"Urush repetitsiyasi qimmatga tushadi": KXDR keskin bayonot bilan chiqdi
Shimoliy Koreya tomoni 3 mart kuni boshlangan Janubiy Koreya-AQSh mashgʻulotlarini zudlik bilan toʻxtatishga chaqirdi.

Shimoliy Koreya mudofaa vazirligi Janubiy Koreya va Amerika Qoʻshma Shtatlarni harbiy mashgʻulotlarni toʻxtatishga chaqirdi va "bu urush repetitsiyasi ularga qimmatga tushishi"dan ogohlantirdi.
Bu haqda Shimoliy Koreya axborot agentligi xabar berdi.
Janubiy Koreya va AQSh harbiylari 3 mart kuni Shimoliy Koreyaning koʻpayib borayotgan yadro va raketa tahdidlariga javob choralarini taklif qilib, oʻtgan yilga nisbatan ikki barobar koʻp qoʻshinlar bilan yillik bahorgi mashgʻulotlarni boshladilar.
KXDR mudofaa vazirligining vakili(ismini oshkor qilmaslikni soʻragan) "qutqaruvchi, daxlsiz" deb qaralgan harbiy mashgʻulotlarni keskin qoralashini va ularni toʻxtatishga chaqirishini aytdi.
“Mashqlar hech qachon mudofaa boʻla olmaydi, balki Shimolga bostirib kirishga urinishdir. Yadro urushi hatto uchqun bilan ham alangalanishi mumkin”, dedi matbuot kotibi, ularning koʻlami oshganiga ishora qilib.
AQSh va Janubiy Koreya "notoʻgʻri qadami uchun javob berishi kerak", deya qoʻshimcha qildi rasmiy va "beqaror xavfsizlik muhitini qattiq nazorat qilish uchun harbiy harakatlar" oʻtkazishga vaʼda berdi.
Janubiy Koreya mudofaa vazirligi Shimoliy Koreyaning bayonotini rad etib, mashgʻulotlar mudofaa maqsadida oʻtkazilayotganini va Shimoliy Koreyaning provokatsiyalari va tajovuzkorligini toʻxtatish uchun moʻljallanganligini aytdi.
“Agar Shimoliy Koreya mashgʻulotlarni bahona qilib, toʻgʻridan-toʻgʻri provokatsiya qilsa, biz darhol, qatʼiy va oxirigacha keskin javob beramiz”, — deyiladi bayonotda.
14 mart kuni yakunlanishi kerak boʻlgan “Ozodlik qalqoni” mashgʻulotlari Shimoliy Koreya raketa va boshqa qurol sinovlari orqali yadroviy salohiyatini rivojlantirishga intilayotgan bir paytda boʻlib oʻtdi.
Mashqlar birinchi navbatda Shimolning yadroviy tahdidlarini, jumladan Pxenyan yadro kallaklarini olib yurishi mumkinligini koʻrsatgan qiruvchi dronlarni “aniqlash va zarba berish” yoʻli bilan zararsizlantirish uchun moʻljallangan, dedi Seul harbiylari.
Eslatib oʻtamiz, joriy yil 9 fevral kuni KXDR prezidenti Kim Chen In Janubiy Koreyani bosib olishga tayyor ekanini bildirib, bu qaror favqulotda vaziyat yuzaga kelgandagina qabul qilinishini aytgan edi.
Janubiy va Shimoliy Koreya mana 70 yildan oshibdiki 2ga boʻlingan holda qolmoqda. Xoʻsh, nega Koreya ikkiga boʻlingan?
Boʻlinishdan oldin asrlar davomida yarim orol sulolaviy qirolliklarning avlodlari tomonidan boshqariladigan yagona, birlashgan Koreya edi.
1905 yildagi rus-yapon urushidan keyin Yaponiya tomonidan bosib olingan va besh yil oʻtib rasman anneksiya qilingan Koreya 35 yil davomida yapon mustamlakachiligi ostida qolib ketadi va bu qaramlik, Ikkinchi jahon urushi tugagunga qadar, uning ikki davlatga boʻlinishi boshlanadigan vaqtgacha davom etdi. Sovet Ittifoqi va AQSh Koreya yarimorolidan yaponlarni quvib chiqarish va yerlik aholini ozod qilish maqsadida oʻz kuchlarini safarbar qilishadi va Koreyani 38-paralleldan 2ga: shimol va janubga ajratib himoya qilishga kelishishadi. Yaponlar bosqini muvaffaqiyatli bartaraf qilingandan keyin boshqa bir kattaroq muammo paydo boʻla boshlaydi. 38-parallel bir millatning orasidagi katta jarlikka aylanadi.
