Prezident vodiy viloyatlari rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi

Unda Sayxunobod tajribasi asosida ishlash, tomorqa va xonadonlardagi  daromadlarni oshirish muhokama qilindi.

Iqtisod
26-mart, 9:10
Prezident vodiy viloyatlari rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kunnning ikkinchi yarmida Namangan shahrida Namangan, Andijon va Fargʻona viloyatlari hokimlari hamda iqtisodiy kompleks mutasaddilari ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi.

Unda Sayxunobod tajribasi asosida mahallabay ishlash, tomorqa va xonadonlardagi imkoniyatlardan foydalanib, aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Vodiy viloyatlarida aholi zich yashaydi. Har qarich yer qadrli. Mirishkorlar yerdan foydalanishning hadisini olgan. Hunarmandchilik, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan. Shu bilan birga, mahallalarda ishsizlar, ehtiyojmandlar ham bor.

Davlatimiz rahbari bunday insonlarga alohida eʼtibor qaratish, tashkiliy-moliyaviy koʻmak berib, bandligini taʼminlash zarurligini aytdi. Buning uchun barcha masʼullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlaydigan tizimni yoʻlga qoʻyishi kerak.

Shu bois mahallalarga hokimlik va barcha iqtisodiy idora xodimlari biriktirilmoqda. Ular xonadonlarda boʻlib, imkoniyatlarini tahlil qiladi.

Masalan, tomorqasi boʻlsa, undan samarali foydalanish, daromadini 60-70 million soʻmga olib chiqish boʻyicha namuna yaratadi. Hunarmandlikka uquvi borlarga xomashyo, uskuna va aylanma mablagʻdan yordamlashiladi. Tadbirkorlik istagi boʻlsa, biznes loyihalar qilib beriladi.

Bunda, ayniqsa, tijorat banklari faol boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Yaʼni, ular, avvalo, oʻz mijozlari boʻlgan korxonalar negizida qoʻshimcha ish oʻrinlari ochilishini qoʻllab-quvvatlashi lozim.

Qolaversa, banklarga davlat tomonidan katta resurslar ajratilmoqda. Ular joylarda aholi tashabbuslariga yoʻnaltirilib, bandlikka xizmat qilishi zarur.

Bu mablagʻlar yangi ish oʻrinlari, qoʻshimcha mahsulotlar, aholining xarid qobiliyati orqali oxir oqibat iqtisodiyotga tushum boʻlib qaytadi.

Xonadonlarda kichik qayta ishlashlarni tashkil etish, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga oʻrgatish, kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirish vazifasi qoʻyildi.

Tomorqalarda va dehqonchilik uchun ajratilgan yerlarda sarxil meva-sabzavotlar yetishtirib, eksport qilish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik orqali roʻzgʻorlarga baraka kiritish mumkinligi taʼkidlandi.

Avval Prezident Namangandagi dvigatel zavodiga borgan,  shuningdek iftorlik dasturxonida ishtirok etgandi

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+