Isroilning obroʻsi tushib ketmoqda

Oxirgi paytlarda AQSh rahbariyati Isroilning amaldagi hukumati boshligʻi Benyamin Netanyahudan unchalik ham rozi boʻlmayapti. Hatto Isroil hamjamiyatda battar yolgʻizlanib qolishi haqida farazlar yangramoqda. 

Jahon
28-mart, 12:00
Isroilning obroʻsi tushib ketmoqda

Shu hafta boshi BMT Xavfsizlik Kengashi faoliyatida misli koʻrilmagan holat yuz berdi: Kengash Gʻazoda zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi! Bu kabi rezolyutsiyalarga veto qoʻyib kelayotgan AQSh bu safar “anʼanani buzdi” - betaraf qoldi. Xavfsizlik kengashining qolgan 14 aʼzosi esa uni yoqlab ovoz bergan. Shu paytgacha AQSh vakili Isroilni oʻt ochishni toʻxtatishga chaqiruvchi barcha rezolyutsiyalarga veto qoʻyib kelayotgan edi.

Vashington ayni davrda urushga “pauza” qoʻyish HAMASni batamom magʻlub etishga xalaqit beradi, “terrorchilar otashkesimdan foydalanib, yana oʻzini tiklab oladi va yana Isroil xavfsizligiga tahdid qilishda davom etadi” degan nuqtai-nazarda sobit edi. Qolaversa, Vashingtonning iddao qilishicha, Isroil va HAMAS oʻrtasida sulh hamda garovga olinganlarni ozod qilish boʻyicha nozik muzokaralar davom etayotgan bir paytda oʻt ochishni toʻxtatish nomaqbul qaror boʻladi.

Mazkur rezolyutsiya, shuningdek, barcha garovga olinganlarni zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz ozod qilishni talab qiladi.

Taʼkidlash kerak, BMT Xavfsizlik kengashi oktabr oyida urush boshlanganidan beri bir necha muvaffaqiyatsiz urinishlardan soʻng birinchi marta oʻt ochishni toʻxtatishga chaqirmoqda.

AQSh rejalari oʻzgardimi?

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi spikeri Jon Kirbining maʼlum qilishicha, ushbu rezolyutsiyaga veto qoʻyilmagani, Amerika uni maʼqulladi, degani emas, bu Vashingtonning Isroil bilan bogʻliq siyosati oʻzgarganini anglatmaydi. AQSh shunchaki betaraf qoldi xolos. U oʻt ochishni toʻxtatishni qoʻllab-quvvatlagan, biroq rezolyutsiyani yoqlab ovoz bermagan,Chunki rezolyutsiya matnida HAMAS faoliyati qoralanmagan.

Biroq shu qadam ham Amerikaning “erkatoyi” boʻlmish Isroilni quturtirib yubordi: Isroil tomoni bundan noroziligini izhor qildi hamda shu hafta oxirida oʻz delegatsiyasining Vashingtonga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilishga qaror qildi! Qolaversa, Netanyahu ushbu rezolyutsiyaga amal qilmasligini ochiq-oydin maʼlum qildi. Uning ofisi maʼlum qilishicha, oʻt ochishni toʻxtatish - garovga olinganlarni ozod qilish jarayoniga xalaqit beradi. AQSh ham avval shu pozitsiyada turgan boʻlsada, endi oʻz rejalarini oʻzgartirgani Netayahuning gʻazabini keltirmoqda. Shuningdek, Isroil mudofaa vazirining aytishicha, Isroil Gʻazoda garovga olinganlar saqlanib qolayotgan paytda urushni toʻxtatmaydi.

Toʻgʻri, AQSh Milliy xavfsizlik kengashining koordinatori Jon Kirbi Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant va AQSh milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jek Sallivan oʻrtasidagi rejalashtirilgan uchrashuvlar albatta oʻtkazilishini aytgan.  Lekin AQShning oʻt ochishga chaqirilgan rezolyutsyaiga veto qoʻymagani Isroil bilan munosabatlarda kichik boʻlsada  jarlik paydo boʻlganidan darak bermoqda.

Isroil maydonda yolgʻizmi?

