Prezident Oksana Chusovitina sport mahorati maktabiga bordi

Maktab 1-11-sinflardagi 105 nafar oʻquvchiga moʻljallangan. Bugungi kunda 91 nafar oʻgʻil-qiz unda shugʻullanmoqda, bu yerda ikkita xorijiy til ham oʻrgatiladi. 

Sport
5-mart, 19:10
Prezident Oksana Chusovitina sport mahorati maktabiga bordi

Shavkat Mirziyoyev bugun Oksana Chusovitina sport mahorati maktabiga bordi. 

Sport gimnastikasi boʻyicha uch karra jahon chempioni, jahon kubogi sohibi Oksana Chusovitina sakkizta Olimpiadada qatnashgan yagona gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Prezidentning 2022 yil 14 martdagi Gimnastika boʻyicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori sportsevar yoshlarga katta sharoit yaratdi.

Davlatimiz rahbari 5 mart kuni ushbu sport maktabiga tashrif buyurib, bu yerdagi sharoitlarni va mashgʻulotlarni koʻzdan kechirdi.

Muassasa milliy terma jamoalar uchun xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash, yuqori malakali murabbiy va mutaxassislarni jalb etib, oʻquv-mashgʻulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish, murabbiylar va gimnastikachilar mahoratini muntazam oshirib borishga yoʻnaltirilgan. Buning uchun uch qavatli zamonaviy binoda barcha sharoit yaratilgan.

Birinchi qavatda asosiy zal va mashgʻulotlar zali, trenajyor maydonchasi, tibbiyot xonasi va oshxona joylashgan. Tepa qavatlardan 165 oʻrinli yotoqxona, mehmonxona, informatika va maʼnaviyat xonalari oʻrin olgan. Maktab Germaniyadan keltirilgan sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlangan.

Gimnastika maktabi 1-11-sinflardagi 105 nafar oʻquvchiga moʻljallangan. Bugungi kunda 91 nafar oʻgʻil-qiz mahoratini oshirmoqda. Ularga ikkita xorijiy til ham oʻrgatiladi. Yosh gimnastlar umumiy taʼlim darslarini tutash hududda joylashgan 175-maktabda oʻqiydi.

Chusovitina izdoshlari oʻtgan yili sport gimnastikasi va badiiy gimnastika boʻyicha xalqaro musobaqalarda 4 ta, respublika turnirlarida 6 ta va sport maktablari oʻrtasida 24 ta medalni qoʻlga kiritgan.

Muhimi shundaki, gimnastikachi yoshlar bir joyning oʻzida yashab, taʼlim olib, mashgʻulotlar oʻtkazadi. Umuman olganda, bu sport maktabi gimnastikachilar uchun respublikada yagona oʻquv-mashgʻulot bazasiga aylanadi.

Shu yerda sport sohasi mutasaddilari hamda videoaloqa orqali hududlar rahbarlari ishtirokida muloqot boʻldi.

– Nima uchun biz bu yoʻnalishga katta eʼtibor berib, maktablar yaratayapmiz? Gimnastika – hamma sport turlarining asosi. Futbolchi ham, bokschi ham, sogʻlom boʻlaman degan inson ham gimnastika qilishi kerak. Iqtisodiyotni rivojlantirish, yoshlarga taʼlim berish bilan birga ularni sport bilan shugʻullantirolsak, yurtimizda sogʻlom zurriyod, sogʻlom millat boʻladi, – dedi Prezident.   

Shu maqsadda gimnastikani bolalar bogʻchalaridan keng joriy qilish, qobiliyatli sportchilarni saralashni shu bosqichdan boshlash, har bir hududda ikkitadan gimnastika maktabi tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Joriy yil Fransiyada boʻladigan Olimpiya oʻyinlarida qatnashadigan sportchi va ularning murabbiylariga alohida sharoit yaratish, munosib tayyorgarlik koʻrishini taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+