Drondan foydalanishda jazolar yengillashtirilgani izohlandi

Endilikda dronlardan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun avval maʼmuriy, keyin jinoiy javobgarlik belgilanadi. 

Jamiyat
1-aprel, 19:33
Drondan foydalanishda jazolar yengillashtirilgani izohlandi

Endi uchuvchisiz uchadigan apparatlar (dronlar)dan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun avval maʼmuriy, keyin jinoiy javobgarlik belgilanadi.  Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan "Qonunchilikda yangiliklar" ga bagʻishlangan matbuot anjumanida soʻz bordi.

Bugun Milliy matbuot markazida qonunchilikdagi yangiliklar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarnig mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazishga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda uchuvchisiz uchadigan apparatlar (dronlar)ni qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun avval maʼmuriy, keyin jinoiy javobgarlik belgilanishi aytib oʻtildi. Avval bu jarayonda toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlik belgilanar edi.

Anjumandagi mutaxasssilar buni inson huquqlari, inson manfaatlari prinsiplari yuzasidan deb izohladi.

"Jinoiy javobgarlikka tortish ogʻir masalada. Buning oqibatlari ham ogʻir. Shuni yengillashtirish uchun mazkur qonun ishlab chiqildi" —deydi ulardan biri.

Xususan, Qonunga muvofiq Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin sodir etilgan boʻlsa, quyidagicha jazolanadi:

—  BHM ning 25 baravaridan 50 baravarigacha (8 mln 500 ming soʻmdan 17 mln soʻmgacha) miqdorda jarima;
—  3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
—  3 yilgacha ozodlikni  cheklash;
—  3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Shuningdek, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ham quyidagi qoʻshimchalar kiritildi: uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, bunday apparatlar va uning ehtiyot qismlarini musodara qilib, BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 400 ming soʻmdan 6 mln 800 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Agar mazkur harakatlarni sodir etgan shaxs, uchuvchisiz uchish apparatlarini oʻz ixtiyori bilan topshirsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi. Avval bu norma mavjud emas edi.

Mazkur tadbirda "Geoinnovatsiya markazi" DUK, Fuqaro aviatsiya agentligi, Adliya vazirligi mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, anjumanda mutaxassislar jurnalistlarning "Nima uchun Oʻzbekistonda (rivojlangan davlatlardan farqli ravishda) dronlardan foydalanish erkin emas, aksincha qatʼiy talablar mavjud?", savoliga javob berishdi.

"Madad" NNT direktor oʻrinbosari Islombek Abdurahimov: “ Har bir insonning huquqlari bor. Lekin oʻzgalarning ham huquqlari borda. Odam oʻzining huquqlarini amalga oshirayotgan paytda boshqalarning huquqlariga dahl qilmasligi kerak. Hozirgi sharoit( siyosiy vaziyat)da tinchlikni saqlash birinchi masala. Biz hozir hammaga dronlardan erkin foydalanishga ruxsat berib yuborolmaymiz. Chunki bizda hali bu qurilmalardan foydalanish madaniyati shakllanmagan.Biz ularga erkin foydalanishga ruxsat bersak, qoʻpol qilib aytganda, bir-birining uyidagi holatlarni ham tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlar orqali efirga berishi hech gap emas. Hukumat mana shunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida shunday talablarni qoʻygan. Bu, albatta, vaqtinchalik. “

Odinaxon Dehqonova.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+