Har qanday iflos qilmishlari va qotilliklari AQSh va Gʻarb tomonidan oqlab kelinayotgan Isroil bunday “keskin” munosabatga birinchi bor duch kelmoqda. Lekin bunday noodatiy munosabat AQSh-Isroil munosabatlarining strategik rejalariga taʼsir qilmaydi. Bu shunchaki oʻzgarayotgan vaziyatga moslashuv tariqasida qoʻyilgan taktik qadam.

 Sionist mediamagnatlar taʼsirida ekani taxmin qilinuvchi The Economist haftalik nashrining 2024 yil 23 mart soni muqovasi. Suratga “Isroil yolgʻiz” deb izoh yozilgan.

Zero, AQSh Isroildan emas, uning amaldagi hukumat rahbaridan norozi. Oxirgi paytlarda AQSh rahbariyati Isroilning amaldagi hukumati boshligʻi Benyamin Netanyahudan unchalik ham rozi boʻlmayapti. Jumladan, AQSh prezidenti Jo Bayden ham “agar Netanyahu hozir olib borayotgan siyosatini oʻzgartirmasa, Isroil xalqaro hamjamiyatda battar yolgʻizlanib qolishi, unga qarshi jamoatchilik fikri kuchayib ketishiga sabab boʻlishi mumkin” degan edi.

Garchi AQSh Isroilga yaxlit bir siyosiy tizim,  “abadiy” ittifoqchi sifatida munosabatda boʻlib kelayotgan boʻlsada, Isroilning amaldagi hukumati oʻtgan yili 7 oktabrdan keyin yuzaga kelgan inqirozda umumiy oʻyin qoidalariga amal qilmasdan, AQSh nuqtai-nazarini mensimasdan, sarkashlik qila boshlagani Vashingtonga yoqmasligi tabiiy.

Ekspertlarning aytishicha, barcha diktatorlar kabi, Netanyahu ham ayni paytda kichkina boʻlsada bir “gʻalaba”ga muhtoj. Zero uning tashabbusi bilan boshlangan sud islohotlari – sudlarni hukumatga boʻysundirish va shu tarzda oʻz taxtini daxlsiz qilishga intilish – Isroil xalqining noroziliklari va namoyishlariga sabab boʻlayotgan edi. Shu bois Netanyahu uchun 7 oktabr voqealari ayni muddao boʻldi, deyish mumkin. Toʻgʻri, HAMASning hech bir qarshiliksiz Isroil hududlariga bosqin uyushtirib, yahudiy fuqarolarni garovga olganiga yoʻl qoʻygani uchun Isroil hukumati va razvedkasi hamda armiyasi qattiq tanqidlarga duchor boʻldi. Biroq kursisi “liqillab” qolgan Netanyahu uchun oʻz muvaffaqiyatsizliklarini yuvib keta oladigan imkoniyat tugʻildi.  Agar Netanyahu bu urushda HAMASni yakson qila olsa, uning barcha xatolari unut boʻlishi mumkin.

Biroq Netanyahu ushbu “tarixiy” imkoniyatdan ham eplab foydalana olmayapti. “Aksilterror urushi”ning 6 oydan beri tugamayotgani, garovdagilar hamon ozod etilmagani, isroillik askarlarning oʻlayotgani, harbiy-iqtisodiy resurslar samarasiz isrof qilinayotgani - yana Isroil xalqi ongidagi “Netanyahu - nobop rahbar” degan shubha-gumonlarni mustahkamlay boshladi.

Buning ustiga, qudratli yahudiy lobbisining mustahkam toʻrlariga oʻrab-chirmab tashlangan boʻlsada, Isroilning shu paytgacha amalga oshirib kelayotgan qonli hamda vahshiyona “shoʻxliklari”ga panja orasidan qarab kelayotgan boʻlsada, hatto AQShning ham sabr kosasi toʻla boshladi. Shu paytgacha Gʻazo sektoridagi 32 mingdan ziyod tinch fuqaro oʻldirilgani, Gʻazo sektori infrastrukturasini tuzatib boʻlmas darajada vayron qilgani bois, jahon hamjamiyati Isroilning asil basharasi - proyahudiy media yaratgan “bechora jabrdiyda” obraziga mutlaqo teskari ekanini sekin-asta anglab yeta boshladi. Nafaqat aksilgʻarb siyosiy qatlam va davlatlar, hatto Gʻarb hamda yahudiy millatiga mansub aholi vakillari ham Isroilning falastinliklarni genotsid qilayotganiga jim qarab tura olmayapti. Namoyishlar va OAVdagi chiqishlar ham shundan darak bermoqda. Ularga qarshi namoyishlar oʻtkazish uchun Isroil davlati hatto odamlarga pul berib, Isroilni qoʻllovchi namoyishlarni uyushtirishga ham majbur boʻlmoqda.

