platina.uz

Soʻnggi bir yildagi jinoiy ishlar taqdiri nima boʻldi?

Platina.uz prokuratura organlari tomonidan qoʻzgʻatilgan va oʻlim bilan yakunlangan jinoiy ishlar taqdiri nima boʻlganiga qiziqdi.

Jamiyat
26-mart, 19:15
Soʻnggi bir yildagi jinoiy ishlar taqdiri nima boʻldi?

Prokuratura organlari jinoiy ish qoʻzgʻatgan soʻnggi bir yildagi jinoiy ishlar tergov tugab, sudga oshirilgach, odatda xabar berilmaydi, koʻp hollarda yopiq koʻrilgani uchun esdan ham chiqib ketadi.

Platina.uz oxiri oʻlim bilan tugagan ayrim jinoyatlarning keyingi taqdiri bilan qiziqdi va bu borada Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov bilan bogʻlandi.

Kosonsoydagi portlash

2023 yil fevralda Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi xonadonlarning birida gaz portlagan, 5 kishi turli tan jarohati olgan, 1 nafari shifoxonada vafot etgan.

Dastlabki tergov harakatlari mobaynida jinoyat ishi JKning 258-moddasi 2-qismi “a,b” bandlaridan JKning 116-moddasi 3-qismiga qayta malakalanib, “Kosonsoy tumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari K.Dadaxanov va A.Oripov gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.

Jinoyat ishi hujjatlariga koʻra, “Kosonsoy tumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi gaz qurilmalarini nazorat qilish chilangari K.Dadaxanov hamda “Kosonsoy tumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi gaz tarmoqlari va gaz taqsimlash punktlarining holati va ishlashini nazorat qilish xizmati ustasi A.Oripov oʻz kasbiga beparvolik qilib, kasb vazifalarini lozim darajada bajarmay, 2015 yilda qurilish-montaj ishlari bitkazilgan yerosti quvurini shu kungacha biror marotaba texnik koʻrikdan oʻtkazmagan. Oqibatda “Buloq” koʻchasidan yerosti gaz quvuri oʻtgani, ushbu yerosti gaz quvuri teshilib, gaz sizib chiqayotgani holati oʻz vaqtida aniqlanmay qolib, teshilgan gaz quvuridan gaz sizib chiqib, yerosti yoʻllari orqali bir fuqaro uyidagi yertoʻlaga kirib, toʻplangan gaz va havo aralashmasidan portlash sodir boʻlgan.

JIB Kosonsoy tumani sudining 2023 yil 27 oktabrdagi hukmi bilan K.Dadaxanov va A.Oripov JKning 116-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilib, 2 yil “Hududgaz Namangan” gaz taʼminoti filialida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

NAM MOTORS’dagi portlash

2023 yil 15 fevral kuni Namangan tumanida joylashgan choʻyan quyish sexidagi parogenerator(avtoklav)da par bosimi ortib ketishi tufayli portlash sodir boʻlgan. Oqibatda 1 nafar ishchi tan jarohati olgan, 2 nafari hodisa joyida vafot etgan.

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Namangan hududiy boʻlinmasining 2023 yil 18 martdagi xulosasida, NAM MOTORS MChJda mehnat muhofazasi boʻyicha masʼul P.Keldiyev tomonidan ishga qabul qilishda mehnat muxofazasi boʻyicha oʻqitish va bilimlarini sinovdan oʻtkazib, kirish yoʻriqnomasidan oʻtkazish yoʻlga qoʻyilmagan.

Natijada “Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqitishni tashkil qilish va bilimlarni tekshirish toʻgʻrisida”gi namunaviy qoidalarning 8-bandi talablari buzilgan, jamiyat rahbariyati tomonidan xavfli ishlab chiqarish obʼektida sanoat xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat tashkil etilmagan, MChJ tomonidan avtoklavni oʻrnatish uchun texnik jihatdan qayta jihozlash, loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqish ishlari amalga oshirilmagan va sanoat xavfsizligi ekspertizasidan oʻtkazilmagan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Namangan tumani sudining 2023 yil 11 sentabrdagi hukmiga koʻra, P.Keldiyev JKning 257-moddasi 2-qismi “a,b” bandlarida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 2 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilinib, 3 yil ozodlikni cheklash jazosi hamda I.Tillabayev (NOSTANDART MChJ boʻlim boshligʻi) JKning 28,257-moddasi 2-qismi “a,b” bandlarida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 2 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilinib, 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

11 yoshli qizcha

2023 yil 20 iyul kuni Fargʻona shahrida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino yonidan 11 yoshli qizchaning murdasi zoʻrlash va qotillik alomatlari bilan topilgan edi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam oʻldirish), 118 (Nomusga tegish) va 119 (Jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudining 2024 yil 15 yanvardagi hukmiga koʻra, M.Soliyev JKning 25,97-moddasi 2-qismi “v,z,o” bandlari, 118-moddasi 4-qismi va 119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 14 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Voyaga yetmagan D.Abdusalomov JKning 97-moddasi 2-qismi “v,z,o” bandlari, 118-moddasi 4-qismi va 119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 13 yil ozodlikdan mahrum qilingan.

