Xiva Islom olami poytaxti maqomini oldi

Ushbu maqom uchun BAAning Abu-Dabi, Turkiyaning Shanliurfa, Nigeriyaning Laos va Tojikistonning Dushanbe shaharlari ham kurashdi. 

Jamiyat
7-mart, 9:31
Xiva Islom olami poytaxti maqomini oldi

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Oʻzbekistonning qadimiy Xiva shahriga “Islom olamining 2024 yilgi sayyohlik poytaxti” sertifikatini topshirdi.

 Sertifikatni Xiva hokimi Timur Davletovga IHT bosh kotibi oʻrinbosari Ahmad Kavesa Sengendo taqdim etdi.

Qadimiy shahar ushbu nominatsiyani 2022 yil iyun oyida IHTga aʼzo davlatlar turizm vazirlarining Bokuda boʻlib oʻtgan XII sessiyasida olgan edi. Oʻshanda turizm poytaxti maqomi uchun BAAning Abu-Dabi, Turkiyaning Shanliurfa, Nigeriyaning Laos va Tojikistonning Dushanbe shaharlari ham kurashgandi.

“Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan “Islom olamining sayyohlik shahri” maqomi berilgani Xiva shahrining xalqaro turizm bozorida yanada mashhur sayyohlik maskaniga aylanish imkonini yaratadi”, – dedi turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov.

Turizm qoʻmitasi vakilining soʻzlariga koʻra, Xiva Markaziy Osiyoda toʻliq saqlanib qolgan yagona yodgorlik shahar hisoblanadi. Ushbu tarixiy shaharga oʻtgan yili 500 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurdi, turistlarning 20 foizga yaqini IHTga aʼzo davlatlardan. Kelgusida sayyohlar sonini 1 mln nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston prezidenti qaroriga muvofiq, Xivaning turizm salohiyatini faol targʻib qilish maqsadida 2024 yilda shaharda Taste of Uzbekistan Festival gastronomik festivali, Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan «Strongmen» xalqaro bahodirlar oʻyini musobaqasi, "Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi" va boshqa tadbirlar oʻtkazilishi belgilangan.

Maʼlumot uchun: bugungi kunda IHT 1,7 milliard aholiga ega 57 davlatni birlashtirgan dunyodagi eng yirik xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston ushbu tashkilotga 1996 yilda aʼzo boʻlgan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+