Toʻgʻri, AQSh Isroilga yordamini toʻxtatmaslikka vaʼda berib keladi va vaʼdasining ustidan chiqishi aniq. Biroq qoʻli qon ekanligi fosh boʻlgan nusxaga yordam berishda davom etaverish AQShning xalqaro maydondagi obroʻsiga, uning “xolis, tinlikpravar va demokratik vositachi” imidjiga jiddiy putur yetkazishi mumkin. Qolaversa AQSh Isroilni himoya qilish uchun oʻzi shakllantirgan “yumshoq kuch”ni juda koʻp sarflab yuborayotganidan mamnun emasligi aniq.

“Islomiy terrorizm” atamasini oʻylab topgan siyosatchi

Netanyahu va uning LIKUD partiyasi oʻta sinonist va oʻta islomofob mafkura sohiblari hisoblanadi.

Taʼkidlash kerak, Isroil davlatining paydo boʻlishi terrorlar bilan boshlangan va u hozirgacha terrorchilik siyosatini davom ettirib kelmoqda. Biroq dunyodagi yirik medialoyihalar sionist boylar tomonidan egallab olgani bois, terrorchilik atamasini osonlik bilan musulmonlarga toʻnkab qoʻyishning uddasidan chiqishdi.

Yaqin Sharqda ilk terrorchi guruhlar 1920-40 yillarida, oʻshanda Britaniya mandati ostida boʻlgan Falastin yerlarida tashkil etilgan qurolli yahudiylar - sionistik toʻdalar shaklida paydo boʻlgan. Ularning faoliyati Britaniya tomonidan taqiqlangan boʻlsada, sionistik qurolli toʻdalar  odamlar toʻplanuvchi joylarda portlashlar uyushtirar va boshqa turli provokatsiyalarni tashkil etishardi. Britaniya maʼmuriyati yahudiylarning Falastinga koʻchib kelishlari uchun kvotalar hamda cheklovlar belgilagani sinonist terrorchilarga yoqmagani bois ular hatto Britaniya askarlariga ham hujum qila boshlagan.

“Irgun” yahudiy terrorchi guruhi portlatgan avtobus. 1947 yil 29 dekabr. Yetti nafar arab yoʻlovchi halok boʻlgan.

Biroq terror atamasini musulmonlar, xususan falastinliklar bilan bogʻlab dunyoga taqdim etgan va “musulmon - potensial terrorchi” degan tushunchani Gʻarb afkor ommasiga “yedira” olgan nusxa – Benyamin Netanhu boʻladi. Qayd etish joiz, Isroilning avvalgi bosh vazirlari mana shunday terrorchi sionistik guruhlarning aʼzosi boʻlishgan. Benyamin Netanyahu esa 1949 yilda tugʻilgani bois,  ularning safida turmaganiga qaramasdan, ularning maslaklari va mafkurasini meros qilib olgan, ilik-iligigacha sionist rahbar hisoblanadi.

Netanyahu oʻtgan asrning 70-yillaridan boshlab, Isroil armiyasining falastinliklarga qarshi qonli harbiy opreatsiyalarida ishtirok etgan, keyinchalik ularga bosh-qosh boʻlgan shaxs. Uning shu davrlarda yozgan deyarli har bir kitobining nomi “Terror” soʻzi bilan boshlanadi. Netanyahu, Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant taʼbiri bilan aytganda, “falastinliklar odam emas, yovvoyi hayvon” degan aqida asosida harakat qiladi.

  Yahudiy terrorchilar bomba joylab portlatgan Quddusdagi mehmonxona.

