Prezident zargarlik korxonasiga bordi

 Yangi Namangan tumanidagi “Gavhar grup” korxonasi yiliga 1 ming 200 kilogramm zargarlik buyumlarini sanoat usulida ishlab chiqarish quvvatiga ega.  

Iqtisod
25-mart, 13:10
Prezident zargarlik korxonasiga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 mart kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.  Davlat rahbari dastlab Yangi Namangan tumanidagi “Gavhar grup” korxonasini borib koʻrdi. U yiliga 1 ming 200 kilogramm zargarlik buyumlarini sanoat usulida ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Yetarli sharoit boʻlmagani, xomashyo sotib olishdagi qiyinchiliklar sababli koʻp zargarlar faoliyatini toʻxtatgan edi. 

Prezidentning 2019 yil 18 maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni soha vakillariga keng imkoniyatlar ochdi. Xususan, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga kon-metallurgiya kombinatlari va aholidan qimmatbaho metall parchalari, qimmatbaho toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni sotib olish huquqi berildi. Xorijdan texnologiya va mutaxassislar olib kelish qoʻllab-quvvatlandi.

Bunday eʼtibor va imkoniyatlar zargar tadbirkorlarga ishonch berdi. “Gavhar grup” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham shu tariqa vujudga keldi. Turkiya, Italiya, AQSh va Germaniyadan zamonaviy uskunalar keltirilib, 2022 yilda ishga tushirildi.

Bugungi kunda korxonada 10 ming xil dizayndagi zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish oʻzlashtirilgan. Chet ellar bilan hamkorlikda qoʻl soatlarining tilla korpusini tayyorlash yoʻlga quyilgan. 2023 yilda 270 kilogramm mahsulot ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, bu yerda 3D modellashtirish orqali buyurtma asosida istalgan koʻrinishdagi buyumlarni ishlab chiqarish mumkin.

Oltinni Tovar-xomashyo birjasidan kechiktirib toʻlash sharti asosida sotib olish imkoniyati aylanma mablagʻ va ishlab chiqarish uzviyligida muhim omil boʻlmoqda.

Yana bir muhim tomoni, korxonada mahalliy zargarlar bilan kooperatsiya yoʻlga qoʻyilgan. Natijada yashirin ishlaganlar “soya”dan chiqdi, ish oʻrinlari koʻpaydi. Korxonada 100 dan ortiq kishining bandligi taʼminlangan. Shu yerning oʻzida yoshlarga hunar ham oʻrgatiladi.

Davlat rahbari korxonada ishlayotgan zargarlar bilan suhbatlashdi.

- Mamlakatimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olayapmiz. Uni zargar tadbirkorlarga boʻlib toʻlash sharti bilan sotishga ruxsat berilgan. Ochigʻi, bunday imkoniyatlar hech qaysi davlatda yoʻq. Lekin, yurtimizda oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanayapti. Oltin qazib olinmaydigan mamlakatlar bizdan koʻp eksport qilayapti. Bu sohada biroz kechikdik. Shuning uchun ishlab chiqarishga qoʻshimcha sharoitlar yaratayapmiz. Bu hali boshlanishi. Sohani hali yana rivojlantiramiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda turkiyalik ishbilarmonlar bilan tajriba almashish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari boʻyicha muloqot boʻldi.

Davlatimiz rahbari shu yerda “Mexmash” masʼuliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarini ham koʻzdan kechirdi.

Bu korxona yiliga 20 ming tonna burama mix va 18 ming tonna rulonli qogʻoz ishlab chiqarish, 6 million dollarlik eksport quvvatiga ega. 700 kishi ish bilan taʼminlangan. 

Bozor talabidan kelib chiqib, avtomobil sanoatida qoʻllanadigan mahkamlash mahsulotlari hajmini va eksportini oshirish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish rejalari yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+