AQSh Isroilga milliardlab dollarlik qurol yetkazib beradi
Ushbu paket minglab bombalar, 25 ta F-35 A samolyotlarini oʻz ichiga oladi.

AQSh Isroilga milliardlab dollarlik qiruvchi samolyotlar va bombalarni maʼqulladi.
Gʻazo janubidagi Rafah shahridagi operatsiya boʻyicha tomonlarning kelishmovchiligiga qaramay, AQSh Isroilga qiruvchi samolyotlar va bombalarni yetkazib beradi. Bu haqda Pentagon va Davlat departamentidagi manbalarga tayanib, Washington Post nashri xabar berdi. Qayd etilishicha, harbiy yordam paketiga ikki mingga yaqin MK-84 bombasi va 500 ta MK-82 bombasi, shuningdek, 25 ta F-35A qiruvchisi kiradi.
Nashrning yozishicha, yetkazib berish miqdori bir necha milliard dollarni tashkil qiladi.
Fevral oyida AQSh hamkor mamlakatlarga qurol joʻnatish boʻyicha talab bilan chiqqandi. Unga koʻra, yetkazib beriladigan qurollar xalqaro normalar asosida qoʻllanishi kerak.
15 mart kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Gʻazo sektori janubidagi Rafah shahrida harbiy amaliyot oʻtkazish rejasini tasdiqladi. Bunga javoban AQSh Davlat departamenti Isroil tomonini xalqaro izolyatsiyadan ogohlantirdi.
Isroil hukumatining Gʻazodagi harakatlari hatto AQShning tanqidiga sabab boʻlayotgani haqida yozgandik.
BMT Xavfsizlik kengashida Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha rezolyutsiyada ham AQSh betaraf qoldi. Natijada Netanyahu AQShga delegatsiya tashrifini bekor qildi.