Prezident Namanganda mavjud imkoniyatni ishga solmayotgan rahbarlarni tanqid qildi

Viloyat eksportini 86 foizi toʻqimachilik va meva-sabzavotchilikka toʻgʻri keladi. Mingbuloq va Kosonsoyda bir gektardan olinadigan daromad keskin kam,  minglab gektar yer boʻsh yotibdi. 

Iqtisod
26-mart, 12:43
Prezident Namanganda mavjud imkoniyatni ishga solmayotgan rahbarlarni tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatining imkoniyatlarini ishga solish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda

Namanganda oʻtgan 7 yilda viloyat iqtisodiyoti 2 barobar, eksport 3 karra oʻsib, jon boshiga daromad 15,5 million soʻmga yetdi. 65 trillion soʻm investitsiya hisobiga 600 ming ish oʻrni yaratildi.

Shu bilan birga, Namanganda mavjud salohiyat toʻliq ishga solinmayotgani uchun masʼul komplekslar va viloyatdagi rahbarlar tanqid qilindi.

Viloyat eksportini 86 foizi toʻqimachilik va meva-sabzavotchilik hissasiga toʻgʻri keladi. Mingbuloq va Kosonsoyda bir gektardan olinadigan daromad viloyat koʻrsatkichidan 2 barobar kam. Aholiga berilgan 16 ming gektardan 3,5 ming gektari boʻsh yotibdi. Pop, Chortoq, Norin va Yangiqoʻrgʻonda sanoatlashish darajasi past.

Masʼullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlashi zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Sayxunobod misolida Uychi tumanidagi 56 ta mahallada ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish, tomorqadan 60-70 million soʻm daromad olish boʻyicha namuna yaratish topshirildi.

Prezident viloyatdagi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha vazifalarni belgilab berdi.

Sayxunobod tajribasi asosida mahallalarda jami 4 mingta xonadonni tanlab olib, ularning daromadini oshirish choralari koʻriladi. Keyingi bosqichda yana 4 mingtasiga moliyaviy, texnik, maslahat va boshqa koʻrinishdagi amaliy yordam beriladi. 

Shu tartibda, 35 ming xonadonga gulchilik, issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, uzumchilik, qulupnay, kartoshka yetishtirishga koʻmaklashiladi. Bunga yetarli miqdorda kredit ajratish rejalashtirilgan.

Yurtimizda qazib olinayotgan oltinni atigi 6 foizi qayta ishlanib, bor-yoʻgʻi 78 million dollarlik eksport boʻlayotgani qayd etildi.

Prezident kecha tanishgan zargarlik korxonasini misol qilib, zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun juda katta salohiyat borligini taʼkidladi. 

Shu bois, tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinadi. Sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimi butunlay qayta koʻrib chiqiladi.

Mutasaddilarga Turkiya tajribasi asosida Namanganda oltinni qayta ishlash va sotish boʻyicha yirik markazni ishga tushirish topshirildi. Yurtimizda qazib olinayotgan oltinni atigi 6 foizi qayta ishlanib, bor-yoʻgʻi 78 million dollarlik eksport boʻlayotgani qayd etildi.

Angren shahridan Toʻraqoʻrgʻon tumanigacha 100 kilometrlik yoʻlda avtomobillar oqimi kuniga 10 mingdan oshadi. Bu yoʻlni ikki tomoni yil davomida jozibali.

Lekin bu yerda odamlarni 2-3 soat ushlab qoladigan loyihalar kamligi qayd etildi. Yoʻl boʻyi servisi Pop, Chust, Toʻraqoʻrgʻon tumanlari uchun drayver boʻlishi, tadbirkorlar 2,5 trillion soʻm investitsiya kiritib, 10 ming aholini doimiy band qilishga tayyorligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga viloyat hokimligi huzurida alohida direksiya tashkil qilib, master-reja ishlab chiqish va yoʻl boʻyidagi yerlarni auksionga chiqarish topshirildi.

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+