Mirziyoyev Namangandagi dvigatel korxonasi bilan tanishdi

Prezidentga 2 milliard 300 million dollarlik loyihalar bilan taqdimot qilindi, investorlar bilan suhbat oʻtkazildi. 

Iqtisod
25-mart, 17:41
Mirziyoyev Namangandagi dvigatel korxonasi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan tumanidagi “Nam Motor Servis” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Toʻrt gektardan ortiq hududda joylashgan ushbu investitsion loyihaning dastlabki bosqichi 2021 yilda ishga tushirilgan. Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirib oʻrnatildi. Natijada yiliga oʻn ming dona elektr dvigatel, ikki ming dona suv nasosi ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Yuz kishi ish bilan taʼminlandi.

Korxona mahsulotlari energiya tejamkorlik klassining “IE2” darajasida boʻlib, xalqaro standartlarga javob beradi. Ular mamlakatimizdagi kon-metallurgiya kombinatlari, suv xoʻjaligi hamda Markaziy Osiyo davlatlariga yetkazib berilmoqda. 

Yana bir muhim jihati, elektr dvigatellar ishlab chiqarish 60, suv nasoslari 100 foiz mahalliylashtirilgan. 

Prezidentimizga korxonaning istiqboldagi rejalari, navbatdagi bosqichlar haqida maʼlumot berildi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi may oyida, yakuniy bosqich esa yil oxirigacha ishga tushadi. Natijada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi ortib, hamkorlik geografiyasi kengayadi. Yana 160 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Xususan, bu yerda 2,2 ming tonna emallangan sim, 6 ming dona elektr dvigatel, 4 ming dona katta hajmdagi suv nasosi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Bu qoʻshimcha 500 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari, degani.

Boshqa tarmoqlar va korxonalar bilan kooperatsiyani kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Namangan viloyatida umumiy qiymati 4 milliard dollarlik 47 loyiha shakllantirilgan. Shundan 2 milliard 300 million dollarlik 17 tasi davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi.

Ularga Rossiya, Xitoy, Turkiya, BAA, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Italiya, Niderlandiya, Eron, Pokiston kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Loyihalar qurilish materiallari, elektr texnikasi, kimyo, toʻqimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, tibbiyot, konchilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.

Masalan, Xitoy bilan hamkorlikda Chust tumanida mis qazib olish va qayta ishlash, pokistonlik investor tomonidan Toʻraqoʻrgʻon tumanida sintetik mato ishlab chiqarish va boʻyash, Avstriya kompaniyasi bilan viloyat travmatologiya markazini jihozlash rejalashtirilgan.

Mazkur 47 ta loyiha natijasida 40 mingdan ortiq aholi ish bilan taʼminlanadi. 

Davlat rahbari investor va tashabbuskorlar bilan birma-bir suhbatlashdi. Loyihalarning iqtisodiy samaradorligi muhokama qilinib, ularni jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+