Bu ikki davlat sovuq urushning qurboniga aylanib, shimol Sovet Ittifoqining, janub esa AQShning taʼsir doirasiga tushib qolgan. 1945 yil avgustda Koreya yarimoroli ustidan nazorat ikkiga boʻlinadi. Sovet Armiyasi shimolda kommunistik rejimni oʻrnatadi. Bu rejim ostida yashaydigan koreyslarning koʻpchiligi shimoldan janubga qochib ketadi, ularning taʼsiri ostida ishchi va dehqon aholining asosiy qismi qoladi. Janubda AQSh tomonidan qoʻllab quvvatlangan rejim bilan Seulda kuchli antikommunist Li Sin Man boshchiligida oʻz hukumatini tuzdi. Shimol ham xuddi shunday javob berib, Pxenyan poytaxtida sobiq kommunistik partizan Kim Ir Sen Koreya Xalq Demokratik Respublikasining (KXDR) davlat boshqaruviga keldi. Davlat ikkiga boʻlinsa-da rahbarlar tinchimadi, har biri oʻzini Yagona Koreya boshqaruviga eng munosib inson deb bilardi. Shu yoʻsinda 1950-yil Shimoliy Koreya qoʻshinlari janubiy Koreya hududiga hujum uyushtirdi.
Janub deyarli shimolning qoʻliga oʻtgan, poytaxt egallangan, faqatgina Busan zabt etilmay qolgandi. Ammo toʻsatdan AQSh kuchlari Janubiy Koreya uchun yordamga kelib, shimolni chekinishga majbur qilishadi, Pxenyan bosib olinadi. Shunday boʻlsa ham bu urush qayerda boshlangan boʻlsa shu yerda, 38-parallelda tugadi. Chunki shimolga bostirib borilsa buni Xitoy oʻz hududiga nisbatan tahdid deb bilib jim oʻtirmasligini aytgan holda AQShni ogohlantiradi. Urush 1953 yilda tugab, oʻzaro sulh tuziladi. Lekin bu sulhning kuchi ham yana qayta urush boshlangunga qadardir, ikki davlat hali hamon urush nomi ostida qolmoqda. Oxirgi voqealardan koʻrinib turibdiki Janubiy va Shimoliy Koreyaning orasi keskinlashyapti. Har ikki davlat ham harbiy mashgʻulotlarini kuchaytirishga harakat qilyapti, qurollar sinovi oʻtkazilyapti. Urushni boshlash uchun “sabab” topilmayapti xolos. Chunki bu ikki davlat oʻrtasidagi urush sababini har doim inkor qilish qiyin boʻlgan maʼlumotlar bilan bir-birlariga agʻdarishadi.
Bugun Janubiy Koreya va Qoʻshma Shtatlar Amerika qoʻshinlarini Janubiy Koreyada saqlash xarajatlarini taqsimlash yoʻllari boʻyicha muzokaralarning dastlabki bosqichini boshlash uchun elchilarni tayinladilar.
Janubiy koreyalik Li Tau Vu va amerikalik Linda Spektning tayinlanishi 2026 yilda kuchga kiradigan kelishuv uchun juda erta boʻlib, ehtimol Donald Trampning AQSh prezidenti etib qayta saylanishidan oldin kelishuvga erishishga qaratilgandir.
Noyabr oyidagi saylovlarda Respublikachilar partiyasidan nomzod boʻlgan Tramp Osiyodagi asosiy ittifoqdoshi boʻlgan Janubiy Koreyani AQShning harbiy qudratiga “erkin yurishda” ayblab, AQShni joylashtirish uchun yiliga 5 milliard dollar toʻlashni talab qilgan edi.
Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari maxsus chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi kelishuv boʻyicha rejalashtirilgan erta muzokaralar Trampning qaytishidan oldin kelishuvni 2026 yilgacha va undan keyingi muddatga uzaytirishni maqsad qilganini aytdi.