shundaki, nasroniylik dinida boy boʻlish maʼqullanmagan. Eng asosiysi – sudxoʻrlik qilish, yaʼni foizga pul qarz berish taqiqlangan. Yahudiylik dinida ham bu ish taqiqlangan, biroq yahudiy boʻlmagan xalqlar bilan sudxoʻrlik qilishga ruxsat berilgan.

Shu bois Yevropada sudxoʻrlik bilan asosan yahudiylar shugʻullangan. Bank, birja, kredit ittifoqi kabi moliyaviy muassasalar rivojiga ham aynan yahudiy tadbirkorlar katta hissa qoʻshgan.

“Yudengasse”dagi “qizil qalqonli” uyda ham doʻkondor Itsxak Elxanan Rotshild hamda uning bir necha ajdod-avlodi yashab oʻtishgan. Uning familiyasi esa shu uydagi tamgʻa nomidan olingan. (nemischa zum rothen Schild — «qizil qalqonli») Itsxakning merosxoʻrlari 1664 yilda boshqa uyga koʻchib oʻtishganida barchalari Rotshild familiyasini oʻzlariga meros qilib olishdi. Bu yangi uy 30 nafar Rotshildlar uchun XIX asrgacha nafaqat istiqomat qilish, balki biznes yuritish uchun ham boshpana vazifasini oʻtagan.

Frankfurt-Mayn gettosidagi Rotshildlar oilasi yashagan uy.

Xuddi shu uyda tanga va buyumlar oldi-sotdisi bilan shugʻullanuvchi Amshel Mozes Rotshild ham oʻzining 8 nafar farzandi bilan birga umrguzaronlik qilgan. U har xil nodir buyumlar, qadimiy tangalar bilan savdo qilgan va juda kamtarona hayot kechirgan. Amshel bir qoidaga qatʼiy amal qilgan: "Koʻp pul topgan odam emas, koʻp pul tejab qolgan odam boy boʻladi”. Shunday boʻlsa-da, Amshel koʻp ham pul orttirmadi, u oʻzidan 1,5 ming florinni tejagan.

Uning oʻgʻli Mayer Amshel oilada eng qobiliyatli farzand boʻlgan. U 3 yoshida ivrit tilini oʻrganib, yahudiylik diniy kitobini yod olgan. 12 yoshida yetim qolib, qarindoshlari qoʻlida tarbiyalangan. Ota-onasining vasiyatiga koʻra, uni Fyurtdagi mashhur sinagoga diniy oʻqishga joʻnatishadi. Ammo darslar uni qiziqtira olmaydi – Rotshild ravvin emas, savdogar boʻlishni xohlardi. U maktabdayoq pul almashlash – sarroflik bilan shugʻullana boshladi va doim karmonida pul bilan yurardi. U hatto bir nechta noyob tangalarni sotib olishga va ularni katta foyda bilan sotishga muvaffaq boʻldi. Qolaversa, u turli antiqa kolleksiyalarni tuzib, muomalaga chiqarar edi. U shu tariqa  oʻrtoqlari orasida uddaburon savdogar va sarrof sifatida shuhrat qozondi.

Nihoyat Mayer diniy oʻqishni tashlab Frankfurtga qaytib keldi. Bu yerda u oʻz moliyaviy amaliyotlari doirasini asta-sekin kengaytirib bordi. Faoliyat koʻlamini yanada kengaytirish maqsadadida Mayer Amshel Gannoverdagi Oppengeymer bank ofisiga ishga kirdi. Mayer bankda mansab pillapoyalaridan juda tez koʻtarildi va tez orada kompaniyaga sherik sifatida qabul qilindi. Lekin Mayer oʻz biznesini ochish orzusida yurardi. Yetarli pul va tajriba toʻplagan Mayer sheriklarini tashlab, yana Frankfurtga qaytib keldi. Bu yerda u dastlab qadimiy tangalar savdosi bilan shugʻullandi, oʻzi kataloglar tuzdi va bir nemis knyazligidan boshqasiga buyurtmalarni yetkazish bilan shugʻullandi.