Yana bir voyaga yetmagan B.Xakimov esa JKning 241-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, JKning 62-moddasi tartibida oʻtash uchun 1 yil 7 oy 12 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan.

13 yoshli bola

2023 yil 14 may kuni 2010 yilda tugʻilgan bola A.A.A. Namangan shahridagi istirohat bogʻidagi attraksionda aylangan vaqtida boshidan tan jarohati olib vafot etgan.

2023 yil 30 iyul kuni atraksion egasi fuqaro X.T.X.ga nisbatan JKning 257-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilingan. 2023 yil 29 sentabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Namangan shahar sudining ochiq sud majlisida unga JKning 257-moddasi 2-qismi bilan 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Andijonda yongan hind

2023 yil 16 may kuni Andijonda Hindiston fuqarosining yongan jasadi topilgan edi. Turli gap-soʻzlarga koʻra, marhum erkak sevgilisining rad javobidan keyin oʻzini yoqib yuborgan.

Oʻtkazilgan tezkor-surishtiruv harakatlari natijasida nomaʼlum erkak jinsiga mansub jasad 1986 yilda Xindistonda tugʻilgan, millati xind, 1 nafar farzandi bor, Kerala provinsiyasi, Kannur shahrida yashagan fuqaro Aluvalappil Rahim ekani aniqlangan.

Tergov harakatlari davomida A.Rahim “Z.M.Bobur” nomli istirohat bogʻida sayr qilib yurganini koʻrsatuvchi videotasvirlar borligi aniqlangan. Oʻtkazilgan sud-psixioligik ekspertizaning xulosasiga asosan, A.Rahim psixologik xususiyatlariga koʻra unga nisbatan tashqi tazyiqlar boʻlmagani, uning oʻz joniga qasd qilishidan oldin ruhiyatida oʻzgarishlar boʻlmagani, biroq A.Rahimning oʻz joniga qasd yoki suiqasd qilishga moyilligi boʻlgani aniqlangan, ammo bunga isbot yetarli boʻlmagan.

Shu sababli jinoyat ishi qoʻzgʻatish uchun asoslar mavjud boʻlgan yoki boʻlmaganidan qatʼi nazar, dastlabki tergovda shaxsning aybsizligi aniqlansa yoki uni ayblash uchun asoslar yetarli boʻlmasa, ish tugatilishi kerak va 2023 yil 16 avgustda jinoyat ishi JPKning 83-modda 1-bandiga asosan harakatdan tugatilgan.

Boʻkadagi tezkor xodimlar

2023 yil iyunda Boʻka tumanida tergovga jalb qilingan gumonlanuvchi shaxsning vafoti bilan bogʻliq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Voqeaga aloqador boʻlgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan.

JIB Oʻrtachirchiq tumani sudining 2023 yil 1 dekabrdagi hukmi bilan 3 nafar sudlanuvchiga tegishli jazolar tayinlangan. Hozirda jinoyat ishi JIB Toshkent viloyati sudining appelyatsiya instansiyasida qayta koʻrilmoqda.

Qoʻqondagi yongʻin

2023 yyil iyunda Qoʻqondagi savdo komplekslarida sodir boʻlgan yongʻin boʻyicha Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandi.

Jinoyat ishida 1206 nafar shaxs jabrlanuvchi va fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etilganlarning savdo doʻkonlari va rastalariga 27,8 mlrd. soʻm miqdorida, tadbirkorlarning moddiy tovar boyliklariga 109,6 mlrd. soʻm miqdorida moddiy zarar yetgani aniqlangan.

Bundan tashqari, yongʻin oqibatida talafot yetgan xonadonlarning 12 nafar egalariga jami 12,9 mlrd. soʻm miqdorida moddiy zarar yetgani aniqlanib, ular jabrlanuvchi va fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etilgan.

2023 yil 2 sentabrda jinoyat ishi Fargʻona viloyati prokurori tomonidan 5 oyga uzaytirilgan. 2023 yil 18 dekabrda jinoyat ishi yuzasidan “Rizq baraka savdo kompleksi” MChJ rahbari A.Xoshimovga JKning 207-moddasi 2-qismi va 259-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan ayb eʼlon qilingan.

Jinoyat ishi 2024 yil 2 yanvarda ayblov xulosasi bilan Fargʻona viloyat sudi orqali jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudiga yuborilgan.

Xulosa

Demak, koʻrib turganimizdek, deyarli barcha ishda aybdorlar qonuniy jazosini olgan. Faqat Boʻkadagi holat sal mavhumligicha qolmoqda. IIB tezkor xodimlarining ishi apellyatsiya tartibida qaytadan koʻrilmoqda.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+