Prezident Yangi Namangan boʻyicha taqdimot bilan tanishdi
Bu shahar 200 ming aholiga moʻljallangan. Hozirda qariyb 3 ming xonadonli uylar qurildi.
Prezident tashabbusi bilan 2017 yilda Toʻraqoʻrgʻon tumanida Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi, bogʻ va muzey barpo etilgan edi. Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda jadid bobomiz nomida chet tillari oliygohi tashkil qilish maqsadini aytgandi. Bu hayotga koʻchib, 2022 yilda Toʻraqoʻrgʻon tumanida shunday institut tashkil topdi.
Institutda jahon tillari fakulteti, 6 ta kafedra va 16 ta taʼlim yoʻnalishi bor. Hozirda ikki bosqichda 1 ming 523 nafar talaba saboq olmoqda. Kelgusi yillarda ularning soni yana ortadi.
Shuning uchun Yangi Namangan hududida 5 gektar joyda oliygoh uchun yangi kampus qurilmoqda.
Prezident ushbu bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi.
Hozirda ming oʻrinli oʻquv binosi, sport zali, oshxona qad rostlagan. Ularni shu yil avgustda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda talabalar yotoqxonasi va yana bir oʻquv binosi barpo qilinishi koʻzda tutilgan.
Prezidentimiz shu yerda Yangi Namangan shahri bosqichlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Uning qurilishi ikki yil oldin boshlangan edi. Bugungi kunda 2 ming 764 ta xonadonli koʻp qavatli uy-joylar barpo etilgan, yana 648 ta xonadonli uylar qurilmoqda.
Bu shahar 200 ming aholiga moʻljallangan. Unda bogʻcha, maktab va boshqa ijtimoiy muassasalar, ish oʻrinlari uchun sanoat zonasi boʻladi. “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” ham shu yerda barpo etiladi.
Davlatimiz rahbari bu qulaylik, xavfsizlik, sifatli ekspluatatsiyani mujassam etgan aqlli shahar boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Shu bois loyihani yana bir bor sinchiklab koʻrib chiqish, sifat nazoratini kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.