Prezident Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan bayramda qatnashdi

Marosimda 28 nafar qizga Zulfiya mukofoti va boshqa faol ayollarga orden va medallar topshirildi. 

Jamiyat
7-mart, 17:00
Prezident Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan bayramda qatnashdi

Toshkent shahrida Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

– Biz har yili bu kunni intiqlik, qalbimizda ajib iliqlik bilan kutamiz. Ushbu shukuhli ayyomda hammamiz bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, moʻʼtabar ayol zotiga taʼzim qilamiz. Zero, inson qadrini ulugʻlash avvalo azizu mukarrama ayollarimizni ulugʻlashdan boshlanadi, – dedi Prezident.

Mamlakatimizda bu maqsad yoʻlida koʻp ishlar qilinmoqda. Jumladan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu barcha sohalarda namoyon. Masalan, siyosiy sohani olsak, saylov kodeksimizda deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi boʻlishi zarurligi belgilangan. Hozirgi vaqtda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017 yildagi 27 foizdan 35 foizga oshgan.

Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ular oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Soʻnggi 5 yil ichida Oʻzbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki baravar kengayib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan tadbirkor xotin-qizlar soni 205 mingdan oshdi. Shuningdek, 200 mingga yaqin ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. 400 mingdan koʻpi ish bilan taʼminlandi.

Kelajak tarbiyachilari boʻlmish qizlar kamolotiga katta ahamiyat berilmoqda. Hozirgi kunda oliygohlarda taʼlim olayotgan 1 million 300 ming nafarga yaqin talabaning yarmidan koʻpini qizlar tashkil etmoqda. Ehtiyojmand oilalarga mansub xotin-qizlar qoʻshimcha davlat granti boʻyicha oʻqishga qabul qilinmoqda. Ular uchun imtiyozli taʼlim kreditlari ajratish, ijtimoiy himoyaga muhtojlarning kontrakt pulini qoplab berish yoʻlga qoʻyilgan.

Yurtimiz xotin-qizlari ilm-fanda ham katta natijalarga erishmoqdalar. Soʻnggi yetti yilda 5 ming 247 nafar ayollar ilmiy darajalar olgan. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida taʼlim olgan yoshlarning 47 foizini qizlar tashkil etgan.

– Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz qoʻshimcha imkoniyat topib, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xotin-qizlarimizning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishlari uchun sharoit yaratmoqdamiz va bu ishlarimiz albatta davom etadi. Chunki ayollarning, xususan, qiz bolaning oʻqib, oliy maʼlumotli boʻlishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili davlat dasturida belgilangan, xotin-qizlarning sogʻligʻini mustahkamlash, bandligini taʼminlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.

Bu borada Senat Raisi boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha ishlar mutlaqo yangicha yondashuvlar va tizim asosida tashkil qilinadi.

Viloyat, tuman, shahar hokimlari, hokimliklarning xotin-qizlar ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari hamda faol ayollar Komissiya bilan birgalikda joriy yilda 9 442 ta mahalladagi 580 mingga yaqin ishsiz ayollarning bandligini taʼminlashga masʼul etib belgilanadi.

Umuman, bir oy muddatda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish boʻyicha alohida dastur qabul qilinib, loyihalarni amalga oshirish uchun 15 trillion soʻm ajratiladi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya va Germaniyadan 100 million dollar grant jalb qilinadi.

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari, “mahalla yettiligi” tarkibidagi xotin-qizlar faollari ayollarga koʻmakchi, oilaviy masalalarda yaqin sirdoshi boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.

Ayol zoti uchun eng ulugʻi - onalik baxti. Yurtimiz aholisi har yili qariyb 900 mingga koʻpaymoqda. Ularni jismoniy va maʼnaviy barkamol etib, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash muqaddas burch.

Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari barcha ayollarga murojaat qildi.

– Biz maʼnaviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz kerak. “Ezgulik – shiorimiz, maʼrifat – qurolimiz” degan gʻoya asosida bu jarayonni avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz lozim. Zotan, hadisi sharifda aytilganidek, “Ota-ona oʻz farzandiga yaxshi tarbiyadan boshqa meros qoldirolmaydi”. Muhtarama opa-singillarimiz, duogoʻy onaxonlarimizning masʼuliyati – aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon boʻladi, – deya taʼkidladi Prezident.

Mamlakatimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan eʼtibor xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Jahon bankining kuni kecha eʼlon qilingan indeksida Oʻzbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi. Joriy yilda yurtimiz yana bir yirik anjuman – Osiyo xotin-qizlar forumiga mezbonlik qiladi.

Prezidentimiz bayram tadbirida qatnashayotgan xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakilalarini ham samimiy qutladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 4 martdagi qaroriga binoan esa 28 nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan, 5 martdagi farmonga muvofiq turli sohalarda faol boʻlgan ayollar orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan xotin-qizlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakilalari fayzli dasturxon atrofida bayramni nishonladi.

Bayram tantanali konsert dasturi bilan davom etdi.

© 2023 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+