Xalqni qachon rozi qilamiz?

Jamiyatda negativ axborot ulushi tobora ortib bormoqda. Hatto eng ommabop boʻlgan, ham informatsion, ham koʻngilochar koʻrsatuvlarni taqdim etuvchi OAVlarda ham shu ahvol kuzatilmoqda. 

Jamiyat
30-mart, 12:12
Xalqni qachon rozi qilamiz?

Bugun ijtimoiy tarmoqlarga razm solsak, har bir xabar, post, videolar izohlarida yoki koʻcha-koʻyda kim bilandir suhbatlashsak aytgan gap-soʻzlarida norozilik ufurib turgan tuhmat, boʻhton, fisq-fasodga toʻla fikrlarga koʻzimiz tushadi.

Falon hokim ishdan boʻshatilibdi.

—Battar boʻlsin!
—Xalqni pulini yeb yotgandi,oʻzi.

Falon tumanga hokim tayinlanibdi.

—Ishlar pachava, endi buyam avval oʻzinikilarni "toʻydiradi", ortsa xalqqa.
—Yana koʻzboʻyamachilik koʻpayadi

Falon davlatda oʻzbekistonlik fuqaroning murdasi topilibdi.

—Nimaga boribdi u yerga?
—Boradida, Oʻzbekistonda rivojlanish boʻlmagandan keyin.

Hatto kulgili videolar yoki koʻcha-kuydagi shunday harakatlarga — "bachkana", taʼsirli video yoki maslahat berganga — "oʻzi amal qilarmikan", kambagʻalligini koʻrsatsa — "nima bor hammaga oʻzini bechora koʻrsatib, boyligini koʻrsatsa —koʻz koʻz qilish shartmidi", deydigan boʻldik. Shu darajadaki, bora-bora klishe (nutqiy qolip) ga aylanib bormoqda bunday soʻzlar. 

Biz qachon bu darajada negativlashdik? Norozilik qachon bu darajaga yetdi?  Nega har narsa bizni norozi qilyapti? 
Sabab nimada?

Mutaxassislarning fikricha, asosan ommaviy axborot vositalarining har qanday turi bunga asosiy sabab boʻlmoqda. Bu bir tarafdan toʻgʻri. Chunki baʼzi (deyarli hammasi) OAV vakillari oʻz tashkilotining reytingi yoki "prosmotr"larga intilishi ortidan quvib, odamlarning ruhiyati bilan oʻynashishdan ham qaytmayapti.

Aniqrogʻi avvallari "urib oʻldirdi", "joniga qasd qildi", "oʻgʻriladi"... kabi maʼnoni beruvchi axborotlar OAV larida eʼlon qilinmagan, aytilsa ham qogʻozga oʻrab aytilgan. 

Xoʻsh, hozirchi? Ijtimoiy tarmoqlar, televideniyada nafaqat bunday axborotlarning oʻzi, balki ularning videolari ham betga aytganning zahri yoʻq qabilida xalq bilan "baham koʻrilyapti".

Hozirgi kunda eng ommabop boʻlgan, ham informatsion, ham koʻngilochar koʻrsatuvlarni taqdim etuvchi xususiy telekanallarda ham shu ahvol. Yurtimizdagi shunday telekanalning viloyatdagi muxbiri sifatida ishlaydigan tanishim bilan suhbatlashganimda u: "Men tayyorlab beradigan lavhalardan, faqat pichoqbozlik, jinoyat, oʻgʻrilik kabi mavzudagilarinigina tanlab olishadi. Biror joydagi tadbir yoki maʼrifiy lavhalarim deyarli tasdiqdan oʻtmaydi. Shuning uchun "suddagilar" bilan yaxshi aloqa oʻrnatib olganman. Yaxshi jinoyatlar chiqsa, aytib turinglar deb", degandi. Shuning oʻzi fojia emasmi?

Qachondan mavjud jinoyatni yoritish qolib, uning tezroq paydo boʻlishini kutish  jurnalistning "vazifasi"ga aylanib qoldi?

Bundan 1 yil avval mutaxassislar  oʻrtasida bunday xabarlarning tinimsiz eʼlon qilinaverishi, aholida oʻrganish hissini shakllantirib, diydasi qotishiga sabab boʻlishi mumkinligi haqida fikrlar ilgari surilgan edi. Bugun isteʼmolchining oʻzi ham fikrlari orqali negativlik tarqatayotgani, bu fikrlar allaqachon oʻz tasdigʻini topib boʻlganidan dalolat bermaydimi? Hatto ijtimoiy tarmoqlardagi baʼzi norasmiy va rasmiy kanallar oʻz auditoriyasini aynan shunday "negativ axborotlar" bilan ushlab turishi ham isteʼmolchilarga nisbatan adolatsizlk.
Keyingi sabab, ishontirish. Yillar davomida hukumat idoralaridagi "kattakon"lar xalqni "qilamiz, bajaramiz" deb ishontirib kelishadi (bajaradiganlari ham yoʻq emas). Xalq esa tabiiyki bu gaplarga ishonadi, umidvor boʻladi. Bajarilmagandan keyin esa nima boʻladi? Qoʻyni puch yongʻoqqa toʻlaverganidan sekin-asta vaʼdalarga ishonmay qoʻyadi. Vakolatiga kiruvchi vazifalarini oʻz vaqtida bajarmay, ishga masʼuliyatsizlik bilan yondashgani uchun lavozimidan ozod etilayotgan hokimlar, ularning oʻrinbosarlari bunga yaqqol misol.

Balki endi vaʼdabozlik, balandparvoz gaplar kerak emasdir. Vaziyat toʻgʻri kelmaydimi, qila olmaydimi xoʻjakoʻrsinga aytilgan "qilamiz, bajaramizdan" nima foyda? Shundaylarga: Siz vaʼda berayotgan ishingizni (vakolatingizga kirsa ham) bajarishga oʻzingizda kuch yoki imkoniyat  bor deb oʻylamayapsizmi, u ishni bajara olishingiz haqida boshqalarga aytmaganingiz maʼqul, degingiz keladi.

Oddiy misol, bolaligimizda dadamiz ishga ketishidan avval, "Kelishimda nima olib kelay?" degan savoliga oʻzimizning ehtiyojimiz boʻlgan narsani aytganmiz. Keyin dadamiz ishdan tezroq kelishini va biz oʻsha narsaga tezroq yetishishni orziqib kutganmiz. Agar qandaydir sabab bilan soʻralgan narsa aytilgan vaqtda yetib kelmasa qanaqa hafsalamiz pir boʻlib ketardi. 

Nazarimizda, hukumat vakillari bajara olmayotgan vaʼdalarining sabablari haqida ochiqroq, OAV lar esa inson ruhiyatiga taʼsir qiluvchi mavzularda yopiqroq boʻlishlari kerak.

 Odinaxon Dehqonova

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+