Bulardan xulosa qilish mumkinki, Netanyahu hukumat tepasida qolar ekan, noinsoniy hamda xunrezlik siyosatini davom ettiradi, demakki, AQShning manfaatlariga zid qadamlar qoʻyishda davom etadi. Shu bois taxmin qilish mumkinki, AQSh tomoni Netanyahuning hokimiyatdan ketishidan manfaatdor va bunga sharoit yaratish uchun amaliy chora-tadbirlar rejasini shakllantirishi va amalga oshirish ham mumkin.

Biroq Netanyahu uchun hokimiyatdan ketish – qamida koʻp yillik qamoq jazosi va siyosatdagi butun obroʻsidan mahrum boʻlish bilan barobar. Gʻazoga qarshi urushda gʻolib boʻlmaslik ham ayni natijalarga olib keladi. Shu bois Netanhu oʻz lavozimida qolish uchun 32 ming emas, yana 100 ming falastinlikni oʻldirib yuborishga ham tayyor. U “HAMASni yengdim”, degan birgina gapni ayta olish uchun hamma qadriyat va munosabatlarni qurbon qilishga tayyor turibdi.

Qogʻozda qolib ketuvchi navbatdagi rezolyutsiya

Rezolyutsiya qabul qilingani albatta ijobiy oʻzgarish. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham oʻt ochishni toʻxtatish va “barcha garovga olinganlarni zudlik bilan va soʻzsiz ozod qilish”ni taʼminlash uchun rezolyutsiyani “ijro etish” kerakligini aytdi. Afsuski, bu masalada eng nozik va muhim soʻz shu – “ijro etish”!

Tarixga qaraydigan boʻlsak, Isroil BMTning Falastin masalasi boʻyicha birorta rezolyutsiyasini bajarmagan AQSh va Yevropa davlatlari kabi himoyachilar bor ekan, Isroil bundan keyin ham oʻz bilganiga ish tutishi, vahshiyona “erkalik”larini davom ettirishi ehtimolga yaqinroq. Isroil armiyasi falastinliklarni vahshiyona qirib tashlayotgani, suv, gaz va yoqilgʻidan mosuvo qilayotgani yetmagandek, ularga joʻnatilayotgan dori-darmon va oziq-ovqatdan iborat gumanitar yuklarni ham chegarasidan oʻtkazmayapti. Qolaversa, rezolyutsiya matnida “Ramazon oyida oʻt ochishni toʻxtatish” jumlasi bor. Ramazonning esa yarmi oʻtib boʻldi. Demakki oʻt ochishni toʻxtatish ehtimoli kun sayin pasayib bormoqda.

Biroq “tomchi toshni kemiradi” degan naql bor. JAR advokatlari Xalqaro sudda Isroilga qarshi daʼvo ishi ochtirishganida uning befoyda ekanligi aytilgan va natija ham shunga yarasha boʻlgan edi. Odamlarning koʻchalarga aksilisroil namoyishlarga chiqishlari ham shunday samarasiz va befoyda urinish, deya baholangandi. Biroq bu saʼy-harakatlar oʻz samarasini berayotgan koʻrinadi: borgan sari koʻproq davlatlar Isroilni “tartibga chaqirish”ni, uning xunrezliklariga chek qoʻyishni talab qilmoqda. Afsuski ular, jumladan Yevropa davlatlari ham AQShning veto huquqi oldida ojiz edi. Shu bois bu galgi rezolyutsiyaga veto qoʻymaganini - AQShning bu mojaro ijobiy hal boʻlishiga hissa qoʻshish uchun amaliy qadam qoʻyishi deya baholasak ham boʻladi.

Ayni sharoitda Rossiya-Eron-Xitoy “oʻqi”ning kuchayib borayotgani, ular esa oʻq otishni toʻxtatish va Falastin davlati tuzilishini yoqlab bayonotlar berayotgani kelajakka umid uygʻotishi tabiiy. Zero, butun dunyo norozi nigoh bilan qarab turganida podani bulgʻayotgan bitta tirraqi buzoqni himoya qilaverish nafaqat AQSh obroʻsiga putur yetkazadi, balki amerika xalqi noroziliklarini kuchaytirib, Jo Baydenning saylanmay qolish ehtimolini ham oshiradi. Saylovga esa oz qoldi...

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+