Oʻsha davrda Yevropada turli mayda davlat va qiroliiklar koʻp boʻlgan. Ularning har biri oʻzi pul zarb qilgan – har bir davlatchada oʻz pul birligi mavjud boʻlgan. Buning ustiga Sharq va Xitoy bilan ham savdo aloqalari oʻrnatilgan. Natijada Yevropada turli pul birliklari va valyuta kurslari koʻpayib ketdi. Mayer mana shu valyutalar kurslarining “oʻynab turishi” va turli xilligi orasida baliqdek suzib, foyda koʻra boshladi. Qolaversa u sarroflik doʻkoni tashkil qildi. Bu yerda savdogarlar boshqa nemis knyazliklarining pullarini boshqasiga almashtirishlari mumkin edi. Mayer oʻz faoliyatini yanada kengaytirib, qiyin vaziyatga tushib qolgan, inqirozga uchragan sarroflarga tegishli bir nechta doʻkonlarni ham sotib oldi. Lekin Mayerning haqiqatan ham yuksalishi uning Gessen shahzodasi – kurfyurst Vilgelm bilan tanishganidan keyin boshlandi.

Saroyga yaqin yursang...

Mayer Amshel oʻz faoliyatini 1764 yilda valiahd shahzoda saroyiga antiqa tanga va medallar yetkazib beruvchi sifatida boshlagan, 5 yildan soʻng u saroy sarrofiga, keyin esa Gessen-Ganau knyazlik uyining asosiy saroy moliyaviy  agentiga aylandi. Taʼkidlash kerakki, shahzoda Vilgelm juda ishbilarmon odam boʻlgan. Uning oʻzi ham bankir boʻlishi mumkin edi, chunki u nemis knyazlari orasida birinchi boʻlib foizli kreditlar berishni boshlagan. Tez orada Yevropa suverenlarining yarmidan koʻpi undan qarzdor boʻlib qolishdi. Sekin-asta Mayer Rotshild ham bu ish bilan shugʻullana boshladi. U oʻz qudratli tanishlaridan foydalanib, boshqa sarroflar va sudxoʻrlar bilan birgalikda qarzlar va foizlarni undirib berish faoliyati bilan shugʻullangan.

1770 yilda Mayer Amshel oddiy, kamtarin va juda tejamkor ayol Gedula Shnaperga uylandi. Ular 5 oʻgʻil va 5 qiz koʻrishdi. Bu davrga kelib Mayer katta boyga aylangan edi. Endi uning eshigidagi yashil tamgʻani “Ganau shahzodasi gersog Vilgelm hazrati oliylarining ish boshqaruvchisi Mayer Rotshild” degan yozuv bezab turardi.

Mayer turli amaldor, zodagon, savdogar va qirollarga yrik miqdorda qarz bera boshladi. U boshqa raqobatchilarda yoʻq imkoniyatga ega edi: shahzodaning ogʻaynisi boʻlgani bois yahudiy savdogarlar toʻlaydigan soliqlardan ozod etilgan edi!

Mayer Rotshildning barcha moliyaviy operatsiyalarini batafsil tasvirlab boʻlmaydi. Ularning deyarli hammasi barchasi qatʼiy maxfiylikda amalga oshirilgan va ayrimlarigina ommaga oshkor boʻlib qolgan xolos.

Mayer Amshel qarib, kasal boʻlib qolganida, koʻpincha oʻgʻillari uning oʻrniga xizmat safarlariga keta boshladi. Mayer va uning avlodlari bitta qatʼiy qoidaga amal qilishar edi: muhim lavozimlarga faqat qarindoshlarni ishga olishar, uylanishda ham shu oila ichidagi amakivachcha yoki xolavachchalarga uylanishardi. Tashqaridan kuyov va kelin topish taqiqlangan edi. Shu bois Rotshildlar siri va pullari asrlar davomida koʻz qorachigʻidek saqlab kelindi. Hech bir biznes operatsiya sirlari oiladan tashqariga chiqmadi.

