Oʻzbekistonning gender tengligini taʼminlashdagi muvaffaqiyatlari eʼtirof etildi

Oʻzbekiston Iordaniya, Malayziya kabi davlatlar bilan birga eng katta muvaffaqiyatga erishgan davlatlar qatoridan joy oldi. 

Jamiyat
5-mart, 14:45
Oʻzbekistonning gender tengligini taʼminlashdagi muvaffaqiyatlari eʼtirof etildi

Jahon banki “Ayollar, biznes va qonun” mavzusidagi yillik hisobotini eʼlon qildi.

Ushbu hisobot huquqiy sohada gender tengligi yoʻlidagi global taraqqiyotni baholaydi. Hujjatda 190 ta davlat, jumladan, Oʻzbekistonda ayollar ahvoli 10 ta koʻrsatkich: “xavfsizlik”, “harakat erkinligi”, “mehnat”, “ish haqi”, “nikoh”, “ota-onalik”, “bola parvarishi", "tadbirkorlik", "mulkni boshqarish" va "pensiya taʼminoti" boʻyicha baholangan.

Mazkur hisobot “Ayollar, biznes va qonun” 2022 yil 1 oktabrdan 2023 yil 1 oktabrgacha boʻlgan davrda turli mamlakatlar qonunchiligida ayollar huquqiga oid oʻzgarishlarni baholaydi. Yangi hisobotda aks etishicha, ushbu davr mobaynida dunyoning bor-yoʻgʻi 18 ta davlati yoki ayollar ahvoli baholangan jami dunyo davlatlarining 10 foizdan kamrogʻi ayollar mavqeini yaxshilovchi huquqiy islohotlarni amalga oshirgan xolos.

Umuman olganda, ushbu 18 davlat gender tengligiga erishishga qaratilgan 47 ta islohot oʻtkazgan. Xususan, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida Oʻzbekiston, Armaniston, Ozarbayjon, Kipr va Moldova kabi davlatlarda shunday islohotlar nihoyasiga yetkazilgan.

Oʻzbekiston Iordaniya, Malayziya, Siyerra-Leone va Togo bilan birga bu borada eng katta muvaffaqiyatga erishgan besh davlat qatoridan joy oldi. Yurtimizda 2022 yil oktabr oyidan buyon jamiyatda xotin-qizlarning mavqeini oshirishga qaratilgan toʻrtta muhim huquqiy islohot amalga oshirilgan.

Ushbu islohotlar mamlakatning ikkita asosiy koʻrsatkich - "ish haqi" va "nikoh" indekslari doirasida mamlakatimiz mavqei yaxshilanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Bu Oʻzbekiston reytingining 11,9 pogʻonaga koʻtarilishiga olib keldi va unga “Ayollar, biznes va huquq 2024” indeksida 100 balldan 82,5 ball berildi. Yurtimiz Singapur, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan bir xil ball toʻpladi va Markaziy Osiyoda ham yaxshiroq natija koʻrsatdi.

Xususan, Oʻzbekistonda ayollarga erkaklar bilan teng mehnat haqi toʻlashni kafolatlovchi meʼyoriy hujjatlar qabul qilingan. Ayrim tarmoqlarda ayollar mehnatidan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlar ham bekor qilindi. Jumladan, katta avtomobillar, masalan avtobuslar haydashga cheklov olib tashlandi. 2022 yil oktabr oyida esa mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro standartlar va konvensiyalarga mos keladigan tegishli qoidalarni oʻz ichiga olgan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda ayollarni oiladagi zoʻravonlikdan himoya qiluvchi koʻplab meʼyoriy hujjatlar qabul qilingan. 2023 yil aprel oyida Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga oiladagi zoʻravonlikka, jumladan, oilaviy munosabatlardagi jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha oʻzgartirishlar kiritildi. Ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik ham belgilandi.

“Jahon banki Oʻzbekistonning gender tengligini taʼminlash borasida erishgan yutuqlarini olqishlaydi, bu “Ayollar, biznes va qonun” hisobotining soʻnggi nashrida taʼkidlangan. Oxirgi huquqiy islohotlar ayollarning fuqarolik, mehnat va iqtisodiy huquqlarini sezilarli darajada kengaytirdi”, — dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova oʻz maʼruzasida.

“Biz hukumatga zarur moliyaviy va tahliliy yordam koʻrsatish orqali ushbu islohotlarni amalga oshirishga hissa qoʻshganimizdan mamnunmiz. Oʻzbekistonda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlarning davom etishi - jinsidan qatʼi nazar, barcha fuqarolar bahramand boʻlishi mumkin boʻlgan adolatli va farovon jamiyat qurishga yordam beradi”.

 

 

 

 

 

 

 

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+