Taʼlim va tarbiya: avval kim qanday vazifada ekanini aniqlab olaylik

Maktab bilim maskanimi yoki tarbiya? Oʻqituvchi 45 daqiqa davomida mavzuni tushuntirishi kerakmi yoki odob-axloq qoidalarinimi?

Maqola
5-mart, 13:46
Taʼlim va tarbiya: avval kim qanday vazifada ekanini aniqlab olaylik

Bugun oʻrta taʼlim maktablaridagi holat, oʻquvchilarning darsga, ayniqsa ustozga munosabati butun jamiyatni tashvishga solayotgani sir emas. Xoʻsh, oʻquvchilarning oʻqituvchiga va darsga boʻlgan salbiy munosabati, pisandsizligining asosiy sababi nima?

Tarbiya berish maktab zimmasidami yoki mahalla raisiga yuklatilganmi?

Tarbiya har doim inson obroʻsini belgilab beruvchi unsurdir. Oʻzbek millatida odatda tarbiya oiladan, ota-ona, buva-buvidan oʻrganilgan. Ming afsuslar boʻlsinki, yoshlarimiz bugun tarbiyani oiladan emas, ijtimoiy tarmoqdan olishayotgani barchaga ayon. Ammo jamiyat oʻqituvchini yoki butun boshli maktabni bunga aybdor qilib koʻrsatmoqda. Sizningcha, maktab bilim maskanimi yoki tarbiya? Oʻqituvchi 45 daqiqa davomida mavzuni tushuntirishi kerakmi yoki odob-axloq qoidalarinimi?

Yuqoridagi savollarga javoblar turlicha. Lekin bir narsa aniq, oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan boʻlajak oʻqituvchilar oʻquvchilarga bilim berish uchun tayyorlanishyapti, tarbiya berish uchun emas.

Maktab bolaga boshlangʻich sinfdanoq vazifa beradi. Bunday vazifaning berilishi esa bolaning ota-onasi bilan ham dars qilishi, uning aqliy rivojlanishi va qiziqishlarini payqashlari bilan aloqadordir. Ammo XXI asrning zamonaviy ota-onalari koʻp holatlarda oʻz farzandlari bilan shugʻullanishga vaqt topa olishmaydi. Chunki, ularning yana bir boshqa “bolalari” (telefon) bor. Bola onasiga savol berganda odatda ona “otangdan ham soʻra?” yoki “ustozing oʻrgatmayaptimi?” qabilida munosabat bildiradi. Bundan keyin tabiiy ravishda bolaning ustoziga boʻlgan hurmati pasayadi va vazifalarini bajarmay qoʻyadi.

Avvalo, bir narsaga aniqlik kiritish zarur. Bolani toʻgʻri tarbiyalash ota-onaning, bobo-buvining vazifasi, maktab yoki mahalla raisining emas. Oʻqituvchilar faoliyatidagi byurokratiya kuchayib borayotgan bir paytda, bola tarbiyasini uning zimmasiga yuklab qoʻyish adolatsizlik. Mahalla raisining ham oʻz vazifasi va yuklatilgan topshiriqlari bor. Ammo, ming afsuski, bugun tarbiya berishi lozim deb fikr yuritayotgan ota-onalarimizning oʻzi hali bola. Statistika agentligi maʼlumotlariga asoslanadigan boʻlsak, 2021 yilda jami yoshga toʻlmagan 96 501 nafar yosh turmush qurgan. Bundan 93 255 nafari ayol, 3246 nafari erkak.

2022 yilga kelib, agentlik bu koʻrsatkichni ikkiga boʻlib koʻrsatdi. Goʻyoki sonlar kamayib qolgandek. Berilgan maʼlumotlarga koʻra, 2022 yil yanvar oyining oʻzida 6025 nafar (5844 nafar ayol, 181 nafar erkak) 20 yoshga toʻlib ulgurmagan yoshlar turmush qurgan. 2022 yilning 1 may holatiga (5 oylik) kelib esa 20 678 nafar (19 976 nafar ayol, 702 nafar erkak) oila qurgan.

Bundan kelib chiqadiki, hali oʻzi 20 yoshga toʻlib ulgurmay, hayotning pastu balandiga tushunib yetmay, roʻzgʻor gʻoriga yolgʻiz qoldirilayotgan qizlaru erta oila, farzand gʻami yelkasiga yuklangan yigitlar oʻz farzandlariga qay darajada tarbiya bera olishyapti ekan? Yoki ular bunga vaqt ajratishyaptimikan?

Yevropa va Amerika mamlakatlarida maktabga tarbiya maskani sifatida qaralmaydi. Maktab bolalarga ularning kelajakdagi harakatlari qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushuntiradi xolos. Bolalar tarbiyani uylarida ota-onalaridan olishadi. Zero, “Qush inida koʻrganini qiladi”, degan hikmat bejizga emas.

Maktab nimadir beryaptimi yoxud pedagogik mahorat qay darajada?