Mayer 5 ta oʻgʻlini 5 ta shaharga masʼul qilib tayinladi. Germaniya, Avstriya, Angliya va Fransiyaning yirik moliyaviy markazlarida ham Rotshildlarning biznes imperiyasi tup qoʻyib, palak yoza boshladi. Mayerning oʻzi esa Frankfurtda, oʻsha eski uyida yashab, oʻgʻillari faoliyatini muvofiqlashtirib, maslahatlar berib, ularni toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirib oʻtirardi.

Uning uyi oldiga vazirlar va qirollarning aravalari tez-tez kelib turardi. Ular qari yahudiy bankirning puli va maslahatiga muhtoj boʻlib kelishardi. Nufuzli mehmonlarning keti uzilmasdi. Mayer ularning har biri bilan shaxsan suhbatlashardi. U vositachilarni jini suymasdi.

Mayer Amshel Rotshild 1812 yilda, 66 yoshida vafot etdi. Rotshild qancha boylik meros qoldirganini aniq aytish qiyin. Chunki Mayer Amshel har doim 2 xil buxgalteriya yuritgan: rasmiy hisob-kitoblar hokimiyat va soliq idoralari uchun moʻljallangan, norasmiysi esa maxfiy boʻlib, moliyaviy amaliyotlarning haqiqiy va maxfiy jihatlarini oʻzida aks ettirgan.

Mayerning oʻgʻillari otalari ishini u istaganidan ham ziyoda qilib davom ettirishdi. Koʻp jihatdan undan ham oshib ketishdi, chunki ular meros va taʼsir doiralarini oʻzaro taqsimlab olishdi. Amshel - Germaniya, Natan - Angliya, Solomon - Vena, Karl - Neapol va Jeyms – Parijdagi birjalar nazoratini oʻz qoʻliga oldi. Ular juda tezkor va uygʻunlikda harakat qilishar, doim bir birlarini qoʻllab-quvvatlashardi.

Aka-uka Rotshildlar ota izidan borib, xuddi u kabi mohirlik va gʻayrat bilan Yevropadagi notinch vaziyatlardan oʻz manfaatlari yoʻlida unumli foydalanishdi. Ularning millionlari butun bir qoʻshinlarni jihozlash uchun ishlatilgan. Qirollar ham ularga moliyaviy yordam uchun murojaat qilishgan. Chunki endi ular nafaqat pul egasi, balki oʻz nufuzli tanish-bilishlarining qudrati va yordamidan samarali foydalana oladigan siyosatchilarga ham aylanib qolishgan edi.

Shu tariqa Frankfurtning irkit yahudiy gettosidan chiqqan Mayer Amshel Rotshild butun Yevropa moliyaviy tizimiga poydevor qoʻydi. Uning “qizil qalqonli” kamtargina uyi Yevropa moliyaviy dunyosining markaziga aylandi.

Agarki ogohsen – shohsen...

Rotshildlarning qanday qilib qudratli va oʻta boy sulolaga aylanishgani, 300 yildan ziyod vaqt mobaynida saqlanib kelinayotgani borasidagi turli afsona va haqiqatlar qorishib ketgan.

Shulardan biriga koʻra, Rotshildlar saroydagi va dunyodagi vaziyatdan doimo ogoh boʻlib turishgan. Ularning aygʻoqchilari va maxsus xizmatlari muntazam izlanishda boʻlgan. Kimki axborotga egalik qilsa, butun dunyoga egalik qiladi, degan qanotli jumlalar ham Rotshildlardan biri – Mayerning uchinchi oʻgʻli Natan Rotshildga (1777 - 1836) tegishli.

