Namanganda ichimlik va oqova suvini yaxshilash uchun 70 million dollar ajratiladi

Viloyatda meva-sabzavotchilik rivojlangan, lekin eksport koʻrsatkichlari past. Yil yakunigacha meva-sabzavotni qayta ishlash yoʻnalishida 62 ta loyiha ishga tushiriladi. 

Jamiyat
26-mart, 14:10
Namanganda ichimlik va oqova suvini yaxshilash uchun 70 million dollar ajratiladi

Ayni paytda Namanganda prezident yigʻilishi davom etmoqda. Viloyat Norin va Sirdaryodan suv oladi, 2 ta magistral kanal va 9 ta suv ombori mavjud. Lekin, Namanganning gidroenergetikadagi salohiyati ishga solinmagan edi. 
 
Kecha Norin daryosida GESlar kaskadi qurilishiga start berildi. Bu yerda 228 megavattli 6 ta stansiya yiliga 1 milliard kilovatt elektr chiqaradi. Kelgusi yilda Katta Andijon kanalida 51 megavattli “Qoʻgʻay-1,2”, “Beshqoʻrgʻon-1,2” kichik GESlar kaskadi ham ishga tushadi.
 
Shu yili Popda 1 ming megavattli 2 ta quyosh elektr stansiyasi barpo qilinadi. Bu ham 2,2 milliard kilovatt elektr, degani.
 
Natijada viloyat oʻz ehtiyojini toʻliq qoplab, yiliga 2,5 milliard kilovatt elektr eksport qiladi.

Prezident qishloq xoʻjaligi tarmoqlariga alohida toʻxtaldi.

Namanganda suv manbalari serob boʻlgani bilan, suv tejovchi texnologiyalarni birinchi navbatda shu hududda joriy qilish shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yilda 60 ming gektarda suv tejovchi texnologiyani joriy qilish va 40 ming gektarni lazerli tekislash yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatma berildi.

Shuningdek, viloyatdagi kanallarni betonlash, “Chorkesar”, “Zarkent” va “Isparon” suv omborlarini qurish, “Chust” va “M-2” kanalini taʼmirlash masalalari koʻrib chiqildi.

Namangan qulay iqlim sharoitiga ega, bu yerda azaldan meva-sabzavotchilik rivojlangan.

Lekin, meva-sabzavot eksporti mavjud imkoniyatga mos emas. Agar ish toʻgʻri tashkil qilinsa, eksportni 3-5 barobar oshirish mumkinligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan meva-sabzavot eksportini koʻpaytirib, eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Dehqonlarga berilgan 18 ming gektarga karantin inspektorlari bogʻlanib, eksportbop mahsulotlar yetishtirish tashkil etiladi, 54 ming gektarning agrokimyoviy xaritasi ishlab chiqilib, 18 ming gektari “GSP+” talablariga moslashtiriladi.

Viloyatda meva-sabzavotning atigi 8 foizi, goʻshtning 28 foizi va sutning 9,5 foizi qayta ishlanadi.

Kosonsoy va Chortoq meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan boʻlsa-da, birorta qayta ishlash korxonasi mavjud emas. Mingbuloq, Norin, Chortoq va Popda meva-sabzavot va sut, Namangan va Chortoqda goʻshtni qayta ishlash quvvati yetishmaydi.

Yil yakunigacha meva-sabzavotni qayta ishlash yoʻnalishida 62 ta loyihani ishga tushirish, Kosonsoy va Popda yirik chorvachilik klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, Popda asal ishlab chiqarish boʻyicha yirik korxonani tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

Shahar va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinar ekan, aholi zichligi katta boʻlgan Namangan viloyatida uy-joy qurish ishlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Ikki yil oldin 1 ming 203 gektarda 200 ming aholi uchun “Yangi Namangan” shahri qurilishi boshlangan. Joriy bosqichda 20 ming xonadonli turar-joy, IT-park, mehmonxona, biznes markazi, shuningdek 68 gektarda “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” qurilishi boshlanadi.

Shuningdek, Chust va Pop tumanida 10 ming aholi uchun “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurilishiga start beriladi.

Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida Zarkent, Xojikent, Iskovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrida suv taʼminotini yaxshilash loyihasini jadallashtirishga koʻrsatma berildi.

Shuningdek, Chust, Pop, Namangan va Mingbuloqda ichimlik va oqova suvini yaxshilashga 70 million dollar jalb qilinadi.

Yoʻllarni qurish, taʼmirlash va saqlashga xususiy sektorni yanada keng jalb qilish, bu borada aniq loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+