Maktab va ustoz tushunchasi azaldan hurmatlanib, ardoqlanib kelingan. Ammo ayrim oʻqituvchilar faoliyati va xatti-harakatlari bugun maktabning ham, ustozday ulugʻ zotning ham nomiga dogʻ tushirib ulgurdi. Mavzuni yoritish asnosida zamonaviy yoshlarning oʻqituvchilarga boʻlgan munosabatini oʻrganish va toʻgʻri tahlil qila olish maqsadida, ancha manbalar oʻrganildi. Maktab oʻquvchilar tomonidan oʻz ustozi haqida yozilayotgan ayrim postlar, hikoya yoki ular haqidagi gaplar kishini chindan hayratga soladi. Bu borada juda koʻp maktab oʻquvchilari bilan muloqotda boʻldik va bizni hayratlantirgan voqea quyidagicha edi.

Men A.S. (nomi va maktabi sir qoldirilishini istagan qahramonimizning ism-sharifining bosh harflari keltiriladi) Toshkent shahrida joylashgan maktabda 8-sinf oʻquvchisiman. Biz sinfimiz bilan sinf rahbarimizni juda hurmat qilardik. Ular uchun “Oʻqituvchilar kuni” munosabati bilan sovgʻa oldik. Sovgʻa nima ekanini aniq aytib oʻtirmayman, unchalik katta narsa emas. Chunki, nima boʻlgan taqdirda ham sinfda turli oila farzandlari oʻqiydi va ularning oilaviy sharoiti turlicha. Ustozimizning xursand boʻlishlarini oʻylab hammamiz hayajonda edik.

Ammo, ustoz sinfga kirishi bilan jimib, negadir oʻylanib qoldi. Biroz turdi. Keyin

Hamma joyiga oʻtirsin! Bu nima boʻldi, koʻrdilaringmi, narigi sinf ustoziga nima olib berganini? Myen bundan ortigʻiga arzirdim, hammalaringga mehnatim singgan. Bilmaysanlar. Televizor obyerishadi, katta sinf desam olib kelganlaringga qaralaring nima bu

Butun sinf suv quygandek jimib ketdi. Hammaning nafasi ichiga tushdi. Hech birimiz buni ustozdan kutmagandik. Boshida bu gaplarni hazil boʻlsa kerak deb oʻyladik. Lekin ustoz juda asabiy edi. Sovgʻani olmadi. Pulni men yiqqandim. Ustoz chiqib ketgach, butun sinf jovdiragandek menga qaradi. Men yelka qisib qoʻydim. Sovgʻani uyga olib keldim, sotib bolalarga pulni boʻlib berish kerak edi. Voqeani eshitgan onam hayratdan yoqa ushladi, otam dargʻazab boʻldi. Ertasiga ustoz aytgan oʻsha narigi sinf sovgʻasi bilan qiziqdim, tilla ekan. Yarqirab turibdi. Shundan keyin, ustoz bilan oramiz buzildi.

(Yuqoridagi voqea soʻzma-soʻz yozib olindi, tuzatish va qoʻshimchalar kiritilmadi, oʻquvchini ism-sharifi maʼlum qilinmaydi. Bu barcha oʻqituvchilarga nisbatan emas.)

Yuqori sinfga koʻchayotganda esa oʻqituvchiga tilla olib berish urfga kirib ulgurgani chindan ayanchli holat.

Albatta, bir kishi bilan barchaga baho berib boʻlmaydi. Ammo guruchdan chiqqan bitta kurmak ham uning sifatini buzadi. Biz faqat bitta hikoyani misol keltirdik. Aslida bu kabi 10 lab voqealar bilan tanishdik. Oʻquvchilar koʻzidagi umidning soʻnib borayotganini koʻrdik.

Bu bilan aytmoqchi boʻlgan narsamiz shuki, “Qars ikki qoʻldan chiqadi”. Tanganing boshqa tomonini ham oʻrganib koʻrish kerak va shundan keyingina xulosa chiqarish lozim.

Bugun oʻqituvchilar oliy oʻquv yurtlarida qanday tayyorlanmoqda? Ularga bola psixologiyasi va pedogogik mahorat qay darajada singdirilmoqda?

Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, pedogogika va bola psixologiyasi universitet darslarining 1%ini ham tashkil etmaydi. Oʻzbek filologiyasi fakultetida pedogogika va psixologiya umumiy bitta fan sifatida atigi 30 para, yaʼni 15 soat maʼruza, 15 soat seminar. Bu bir semestr va haftasiga 2 para(4 soat)dan deganidir. Xorijiy filologiyada esa 1 semestr davomida yuqoridagi tartibda psixologiya fani dars-mashgʻulotlari olib boriladi.

Bola psixologiyasi-chi? Ushbu fan ayrim taʼlim dargohlarida tanlov asosida tanlanuvchi fan, ayrimlarida esa umuman mavjud emas. Xoʻsh, bolalar psixologiyasini oʻzlashtirmagan va pedogogik mahorati ham ustiga-ustak yaxshi shakllanib ulgurmagan yosh oʻqituvchilar qanday dars oʻtishyapti ekan? Ular bugungi oʻquvchilar eʼtiborini qanday jalb qilishyapti? Qoʻllarini koʻtarishyaptimi yoki ovozlarinimi?

Kundan-kunga rivojlanib borayotgan dunyoda yashayotgan ekanmiz, oʻquvchining ogʻir tabiatli ekanini peshlashdan avval, oʻqituvchilarga zamonaviy bola psixologiyasini ham oʻrgatish payti kelgandir.

Maftuna Yodgorova

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+