Gap shundaki, Napoleon Bonapart 1815 yil 18 iyunda Vaterlooda inglizlar bilan jangga kirishadi. Urush avvalida ustunlik Napoleon tarafida boʻlgan. Shu bois kuzatuvchilar Londonga Napoleon gʻalaba qozonadi, deb xabar qilishgan. Biroq Vellington rahbarligidagi pruss qoʻshini ingliz qoʻshinlariga yordamga yetib keladi. Ular gʻalab qilishadi. Natan Rotshildning xabarchisi Rovort urushuni kuzatib turib, Napoleonning Bryussel tomon qochganidan xabar topadi va darrov baliqchining qayigʻida La-Mansh boʻgʻozi orqali qitʼaga oʻtib (boshqa maʼlumotga koʻra, pochtachi kabutar orqali) Natan Rotshildga xabar yetkazadi.

Hamma inglizlar yutqazdi deb turganida, asil haqiqatni birinchi boʻlib bilgan Rotshild zudlik bilan birjada oʻz aksiyalarini sota boshlaydi. Unga ergashib, boshqalar ham oʻz qimmatli qogʻozlarini sotishga tushib ketadi. Chunki inglizlar yengilsa, ularning qimmatli qogʻozlari narxi keskin tushib ketishini hamma bilgani bois, shu jarayon roʻy bermasidan bu qogʻozlarni qimmatroqqa pullab qolishga intilgan.

Birjada vahima boshlanadi. Aksiyalar narxi keskin tushib ketadi. Kun oxiriga borib esa, Rotshild agentlari arzonlab ketgan deyarli barcha aksiyalarni “suv tekinga” sotib ola boshlaydi.

Nihoyat 21 iyun kuni soat kechki 11 da Vellingtonning adʼyutanti hukumatga “Napoleon tor-mor qilindi” degan xushxabarni keltiradi. Hamma afsusdan yoqasini ushlaydi. Biroq Natan Rotshild maqsadiga erishib boʻlgan va bu yangilikni boshqalardan oldinroq bilib olgani evaziga 40 million funtov sterling ishlab olgan edi. Aynan oʻshanda Natan Rotshild oʻzining oʻsha mashhur va afsonaviy hikmatli soʻzini aytgan edi: "Kim axborotga egalik qilsa – butun dunyoga egalik qiladi”.

Bugungi Rotshildlar

Hozir ham Rotshildlarni ulkan, ammo yashirin sakkizoyoqqa oʻxshatishadi. Dunyodagi har qanday yirik siyosiy-iqtisodiy jarayonlarda ularning qoʻli bor, deb gumon qilinadi. Garchi Rotshildlar oilasining umumiy va rasmiy boyligi hozirda turli hisob-kitoblarga koʻra 350 milliarddan 1 trillion dollargacha baholansada, ularning birortasi “Forbs” jurnalidagi milliarderlar roʻyxatiga kirishga oshiqmaydi. Aksincha oʻz boyliklarini pinhona tutgan holda koʻpaytirishga intilishadi. Hatto hozir ham Rotshildlar oʻz urugʻlaridagi eng keksa va qudratli qarindoshlariga boʻysunib, uning aytganini qilib yashaydi va biznes yuritishadi. Shu paytgacha ularning “oqsoqoli” investitsion bankir Jeykob Rotshild edi. Afsuski yaqinda u 87 yoshida vafot etdi.

Hozirda Rotshildlar koʻplab yirik banklar, sugʻurta firmalari va neft, togʻ-kon sanoati, rangli metallurgiya, temir yoʻl qurilishi, vinochilik va boshqa koʻplab sohalarda biznes yurituvchi korporatsiyalarga egalik qiladi yoki ularning aksiyadorlari hisoblanadi.

Yahudiy boylar haqidagi stereotiplarning aksi oʻlaroq, Rotshildlar xayriya maqsadlariga har yili milliardlab dollar sarflashadi. Turli ilmiy-madaniy loyihalarni begʻaraz moliyalashtirishadi. Ammo oʻzlarining kelib chiqishi va oʻzliklarini ham unutishmaydi. Isroil davlatining tuzilishi va uni qoʻllab-quvvatlashda ham Rotshildlar juda muhim rol oʻynagan. Hozirgi kunda ham turli qudratli davlatlardagi lobbilar orqali Isroilga muntazam yordam berish, uni har tomonlama himoya qilish uchun bor kuch va mablagʻlarini ayashmayapti. 

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+